
"Paxtakor"dagi final oldidan yo‘qotishlar, kubok qo‘lga kiritilsa jamoa rag‘batlantiriladimi? - Piter Xyuistradan javob
4 dekabr kuni Samarqandda O‘zbekiston kubogi final bahsi o‘tkaziladi. Bugun uchrashuvdan oldingi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda dastlab, "sherlar" ustozi Piter Xyuistra, futbolchilar Doston Hamdamov va Hojimat Erkinov ishtirok etdi.
Piter Xyuistra: Finalga qadar etib kelgan barchaga rahmat. Shu bosqichga kelganimizdan xursandman. Lekin bu bilan cheklanmaymiz va ertaga oldimizga qo‘ygan vazifani bajarishimiz lozim.
Raqibning o‘yinini gapirganimdan ko‘ra o‘z jamoa haqida gapirmoqchiman. Cheran va A’zamov bizning etakchilarimiz. Ularsiz harakat qilishi qiyin. Biroq tarkibimizdagi boshqa futbolchilar ularning o‘rnini to‘ldirishga, va bu yo‘qotishlarni bilintirmaslikka urinadi, deb o‘ylayman.
Final nafaqat "Nasaf" uchun, balki biz uchun ham muhim bahs hisoblanadi. Chunki "Paxtakor" uchun ham yilni sovrin bilan tugatish muhim.
Biz uchun ertangi o‘yin 2021 yilgi kubok musobaqasini yutishga imkoniyat beradi. O‘zbekistondagi hamma futbolchi ham kubok finalida o‘ynamaydi yoki uni yutmaydi. Shu sababli bu har bir o‘yinchiga katta ishtiyoq beradi. Ortiqcha ruhlantiruvchi jihat kerak emas. Bu final va unda sovringa ega chiqish mumkin.
Masalan, Hojimatdan 20 yildan so‘ng necha marta kubok finalida o‘ynaganini so‘rashmaydi, necha bor g‘alaba qozongani to‘g‘risida so‘rashadi. Bu ular uchun o‘z-o‘zidan ishtiyoq beradi.
"Paxtakor" kubokni qo‘lga kiritsa, qandaydir mukofot va’da qilinganmi? Futbolchilar professional. Ular futbol o‘ynashni sevgani uchun bu bilan shug‘ullanishadi. Faoliyatini boshlaganda hech kim mukofotlar haqida o‘ylamaydi. Final uchun alohida mukofot haqida gapirish juda to‘g‘ri emas. Jamoadagi yigitlar o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishga intilishadi. Ularga har bir o‘yindagi g‘alaba muhim.
Finaldan oldin futbolchilarga qandaydir rag‘batlantirish haqida gapirish qiyin. Chunki ularning e’tibori o‘yinga qaratilishi lozim. Tarkibimizda yoshlar ham bor. Shu bois ertangi o‘yin ularning butun fikri hayoliga aylanishi lozim.
Finaldan keyin jamoadagi faoliyatim haqida hozir biror gap aytish qiyin. Shaxsan menga O‘zbekiston yoqadi. Jamoadagi barchasi meni qoniqtirmoqda. Keyingi rejalar haqida o‘yindan keyin rahbariyat bilan gaplashib olamiz.
So‘nggi ikki yilda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatlarda ham ishqibozlar bizni qo‘llashda davom etishdi. Ular akademiya jamoalarini ham o‘yinlarga borib olqishlashdi. Mavsumdagi oxirgi bellashuvda ularga yoqadigan futbol namoyish etishga intilamiz.
Doston Hamdamov: Finalni intizorlik bilan kutdik. Ertaga qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshirishga urinamiz. Hammaning kayfiyati yaxshi.
Yigitlar bilan hamjihat bo‘lgan holda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, muxlislarni sovrin bilan xursand qilishni istaymiz.
Hojimat Erkinov: Kubok bahslari bir o‘yindan iborat va qiyin bellashuvlar o‘tkazdik. Finalga etib kelganimizdan xursandmiz. Finalda g‘alaba qozonishga intilamiz. Faoliyatimni legioner sifatida davom ettirishi mumkinmi? Bo‘lishi mumkin. Ammo bu haqda hozir aniq biror narsa deya olmayman. O‘zimga qolsa, kuchli beshlikka o‘tish yoki ikkinchi darajali chempionatlarga yo‘l olish varianti oldimda tursa, men ikkinchi yo‘lni tanlar edim. Masalan, Rossiya Premer-ligasi.
Stadionga qancha ko‘p muxlis kelsa, o‘yin shuncha chiroyli bo‘ladi. Shuning uchun tomoshabinlarni stadionga chorlab qolamiz. Stadionga kelgan va kela olmagan muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishni xohlaymiz.
Fikrlar