
"Qizilqum" varianti, ramziy terma jamoasi, Qozog‘istondagi muvaffaqiyatlari va boshqalar! Yoxud Viktor Kumikov bilan muloqot
Yurtimizda ishlab ketgan xorijlik murabbiylar orasida rossiyalik Viktor Kumikovning ham o‘z o‘rni bor edi. Ayniqsa, “Mash’al” hamda “Nasaf” jamoalarida olib borgan ishlarini yaxshi eslaymiz. Oxirgi marta esa ikki yil avval Olmaliqning AGMK jamoasini boshqarganini ham bilamiz. Bundan tashqari, Viktor Balyutovich qo‘shni Qozog‘iston chempionatida ham ancha samarali ish olib borganini ko‘pchilik bilsa kerak. Hattoki, bizdagi faoliyatidan ko‘ra u erda ancha-muncha muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidlash joiz. Hozirda esa mutaxassis ta’tilda bo‘lib, biror-bir klubni boshqarayotgani yo‘q. Tabiiyki, bunday jarayonda unga qiziqish bildirayotgan jamoalarning bo‘lishi turgan gap. Oxirgi paytlarda esa Kumikovning yana chempionatimizda faoliyat olib borishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarni eshitib turibmiz. Masalan, yaqinda u Qarshida marhum viloyat hokimi Nuriddin Zaynievning xotirasiga bag‘ishlangan futbol musobaqasiga tashrif buyurgandi. Keyin esa uning xizmatlariga “Qizilqum” klubi tomonidan qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlar ham yangradi. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Viktor Balyutovich bilan bog‘landik. O‘zaro suhbat davomida yana bir qator masalalar bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bildirdi.
- Viktor Balyutovich, avvalambor siz bilan yana suhbatlashib turganimizdan xursandmiz. Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib qaytdingiz va Qashqadaryo viloyatining marhum hokimi Nuriddin Zaynievning xotira turnirida ishtirok etdingiz. U inson hayotingizda qanday o‘rin tutadi?
- Chindan ham men tashkilotchilarning taklifi bilan Qarshi shahrida Nuriddin Zayniev xotirasiga bag‘ishlangan turnirda bo‘ldim. Chunki Nuriddin Zaynievichni futbolga fidoyi inson bo‘lganini bilardim. U kishi futbolni juda yaxshi tushunardilar. Qashqadaryo viloyatida besh yil ishlagan paytimda Zayniev hokim bo‘lgan edi. Bu inson viloyat futboli uchun katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirgan. Ko‘p narsa viloyat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshgan, deydigan bo‘lsam ham sira mubolag‘a bo‘lmaydi. U kishiga tirikligida qanchalik hurmat bilan munosabatda bo‘lgan bo‘lsam, xotirasini ham shunday qadrlayman. Agar stadion yoki akademiyani Zaynievning nomi bilan atasalar, juda yaxshi va adolatdan bo‘lardi.
- Shu bilan birga sizni yana yurtimizda ishlashingiz haqidagi gaplar ham quloqqa chalinyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, “Qizilqum” klubi xizmatingizga qiziqish bildirgan va sizning Navoiyda rahbariyat bilan gaplashganingiz haqida eshitdim. Ayting-chi, aslida voqealar rivoji qanday tus olgandi?
- Shunchaki suhbatlashishga taklif qilinganman xolos. Men NKMK zavodining direktori Quvondiq Sanoqulovich Sanoqulov hamda viloyat hokimi Qobil Beknazarovich Tursunov bilan uchrashdim. Ikkala rahbar ham futbolning rivoji uchun qanday ishlar qilish kerakligini biladi. Ammo aniq bir taklif bo‘lmadi. Aytish mumkinki, bu tanishuv vazifasini o‘taydigan safar bo‘ldi.
- Umuman olganda, chempionatimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak. Ikki yil oldin ishlaganingizda chempionatimizdagi saviya sizni u qadar hayratlantirmagandi. Hozirgi paytdagi Superligamizning mavqei xususida nima deya olasiz?
