Qizil kartochka olgani, Frantsiya bilan o‘yin va Lazizbek Mirzaevning jarimadan urgan goli haqida U 17 Terma jamoasi ustozi - Jamoliddin Rahmatullaev bilan intervyu

  • 23 noyabr, 2023, 11:59
  • 0
  • Futbol

O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi - Jamoliddin Rahmatullaev kecha bo‘lib o‘tgan Angliyaga qarshi o‘yinda qizil kartochka olganidan xabaringiz bor. O‘sha voqea aslida qanday sodir bo‘lganini aniqlash maqsadida o‘smirlarimiz ustozi bilan aloqaga chiqdik.

k4ok34g3g34g

O‘zi nega to‘pni tepib yubordingiz?

- To‘g‘risini aytsam, odam biroz xijolat bo‘ldi. Juda asabiy o‘yin bo‘layotgan edi. Qo‘shib berilgan 9 daqiqa tugamay ketdi. Hissiyotlarimni jilovlay olmadim. Ochig‘i, qizil kartochkani umuman kutmagan edim. Sariq kartochka berishini taxmin qilgan edim. O‘zi, hayotda emotsional inson bo‘lganim uchun o‘yinning so‘nggida chidab tura olmadim.

Hozir jamoadagi yigitlarning kayfiyati qanday?

- Kayfiyat a’lo darajada, ammo ular juda toliqqan. Hozir, bizni vazifamiz tezkorlik bilan ularni jismoniy holatini tiklash. Yana shahar almashtiramiz. Guruh bosqichda o‘ynagan stadionimizga qaytamiz. O‘yinga qadar vaqtimiz juda kam qolgan. Tiklanish bilan birgalikda, raqibga qarshi o‘yinga tayyorlanishimiz ham kerak. Asosiysi, shogirdlarim o‘yindan-o‘yinga o‘z kuchiga ishonib bormoqda. Bu quvonarli.

Frantsiya bilan o‘yinda jamoani onlayn boshqarasizmi?

- Albatta. Hozir shu masala borasida o‘ylayapmiz. Mundial ishtirokchilariga zamonaviy texnikalar taqdim etilmoqda. 5-6 kameradan o‘yinni jonli ko‘rish imkonini beradigan planshet, katta monitor va 5-6 inson bemalol suhbat qurishi mumkin bo‘lgan mikrofonlarni taniqli kompaniyalar taqdim etmoqda. Shu sababli, bu tomondan muammo bo‘lmaydi. O‘yinni sal teparoqdan turib bo‘lsa ham, yordamchilarim orqali boshqarib boraman. Umid qilamanki, shogirdlarim zaxira o‘rindig‘ida yo‘qligimni sezdirmaydi. Bu bahsni ijobiy yakunlay olsak, keyingi o‘yinlarda jamoam bilan birga bo‘laman.

Lazizbek Mirzaev jarima zarbasi berayotganda ichingizdan nimalar o‘tdi?

- Bizni jamoada jarima zarbasini ijro etadigan bir nechta futbolchi bor. Bu epizoddan biroz avval uzoqroq masofadan standart vaziyat yuzaga kelganida, Sherzod ijro etishini ta’kidlagan edim. Gol bo‘lgan vaziyatda murabbiylar shtabi tanlovni yigitlarni o‘ziga qoldirdi. Lazizbek o‘ziga ishongan xolda ijro etdi. To‘g‘risi, ko‘nglim sezib turgan edi. Zarba golga aylangach, shogirdlarim mardonavor tarzda turib berishdi.

Birinchi uchrashuvda yirik hisobda mag‘lub bo‘ldik. O‘sha paytda, chorak finalga qadar etib borishimizni tasavvur qilganmidingiz?

- Yodingizda bo‘lsa, Jahon chempionati qur’asi tashlanganida, sizga intervyu bergan edim. O‘shanda, shogirdlarimga ular o‘ziga ishonganidan ham ko‘proq ishonishimni aytganman. Hali bizni yo‘limiz tugagani yo‘q, davom etmoqchimiz. Yaratganni o‘zi qo‘llasa, bunday g‘alabalar hali ko‘p bo‘ladi. Mali bilan alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, jamoani ruhiy holatini tiklash ustida ishladik. Ular bilan ko‘proq suhbatlashdik va ikkinchi o‘yinga yaxshi xolatda olib tushishni uddaladik. Vaqt juda oz bo‘lgani, bois, keyingi o‘yinga qadar raqibni o‘rganib, ularni analiz qilishga ham ulgurishimiz shart edi. Bu zoe ketgani yo‘q. Biz o‘yindan-o‘yinga kuchayib bordik. Nasib qilsa, Frantsiya bilan mundialdagi eng yaxshi o‘yinimizni o‘ynashimizga ishonchim komil. Shogirdlarimga ishonaman.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!