
"Qo‘qon-1912": Yaxshi natija, katta maqsad va ko‘plab muammolarga ega klub!
O‘zbekiston Coca Cola Superligasi yakunlariga ko‘ra, “Qo‘qon-1912” musobaqani 5-pog‘onada yakunladi. Klub mavsum davomida beqaror o‘yinlar namoyish etib keldi. Juda ko‘plab uchrashuvlarda turnir autsayderlariga ochkolar ulashdi. Aks holda, jamoani yanada yuqoriroqda, medallar zonasida ham ko‘rishimiz mumkin edi. Shuningdek, qo‘qonliklarning chempionat favoritlariga qarshi bellashuvlarda juda kam g‘alabaga erishganiga guvoh bo‘lamiz. Jamoa himoyasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, hujumdagi futbolchilar o‘z vaziyatlaridan unumli foydalanib, g‘alabalarni ta’minlamas ekan, natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Hujum chizig‘idagi muammoni oddiy statistika isbotlab beradi: jamoa to‘purari himoyachi Murod Xolmuhammedov (12 ta gol)! Markaziy hujum vakillari Filip Raevats, Shohnazar Norbekov va Suxrob Berdievning gollarini umumlashtirsak, 6 ta chiqadi, xolos. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Qo‘qon-1912”ning mavsumni 5-o‘rinda yakunlashi tushunarli.
Kubokda tarkibdagi kamchiliklar pand berganini ko‘rdik. “Paxtakor”ning yarim finalda ularni mutlaq mag‘lubiyatga uchratishi kutilgan edi. Jamoani legionerlar tark etdi. Mamlakat chempionlariga qarshi bellashuvda Baxtiyor Ashurmatov akademiya futbolchilaridan ham foydalanishga majbur bo‘ldi. Qo‘qonliklar Ispaniya terma jamoasi emasdiki, hujumchisiz ham katta yutuqlarga erisha olsa! Klub matbuot kotibi Akramjon Mamadalievdan legionerlarning ketishi haqida so‘raganimizda quyidagicha javob oldik:
- Legionerlar bilan shartnomamiz joriy yilning 1-dekabrigacha amal qilar edi. Qisqa muddatli kubok uchun shartnomalarni uzaytirmaslikka qaror qilindi. Yosovich qaytishi mumkin, ammo hozircha bir narsa deb bo‘lmaydi. Yangi yildan so‘ng, bu borada aniq gap ayta olishimiz mumkin bo‘ladi.
Bu mavzu xususida “Qo‘qon-1912” klubining bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ham “Paxtakor”ga qarshi Kubok yarim finali uchrashuvidan so‘ng gapirib o‘tdi:
- Futbolchilarimiz borlarini berishdi. Ularga hech qanday e’tirozim yo‘q. Raqib safida yaxshi ijrochilar yig‘ilganligi, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ham o‘yinni kuchaytira olgani yakunda o‘z so‘zini aytdi. Uchrashuv oldidan tarkibimizda yuz bergan yo‘qotishlar ham o‘yinimizga ta’sir qildi. Zaxiramizda o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilar qolmaganini ham ta’kidlash joiz. Muxlislar hujumni kuchaytirishni talab qilishdi. Norbekovni tushirdik, afsuski, Shohnazar o‘yinga tayyor emas edi. Endi yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Legionerlarimiz 11 oy davomida uylariga borishmagandi. Bilasizlar, Yosovich jarohatlangan. Baribir u qolgan bahslarda maydonga tusha olmasdi. Shuni ham inobatga olgan holda legionerlarga ruxsat berdik. Ivan yangi mavsumda ham jamoamiz safida o‘ynashi mumkin”.
“Transfermarkt.de” nashri ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, klubdagi 5 ta futbolchi: Jasur Yoqubov, Avaz Mamatxojiev, Oybek Rustamov, Muhammadanas Hasanov va Iqbol Malikjonovdan tashqari hammada 31-dekabr sanasida shartnoma muddati tugaydi. Xo‘sh, qolgan futbolchilarning kelajagi nima bo‘ladi?
Ushbu savol bilan murojaat etganimizda, matbuot kotibi quyidagi fikrlarni bildirdi:
- Ayni paytda klubimizdagi barcha futbolchilar bilan shartnoma uzaytirish ishlari olib borilmoqda. Kelgusi mavsumda deyarli barchalari biz bilan bo‘ladi. Jamoa etakchilarining ham klubda qolishi kutilmoqda.