- O‘zbekiston chempionatini diqqat bilan kuzataman va biror-bir voqeani nazardan o‘tkazib yubormaslikka intilaman. Shu bilan birga oldingi fikrimda qolaman: Bir necha yil oldingi chempionat ancha kuchliroq edi. Birinchidan, chempionatda ancha mashhur murabbiylar ishlagandi: Valeriy Nepomnyashiy, Luis Felipe Skolari, Yuriy Sarkisyan, Vadim Abramov... Umuman aytganda, barcha klublarda o‘ta yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar ishlashgan. Ikkinchidan, mahalliy va legioner maqomidagi futbolchilar ham chakki emasdilar. Masalan, Jeparov, Ahmedov, Rivaldo, Kapadze va Vilyanuevani aytish mumkin. Nazarimda, bugungi chempionatda ular darajasidagi ijrochilar deyarli yo‘q. Birinchilik endi boshlandi va umid qilamanki, yarq etib porlaydigan futbolchilar albatta chiqadi.
- Sizning Qozog‘istondagi faoliyatingizni yaxshi eslaymiz. Ayniqsa, “Shaxtyor” bilan ikki marta mamlakat chempioni bo‘ldingiz. Uch marta yil murabbiyi sifatida e’tirof etilgansiz. Evropa ligasida ishtirok etgansiz va yana boshqa muvaffaqiyatlarga ham sazovor bo‘lgansiz. Bularning barchasiga qanday erishgansiz?
- Balki kerakli joyda, kerakli paytda paydo bo‘ldim shekilli... Qozog‘istonda futbol davlat ta’minoti ostida. Viloyat rahbarining qanday pozitsiyada ekanligi ham juda muhim rol o‘ynaydi. Omadim bor ekan, xuddi Qarshidagi kabi o‘sha erda ham hokim sportni, jumladan futbolni juda yoqtiradigan inson ekan. Shaxsan uning bevosita aralashuvi va tashabbusi bilan bekamu ko‘st ishlash uchun quyidagi sharoitlar yaratib berilgandi:
- moliyaviy tomondan barqarorlik;
- o‘ta zarur bo‘lgan moddiy-texnik baza;
- murabbiyga havola etilgan erkinlik;
- futbol xo‘jaligini yaxshi tushunadigan klub rahbariyati.
Yana shuni alohida e’tirof qilishim kerakki, O‘zbekistonda «Mash’al» va «Nasaf» klublarida ishlash asnosida to‘plagan tajribalarim menga Qozog‘istondagi ishimda juda asqotgan. Aftidan, shuning samarasi o‘laroq «Shaxtyor» bilan katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsam kerak.
- Albatta, chempionatimizda ham samarali ish olib borgansiz. Ammo boya aytganimdek, qo‘shni Qozog‘istondagi faoliyatingiz yanada yorqin ko‘rinish olgan. Sizningcha, bizning chempionatdan ko‘ra Qozog‘istonda ishlash siz uchun qulayroqmi?
- «Mash’al»da ham, «Nasaf»da ham asosiy klub oldiga eng yuqori maqsadlar vazifa sifatida qo‘yilgan. Ammo birinchi navbatda har ikkala jamoada astoydil ishlash imkonini beradigan kerakli shart-sharoitlar yo‘lga qo‘yilganligini alohida ta’kidlab o‘tmasam bo‘lmaydi: infratuzilma, futbol akademiyasi... Agar O‘zbekistonda qolib ishlashda davom etganimdami, yanada yuqoriroq maqsadlar qo‘yilgan bo‘lardi. Lekin taqdir taqozosi bilan Qozog‘istonda ishlash uchun ketishimga to‘g‘ri kelgan.
- Qozog‘iston futboli O‘zbekiston futbolidan qaysi jihatlari bilan kuchli yoki aksincha?!
