
"Paxtakor"ning "Navbahor"ga qarshi markaziy o‘yindagi g‘alabasiga Irismetov qanday munosabat bildirdi?
Hammaning e’tiborida bo‘lgan va yil o‘yini deya ta’rif berilgan “Navbahor” – “Paxtakor” ishtirokidagi uchrashuvda mehmonlar 1:2 hisobida g‘alaba qozonib, juda ham qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritishdi va bu chempionlik uchun kurashda “Paxtakor”ning imkoniyatlarini oshirayotgani bor gap. Birinchi davrada ham “Sherlar” o‘z maydonida ushbu raqibini 2:1 hisobida mag‘lub etgani yodimizda.
Bir necha yillar davomida “Paxtakor” sport direktori sifatida ishlagan Ja’far Irismetov sobiq jamoasining “Navbahor” ustidan erishgan g‘alabasi borasida o‘zining munosabatini bildirdi.
"O‘yin kutganimizdek shiddatli o‘tdi, - deya gap boshladi, Irismetov. - “Navbahor” o‘z uyida va minglab muxlislari qarshisida o‘ynayotgani hisobiga boshida ularda faolroq o‘yin kutgandim. Lekin “Paxtakor” tashabbusni o‘z qo‘liga olib, birinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qildi. Jamoa haqli ravishda g‘alaba qozondi, deb o‘ylayman. “Paxtakor”ning kutilmaganda “Neftchi”ga yutqazib qo‘ygani hisobiga ishqibozlari oldida o‘zini oqlashi kerak edi. Bu g‘alabadan keyin “Paxtakor” muxlislari yonida o‘zini oqlay oldi, deb hisoblayman.
To‘g‘risi, “Navbahor”ning o‘yiniga o‘z murabbiyi javob beradi. Lekin men o‘z fikrimni aytaman. Negadir “Navbahor”ning o‘yini sur’ati ko‘ngildagidek emas, deb o‘ylayman. Aniq bir reja yo‘qdek. Ko‘pincha mahoratli futbolchilarining individual harakatlari evaziga yutishadi. Masalan, “Navbahor”ning “Paxtakor”ni nimani evaziga yutmoqchiligi o‘z o‘yinida ko‘rinmadi. Kimdir yutmoqchi bo‘lsa, o‘z o‘yinini ko‘rsatadi va raqibning kuchli tomonlarini yopadi. Yil boshidan beri namanganliklarning o‘yinini kuzatib kelaman. 2-3 ta uchrashuvda o‘z o‘yinini ko‘rsata oldi. “Paxtakor”ga qarshi bahsda o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi va shuning uchun yutolmadi. Albatta, “Paxtakor” bunday o‘yinlarga o‘rgangan. Muxlislarning bosimi “Sherlar”ga ta’sir qilmaydi. Yana Dragan Cheran o‘zini ko‘rsatdi. Unga qoyil. Menimcha, “Navbahor”da g‘alaba uchun o‘yinida aniq reja bo‘lmadi. Oldingi chiziqda Tabatadze to‘pni o‘zida saqlashga harakat qildi. Haqiqatda u yaxshi futbolchi ekan. Shuning evaziga ham bitta gol urishdi.
Bu chempionlikka ta’sir qiladigan o‘yin, 6 ochkolik darajada edi. Bu erda ko‘proq “Navbahor”ga minus bo‘ldi, deb o‘ylayman. “Paxtakor”da zaxira o‘yini bor edi. Yutqazib qo‘ysa ham imkoniyati o‘sha-o‘shaligicha qolaverardi. Agar “Paxtakor” “Nasaf”ga qarshi omadli o‘ynasa u holda “Navbahor” “Sherlar”dan 7 ochkoga qolib ketadi. Chempionlikka kurashayotgan “Navbahor” bu o‘yinda ochko yo‘qotmasligi kerak edi.
“Paxtakor”ning “Dinamo” va “Neftchi”ga qarshi uchrashuvlarda muammolarini ko‘rdik. Tanqid qilmoqchi emasman-u, biroq ularda ham o‘yin uslub unchalik ko‘rinmayotgandi. O‘sha yutqazgan ikkita uchrashuvida ko‘rindiki, “Paxtakor”ning oldingi o‘yini deyarli yo‘q edi. Faqat oldinga tepib futbol o‘ynashayotgandi. Ammo Namanganda boshqacha o‘yin ko‘rsatishdi va to‘pni nazorat qilishdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda yaxshiroq ko‘rindi. Yana “Nasaf” bilan uchrashuvda ham ko‘ramiz. Asosiy baho beradigan joyimiz jamoaning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki bo‘ladi. “Paxtakor”ning darajasini shunda ko‘ramiz.
Alohida o‘yinchini ajratib ko‘rsatish qiyin. “Paxtakor” jamoaviy o‘yin ko‘rsatib yutdi. O‘ylashimcha, Odil Hamrobekovning xizmati katta bo‘ldi. Maydonda ko‘rinmaydigan qora ishni bajardi. Ammo hech kimni xafa qilgim kelmayapti. “Paxtakor”ni jamoaviy tarzda zo‘r o‘ynadi, desa bo‘ladi. Shu bois “Paxtakor”da eng zo‘ri jamoa bo‘ldi", - deya fikrini yakunladi, Irismetov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar