Pulni o‘ylaganimda Saudiyaga ketgan bo‘lardim, "Shaxtyor" meni Evropa klubiga sotadi - Shahzod Ubaydullaev yana nimalar dedi?

  • 26 yanvar, 2021, 23:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus chempioni – “Shaxtyor” o‘z safiga hamyurtimiz Shahzod Ubaydullaevni qo‘shib olgan holda hujum chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirgan.

Tecno

O‘tgan yili yarim mavsum “Shaxtyor”da to‘p surgan Jasur Yaxshiboev qanday natija ko‘rsatganini hamma ko‘rdi. Shu bois klubning Ubaydullaevdan ham umidi katta.

Ayni paytda jamoasi bilan Dubaydagi yig‘inda qatnashayotgan Shahzod “Shaxtyor”ga ko‘chib o‘tgach, o‘zining ilk intervyusini sports.uz muxbiriga berdi.

- Shahzod, sizni Belarus chempioni safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklaymiz. Aslida hammasi qanday yuz berdi? “Shaxtyor”ning taklifi haqida dastlab qachon va kimdan eshitgandingiz?

- Bu taklif haqida birinchi marta “Metallurg” jamoasi boshlig‘i Shavkat aka Saidovdan eshitdim. Menga chetda to‘p surishni xohlaysanmi dedi va Belarus, Saudiya Arabistoni va yana bir qator variantlarni aytdi. Nima qilasan dedi. Men ham darhol “Shaxtyor”ni tanladim. Chunki bu Evropa futboli. U erda to‘p sursam, Evropa bir qadam degani. Yanada yaxshi klublarga ketishim osonroq bo‘ladi deya Belarus variantini tanladim.

- U erda hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev to‘p surib, to‘purarlik mahoratini ko‘rsatgandi. Shuning uchun ular yana bir bor o‘zbekistonlik hujumchilarga e’tibor qaratishdi va bu borada sizni tanlashdi. Tabiiyki, sizdan ham Yaxshiboev singari sermahsullikni kutishadi. “Shaxtyor”da Jasur Yaxshiboev haqida nima deyishyapti?

- Menga Yaxshiboev haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Lekin, to‘g‘ri, Jasur jamoaning yuragiga aylangandi. Gollar urib, to‘purar sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Shuning uchun ular yana o‘zbek hujumchilariga qiziqqan deb o‘ylayman. Natijada bizning jamoamizga taklif bilan chiqishgan. “Shaxtyor”dagilar meni qanday kuzatishgan, qanday payqashgan, bunisi qorong‘u. Faqat menga bu taklifni aytishganida, hech nimani o‘ylamadim, Evropami, bo‘ldi ketaman dedim. U erda yanada o‘sishimga ishonganim uchun hech nimaga qaramasdan ketishga qaror qildim.

shaxzod0

- Yangi jamoada sizni qanday qarshi olishdi? “Shaxtyor”ga moslashishingiz qanday kechyapti? Hozir jamoa bilan Dubaydagi yig‘inda qatnashyapsiz.

- Xudoga shukr, meni yaxshi kutib olishdi. Kuniga ikki mahaldan shug‘ullanib, nazorat uchrashuvlarida maydonga tushyapmiz. Yangi jamoamga ancha kirishib ketdim. Bir oylarda to‘liq moslashib ketaman. Baribir legioner sifatida boshqa yurtga kelasiz va yangi klubga moslashish oson bo‘lmaydi. Lekin meni jamoadagilar yaxshi qabul qilishdi.

- “Metallurg”da 10-raqamda to‘p surgansiz. “Shaxtyor”da o‘zingizga qaysi raqamni tanladingiz? Qolaversa, u erda ko‘proq qaysi futbolchi bilan do‘stlashdingiz? Xonadoshingiz kim?

- 7-raqamni oldim. Klubda ko‘proq do‘stlashib, muloqot qilayotgan futbolchi sifatida Antichni ayta olaman. U bilan munosabatimiz zo‘r. Lekin qolgan yigitlar bilan ham yaxshi aloqadamiz.

- Sizning “Shaxtyor”ga transferingiz haqida gapiradigan bo‘lsak, narxingiz 150 ming dollarga baholangani haqida eshitdik, shu rostmi?

- Transfer narximga qiziqqanim yo‘q. Menga bu transferdan bir so‘m ham tegmaydi. Hattoki, bu erga kelib oylik maosh qanaqaligiga ham qiziqqanim yo‘q. Bu erga futbol o‘ynash uchun, Evropaning kuchliroq klublariga ketish uchun kelganman.

shaxzod1111_1

- “Shaxtyor” bosh murabbiyi Roman Grigorchuk bilan ilk suhbatingiz qanday bo‘ldi? U sizga nimalar dedi?

- To‘g‘risini aytsam, hali murabbiy bilan bafurja gaplashganim yo‘q. Rosti, rus tilini yaxshi bilmayman. Garchi rus tilini tushunsam-da, gapirishga qiynalaman. “Shaxtyor” klubiga boshida bir o‘zim emas, Shavkat aka Saidov bilan birga kelganman. U ruschani tushunadi, faqat ko‘p gapirmaydi, unga ko‘p savol-javob qilmanglar, mashg‘ulotlarini qilsa bo‘ldi, qolganini asta-sekin o‘rganib ketadi deb ularga aytgan. Lekin bosh murabbiy juda qattiqqo‘l va talabchan ekan. Xuddi Aleksandr Xomyakov bilan bir xil ekan.

- Jamoadoshlaringiz bilan maydon tashqarisida qanday gaplashyapsiz? Baribir oddiy hayot tarzida ham o‘zaro gaplashib turasizmi?

- Ozgina qiyinchilik bo‘lyapti. Lekin hayot majbur qiladi, o‘rganish kerak. Nimadir qilib gaplarimni tushuntira olyapman. Aytdimku, ruschani tushunaman. O‘zim ham to‘liq gapirib ketishim uchun biroz vaqt kerak. Hammasi yaxshi bo‘ladi.

- “Shaxtyor”da sizdan ham Yaxshiboev kabi sermahsul natijani kutadilar. Bu esa sizga qo‘shimcha bosim o‘tkazmayaptimi?

- Yo‘q, menga hech qanaqa bosim bo‘lmayapti. O‘zimning ham maqsadim to‘purar bo‘lish. Chempionlar ligasida ham o‘zimni ko‘rsatishni istayapman. Aytganimdek, yanada yaxshiroq jamoalarga ketmoqchiman.

shaxzod1

- Faoliyatingizda yangi sahifa ochilyapti. Endi sizda ham Evropa Chempionlar ligasi saralash bahslarida ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu borada tayyorgarlik qanday bo‘lyapti va nimalarni his qilyapsiz?

- Asosiy maqsad Chempionlar ligasida munosib ishtirok etish. Biz hozir shunga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. “Shaxtyor” 10 ga yaqin yangi futbolchilarni olgan. Murabbiylar ham, rahbarlar ham Chempionlar ligasiga jiddiy e’tibor qaratishyapti. Xudo xohlasa, yaxshi natija ko‘rsatamiz, degan umiddaman. U erda o‘zimni ko‘rsatib, yanada kuchli klublarga ketishga ko‘zim etadi. Chunki ularda ham ikkita oyoq va ikkita qo‘l bor va bizda xam. Mehnat qilishdan to‘xtamayman.

- Yangi klubda sizni hayron qoldirayotgan holat nima? Baribir bu boshqa chempionat va tayyorgarlik jarayonlarida ham jiddiy farqlarni ko‘ryapsizmi?

- Oldingi yillari Belarus chempionatining ayrim o‘yinlarini kuzatib turardim. Chunki Jasur Yaxshiboev bilan Shahboz Umarov o‘ynagani uchun qiziqib turardim. Ayrimlari Belarus chempionatini biznikidan kuchsizroq deyishardi. Bu erga kelib o‘zim bildimki, bunday emas. Bizning futbol texnik tomondan kuchli. Negaki, O‘zbekistonda texnikasi yuqori bo‘lgan o‘yinchilar ko‘proq. Bu erda boshqacha, hammasi jismoniy kuchga qaratiladi. Hamma futbolchilari jismoniy tomondan baquvvat, kuchli o‘yinchilar. Sharoitlarga kelsak, bizdan ko‘ra ancha yaxshi, hamma tomonlama. Baribir Evropada. Bu erga kelib hammasini o‘zingiz ko‘rmaguncha bilmaysiz ekan-da! Men ham Belarus futboli biznikidan kuchsizroq bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. To‘g‘risini aytsam, mashg‘ulotlarida qiynalib qolyapman. O‘zimizdagi mashg‘ulotlar engilroq bo‘lgani uchun unchalik qiynalmasdik. “Shaxtyor”da esa boshqacha. Har kuni ikki mahaldan shug‘ullanyapmiz, ochig‘i, qiyin bo‘lyapti. Xudo xohlasa, moslashib ketaman. Ammo mashg‘ulotlari biznikidan ancha kuchli.

- Jamoadagilar sizni qanday chaqirishyapti? O‘zaro hazil-huzul qilib turasizlarmi yoki hammasi jiddiy kayfiyatdami?

- Ko‘pchiligi ismim bilan chaqirishadi, Shahzod deb. Bir-ikkitasi shox deb chaqirishadi. O‘zimizda ham meni shox deb atashardi.

- Klub sizga qanday shart-sharoitlar yaratib beryapti? Moliyaviy holat “Shaxtyor”ga o‘tishingizga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, bu erga pul uchun kelganim yo‘q. Agar pulni xohlaganimda Saudiya Arabistoniga ketgan bo‘lardim. Bu erdagi oylik maoshlar deyarli bizdagi kabi, balki biznikidan biroz ko‘proqdir.

shaxzod2

- “Shaxtyor”ni tanlashingizda oila-a’zolaringizning sizga bergan maslahati qanday bo‘ldi?

- Dadamga oldimda turgan takliflar haqida aytdim, nima qilay deb. Dadam ham ilgari futbol o‘ynagan – Umid Jo‘raev. Dadam menga, o‘zing bilasan, endi yosh bola emassan, agar futbol o‘ynashni va o‘sishni istasang Evropaga ketishing kerak, deb maslahat berdi. Bu menga ham yoqdi.

- Yangi klubda bir o‘zingizsiz. Moslashishga qiynalmayapsizmi?

- Boshida bir haftacha moslashishim qiyin bo‘ldi. BATEga o‘tgan do‘stim Shahboz Umarov menga qo‘ng‘iroq qildi. U bilan doim gaplashib turamiz. Zerikmayapman, chidaymiz-da, futbol shunaqa o‘yin, uydagilardan uzoq yurishga ham majbur qiladi. Balki vaqti soati kelganda uydagilarni ham bu erga olib kelarman.

- Superligamizda debyutingizni 2019 yili “Andijon”da o‘tkazgansiz. Ungacha birinchi ligada “Mash’al”da o‘ynadingiz. Qizig‘i, “Andijon”da ham, “Metallurg”da ham bir yil to‘p surdingiz. Endi esa “Shaxtyor”dasiz va bu erda ham balki sizni bir yil ko‘rib, keyin boshqa klubda ko‘rarmiz...

- “Shaxtyor” bilan uch yilga shartnoma imzolaganman. Klubda o‘zimni ko‘rsatib, to‘purarlik salohiyatimni ko‘rsatsam, ular meni Evropani yaxshiroq jamoalaridan biriga sotadi. O‘zida ko‘p ushlab o‘tirmaydi. “Andijon”dan “Metallurg”ga o‘tganimda ham uch yilga shartnoma tuzganman. Agar yaxshi taklif bo‘lsa, sotishiga kelishib olgandik. Bu erda ham shunday.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!