
"Paxtakor" Aziz Turg‘unboev bo‘yicha ikkita klubdan aniq taklif oldi. Futbolchi jamoadan ketadimi?
“Paxtakor” klubi qishki selektsiyada transferlarni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda tarkibidagi ayrim ijrochilarni boshqa klublar ko‘z ostilariga olib qo‘yishgan.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, yarim himoyachi Aziz Turg‘unboevni yangi mavsumni yana vodiyda o‘tkazishini istayotganlar bor. Ayniqsa, Farg‘onaning “Neftchi” klubi Turg‘unboevni qo‘lga kiritish yuzasidan “Paxtakor”ga rasmiy taklif bilan chiqqan. Bundan tashqari, “Navbahor” ham Azizni yana ortga qaytarish istagida edi.
Mazkur masala yuzasidan “Paxtakor” klubi sport direktori Ja’far Irismetovga murojaat qilganimizda shunday dedi:
“Rostdan “Neftchi”ning bu futbolchimizga qiziqishi bor, ular jiddiy qiziqyapti. To‘g‘risini aytsam, bizga “Neftchi” ham, “Navbahor” ham rasmiy xat bilan murojaat qilishgan. Menimcha, AGMKni ham qiziqishi bor. Ammo Turg‘unboev hozircha “Paxtakor” futbolchisi. Ayni chog‘da jamoamiz mashg‘ulotlarida qatnashyapti. Qolaversa, bosh murabbiyimiz Slavche Voyneskida Aziz juda yaxshi taassurot qoldiryapti. Shu bois Turg‘unboevni “Paxtakor”da qolish ehtimoli juda katta deb o‘ylayman”, - deya fikr bildirdi.
Turg‘unboev o‘tgan yili “Navbahor”dan “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tgan holda to‘liq mavsumni o‘tkazdi. Superliga doirasida 25 ta uchrashuvda maydonga tushib 5 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. O‘zbekiston Kubogida esa 3 ta o‘yinda qatnashdi.
Fikrlar