Asosiy mazmunga oʻtish

Poygachi oqlandi, jamoa jazolandi!

Zohir Toshxo'jayev
Izohlar: 0

Xavfli vaziyatlar ko‘rib chiqildi

Kanadadagi “Formula-1” turnirining saralash poygalaridan so‘ng shov-shuvli qarorlar chiqarildi. Poygadagi bir necha holatlar muhokama qilinganidan keyin styuardlar o‘z qarorlarini ma’lum qildi.

Natijada mashhur poygachi Lyuis Xemiltondan hamkasbi Pyer Gasliga halaqit qilganlik aybi olib tashlandi. Saralashdan keyin Xemilton va Alpine F1 Team vakillari bilan suhbat o‘tkazilganidan so‘ng, styuardlar hech qanday chora ko‘rmaslikka qaror qildi.

- 44-raqamli mashina haydovchisi (Xemilton) 10-raqamli  bolid (Gasli) tezkor aylana bajarayotgan, deb o‘ylaganini aytdi. Jamoasi ham xuddi shunday fikrda bo‘lganini tasdiqladi. 10-raqamli mashina haydovchisi va jamoasi ham bu holatni “keraksiz to‘sqinlik” deb hisoblamasliklarini bildirdi. Shu sababli qo‘shimcha chora ko‘rilmadi, - deyiladi styuardlar xulosasida.

Shuningdek, Lens Stroll ham  Niko Halkenbergga halaqit berganlik bo‘yicha oqlandi. Styuardlar Strollning yo‘ldan chiqib ketmaslik haqidagi izohini qabul qildi, raqib jamoa ham hech qanday to‘sqinlik bo‘lmaganini tasdiqladi.

Biroq “Aston Martin” jamoasi ikki texnik xatosi uchun jami 12 500 yevro jarimaga tortildi.

Birinchi holatda Lens Strollning bolidi xavfsiz bo‘lmagan holatda pit-leyndan chiqarilgan. Mashina g‘ildirak qopqoqlaridan birini pit-leynda, yana birini esa trassada yo‘qotgan. Bu uchun jamoaga 7 500 yevro jarima solindi.

Styuardlar bayonotida “18-raqamli mashina pit-leyn bo‘ylab harakatlanayotganda g‘ildirakning tashqi  qopqog‘ini yo‘qotdi. Keyin birinchi aylanada ichki qopqoq ham tushib ketdi. Ushbu qism karbon tolasidan tayyorlangan bo‘lsa ham, boshqa mashina yoki insonga tegsa xavf tug‘dirishi mumkin edi, deyiladi.

Jamoa tekshiruv jarayonida ushbu qismlarni mahkamlash tizimi yetarlicha nazorat qilinmaganini tan oldi va jarayonni qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi.

Ikkinchi holatda esa Fernando Alonso bolidi saralash poygasi boshlanishida xavfsiz bo‘lmagan tarzda trassaga chiqarilgan. Natijada Franko Kolapinto to‘qnashuvning oldini olish uchun keskin harakat qilishga majbur bo‘lgan. Bu qoidabuzarlik uchun jamoaga qo‘shimcha 5 000 yevro jarima berildi.

Shu bilan birga, Serxio Peres musobaqa direktori ko‘rsatmalarini bajarmagani uchun rasmiy ogohlantirildi. U 13-burilish oldidan boshqa mashinalarni o‘tkazib yuborish uchun trassaning o‘ng qismiga chiqmagan. Biroq styuardlar uning Alonsoga halaqit bergan-bermaganini ko‘rib chiqmadi.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Telegram'dagi kanaliga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q