O‘zPFL ushbu 5 uchrashuvni tomosha qilishni tavsiya qiladi

  • 02.11.2025 13:48
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

"O‘zbekiston Superligasi yakunӣy pallada. Noyabr oyida muxlislarni bir qator qiziqarli va hal qiluvchi o‘yinlar kutib turibdi.

"Paxtakor" – "Bunyodkor"

3 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 27-turi doirasida muxlislar Toshkent derbisiga guvoh bo‘ladi. Shu kuni Paxtakor klubi “Jar” stadionida Bunyodkor bilan kuch sinashadi.

Toshkent derbisi doimo katta qiziqishlarga sabab bo‘lgani hammamizga ma’lum. Hatto, Paxtakor qatorasiga 5 marta O‘zbekiston Superligasi g‘olibi chiqqan 2019–2023 yillarda ham Bunyodkorga qarshi bahslarda jiddiy qarshilikka uchragan.

Shuningdek, ayni vaqtda har ikki jamoa Superliganing bronza medallari uchun kurashmoqda. Shu sababli mazkur bahs ikki tomonlama ahamiyatli.

"Buxoro" – "Neftchi"

7 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 28-turi doirasida Buxoro klubi o‘z maydonida Neftchini qabul qiladi.

Neftchi klubi ayni paytda Superliga g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. So‘nggi turlarda ochko yo‘qotish jamoaga qimmatga tushishi aniq.

Buxoro klubi esa O‘zbekiston Kubogi finalida mag‘lubiyatga uchradi. Shu sabab jamoa muxlislari oldidagi aybini o‘z maydonida peshqadamlardan birini mag‘lub etish orqali yuvishi mumkin. Shuningdek, Buxoro klubi Superliga jadvalida so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Shu bois Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi jamoa ham osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq.

"Nasaf" – "Mash’al"

8 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 28-turi doirasida muxlislar Qashqadaryo derbisiga guvoh bo‘ladi. Nasaf klubi Qarshida Mash’al bilan kuch sinashadi.

Qashqadaryo derbisi doimo vohalik futbol muxlislarining diqqat markazida bo‘lgani barchamizga ma’lum. Uning ustiga har ikki jamoaga ayni paytda g‘alaba suv va havodek zarur.

Chempionlik uchun kurashayotgan Nasaf so‘nggi turlarda faqat grand klublar bilan to‘qnash kelmoqda. Shu holatda jadvalning quyi qismida borayotgan Mash’alni mag‘lub etish jamoaga juda muhim 3 ochkoni taqdim etadi.

Mash’al klubi esa Superligada jon saqlab qolish uchun jang qilmoqda. Jamoa ligada qolmoqchi bo‘lsa, endi ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.

"Paxtakor" – "Nasaf"

20 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 29-turidan o‘rin olgan markaziy o‘yin bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Paxtakor “Jar” stadionida Nasafni qabul qiladi.

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar doimo printsipial ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. So‘nggi 6 ta o‘yinning 4 tasi durang bilan yakunlangan. Shuningdek, bitta bahs Nasafning, yana bittasi Paxtakorning g‘alabasi bilan tugagan.

Shuningdek, ayni vaqtda Paxtakor bronza medali uchun, Nasaf esa chempionlik uchun kurashmoqda. Shu sababli ushbu bahsda qo‘lga kiritiladigan 3 ochko har ikki jamoa uchun suv va havodek zarur.

"Neftchi" – "Qizilqum"

22 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 29-turi doirasida Neftchi klubi o‘z maydonida Qizilqumni qabul qiladi.
  
Bu chempionlik uchun kurashayotgan Neftchi klubining 2025 yilgi mavsumda o‘z maydonida o‘tkazadigan so‘nggi o‘yini bo‘ladi.

So‘nggi turda farg‘onaliklarni ligani tark etmaslik uchun tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan Xorazm klubi maydonida jiddiy bahs kutib turibdi. Shu bois Vitaliy Levchenko shogirdlaridan Qizilqumga qarshi o‘yinda faqat g‘alaba kutilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!