- Asosiy farq shundaki, Qozog‘iston futbolida yakkakurash ko‘proq. O‘zbekistonda esa o‘yinchilar to‘pni ko‘proq nazorat qilishga intiladilar. Infratuzilma borasida O‘zbekistondagi deyarli barcha klublar yaxshi stadion va o‘quv-mashg‘ulot bazasiga egalar. Qozog‘istonda esa «Qayrat»dan tashqari, boshqa barcha jamoalarda bu jihatlar bo‘yicha etarlicha muammolar bor.
- Yurtimizdagi oxirgi klubingiz AGMK jamoasi bo‘lgandi. U erdagi faoliyatingizni qanday baholagan bo‘lardingiz?
- AGMKni qabul qilgan chog‘imda infratuzilma va tashkiliy tomondan jamoada muammolar to‘planib qolgandi. Boz ustiga o‘quv-mashg‘ulot bazasi yo‘q edi. Bundan tashqari, risoladagidek shug‘ullanish va yotib-turish uchun joyning o‘zi ham bo‘lmagan. Shu bois mehmonxonama-mehmonxona va maydonma-maydon ko‘chib yurishimizga to‘g‘ri kelgandi. Zamon talablariga javob berishi uchun jamoaning «yuzi»ni o‘zgartirish talab qilinardi. Biz klub ranglaridan tortib, to uning nomigacha o‘zgarishlarni amalga oshirganmiz. Asosiysi, jamoaning qaerda yashashi uchun joy topganmiz. Albatta, bunday ishlarni birin-ketin amalga oshirish uchun ancha vaqt ketgan. Biroq urinishlarimiz zoe ketmaganligini keyinchalik vaqt ko‘rsatib berdi. Bunga yaqqol misol sifatida AGMK tomonidan mamlakat Kubogida erishgan yutug‘ni ko‘rsatish mumkin. Ahamiyatlisi, biz tashkil etgan tarkib AGMKdan ketganimizdan so‘ng mana shunday muvaffaqiyatga erishgan.
- O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida “Mash’al”, “Nasaf” hamda AGMK klublarini boshqardingiz va ko‘plab futbolchilarni tarbiyalab, ularni kashf qila olgandingiz. O‘zingiz ustozlik qilgan jamoalardagi futbolchilardan iborat ramziy terma jamoani tuzib bera olasizmi?
- Darvozada Mixail Naumov, Himoyada Anvar G‘ofurov, Xayrulla Karimov, Kamoliddin Kenjaev va Artyom Filiposyan. Yarim himoyada Aziz Ibragimov, Lutfulla To‘raev, Rustam Qodirov, Shuhrat Mirxoldirshaev (u hujumkor yarim himoyachi). Hujumda Anvar Soliev bilan Kamoliddin Murzoev.
- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, Vadim Abramov boshchiligidagi milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga bora oladimi?
- Vadim Karlenovich Abramov - o‘ta tajribali va o‘zbek futbolini juda yaxshi biladigan mutaxassisdir. O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqish uchun murabbiy sifatida unda barcha sifatlar mujassam, deb o‘ylayman. Ammo bularning bari faqat Abramovning o‘zigagina bog‘liq emas. Bosh murabbiyda o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun nari borsa ixtiyorida bir hafta vaqt bo‘ladi xolos. Futbolchilarning natija uchun mas’uliyatni his qilishlari muhim omillardan biri sanaladi. Bulardan tashqari, muvaffaqiyatga erishish uchun yana quyidagi jihatlar zarur:
- rahbariyat tomonidan murabbiy tuzgan dasturning qo‘llab-quvvatlanishi;
- raqiblar o‘yinini sinchiklab kuzatish va tahlil qilish imkonini beradigan barcha qulayliklar;
- futbolchilarning safar o‘yinlariga biror-bir muammosiz borib kelishi ta’minlanishi zarur. Agar sanab o‘tilgan bu omillar amalga oshirilsa, terma jamoadan bemalol maksimal natijani kutsa bo‘laveradi.
Fikrlar