Demak, kelgusi mavsumda qo‘qonliklar tarkibining o‘zagi saqlanib qoladi. Kuni kecha klub rasmiy “Telegram” sahifasi Mo‘min Meliev va Farhod Bekmurodov xaridini rasman e’lon qildi. Demak, klub rahbarlari va muxlislarining azaliy orzusi hisoblangan xalqaro maydon yo‘llanmasi uchun jiddiy kurash boshlanmoqda. Ammo ushbu jamoadagi ba’zi bir jihatlar hali Osiyo darajasida emasdek. Avvalo, maydon holati. “Paxtakor”ga qarshi kubok yarim finalini qabul qilgan “Markaziy” o‘yingohi Superliga talablariga ham javob bermasa kerak. Ha, maydon chimi masalalarini hal qilish juda ko‘p vaqt va mablag‘ oladi. Ammo vodiyda stadionlar kam emas-ku! “Buxoro” klubi minglab muxlislari armiyasini 2020 yildan mahrum etib bo‘lsa-da, stadionini rekonstruktsiya qilmoqda. Uy uchrashuvlari Qashqadaryodagi “Bahrom Vafoev” stadionida o‘tkazildi. Buxorodan Muborakkacha bo‘lgan yo‘l qariyb 90 kilometrni tashkil etadi. Qo‘qon va Yaypan o‘rtasidagi masofa bundan 3 barobar kam. Shuningdek, viloyat markazi Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadioni ham milliy chempionatimiz o‘yinlarini qabul qila olish darajasida. Pandemiya davridagi iqtisodiy qiyinchiliklar bu boradagi muammolar uchun bahona bo‘la olmaydi. Chunki, bu kabi kamchiliklar avval ham mavjud edi. Stadiondagi yoritish tizimi bilan bog‘liq muammolar mavsum avvalida PFL tomonidan qayd etilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qondagi “Markaziy” stadion yoritish tizimi Superliganing 14 jamoasi ichidagi eng yomon ko‘rsatkichga ega. Qo‘qonliklar stadionida yorug‘lik darajasi 100 lyuksni tashkil etadi. PFL qaroriga ko‘ra, kelgusi mavsumdan yoritilish darajasi 1200 lyuksdan kamroq bo‘lgan stadionlarda Superliga bahslari o‘tkazilishiga ruxsat berilmaydi.
Moliyaviy qiyinchiliklarni gapirish mutlaqo noo‘rin. Jamoaga keragicha naf keltira olmayotgan legionerlarga pul sarflashdan ko‘ra, kelgusida o‘zimiz uchun foyda keltiradigan ishlarga sarmoya kiritish muhimroq.
Bundan tashqari, stadionda matbuot xizmati xodimlariga yaratilgan sharoitlar ham to‘la-to‘kis, deb bo‘lmaydi. Bunday muammo milliy birinchiligimiz jamoalarining bir nechtasida mavjudligi rost. Ammo Superligada 5-o‘rinni egallagan va medallar uchun ham da’vogarlik qilgan klubga bu kabi holatlar yarashmaydi, nazarimda. Yana O‘zbekiston Kubogi yarim finalidagi o‘yinga e’tiboringizni qaratishga majburmiz. “Paxtakor”ga qarshi bellashuv davomida bir qator jurnalistlarga media tribunada joy etishmay qoldi. OAV vakillari uchun ajratilgan zona anchagina tor. Tasavvur qiling, “Qo‘qon-1912” OChL yoki OFK kubogida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Qo‘qondagi o‘yinni yoritish uchun borgan jurnalistlarning yarmi tik oyoqda…
Albatta, bu nuqsonlarning kelgusida bartaraf etilishidan umidvormiz. Tanqid - kelajak mevasi, deyishadi. 2021 yilgi mavsumda Superliga taxti uchun talashadigan klublarimiz qatorida “Qo‘qon-1912”ning ham bo‘lishini chin yurakdan xohlaymiz. Biz qolgan jamoalardan kutganimiz kabi ulardan ham rivojlanish va ishga professional yondashuvni talab qilamiz, xolos.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar