"Portugaliyaga qarshi o‘yin juda qiyin bo‘ladi" — Abror Jo‘raqulov O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyatlarini baholadi

  • 07.12.2025 14:46
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi Jahon chempionatining guruh bosqichi uchun qur’a tashlandi. O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhidan joy oldi va Portugaliya, Kolumbiya hamda Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya jamoalari bilan bahs olib boradi.

Taniqli futbol sharhlovchisi Abror Jo‘raqulov Sports.uz saytiga bergan qisqa intervyusida O‘zbekistonning guruhdagi raqiblari va pley-offga chiqish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.

Qur’a biz uchun omadli bo‘ldimi?

“Juda omadli yoki omadsiz guruh deyish qiyin. Masalan, Frantsiya va Senegal tushgan guruh biz uchun yanada og‘irroq bo‘lishi mumkin edi. Baribir Jahon chempionatida har qanday raqibga tayyor turishimiz kerak. Qiyin yoki oson guruh degan tushuncha bo‘lmasligi kerak. Nima bo‘lsa ham, taqdirga rozi bo‘lish lozim.”

uruhimizdagi imkoniyatlarimizni qanaqa baholaysiz? Qaysi terma jamoadan ochko tortib oliishimiz mumkin va nimani evaziga?

“Portugaliyaga qarshi o‘yin juda qiyin kechadi. Ammo Kolumbiyaga qarshi bahsda ochko olish mumkin. Masalan, Misr bilan o‘yindan oldin hech kim bizga ishonmagandi, lekin biz g‘alaba qozonib, kuchli ekanimizni isbotladik. "Birinchi marta qatnashyapmiz" degan qarashni chetga surish zarur. Chunki futbolchilarda ham shunday ruhiy holat paydo bo‘lishi mumkin. Aksincha, "Biz kuchli jamoamiz" degan ishonchni mustahkamlash kerak.”

Agar terma jamoa  guruhdan chiqa olmasa, siz buni qanaqa qabul qilasiz?

“Agar O‘zbekiston guruhdan chiqa olmasa, bu natijani fojea deb qabul qilmayman. Albatta, chiqishini istayman. Agar chiqolmasak, biroz ranjiman, rost. Lekin pley-offga yo‘l ola olmasak, aybni faqat o‘zimizdan qidirishimiz kerak bo‘ladi.”

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!