
Quvondiq Ro‘ziev: "Klubimdagilar bir nechta o‘zbek futbolchilariga qiziqishdi va ularni telefon raqamlarigacha berdim"
O‘tgan yilning yozida “Turon” klubidan Malayziyaning “Shri Paxang” jamoasiga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz Quvondiq Ro‘ziev ayni paytda qishki ta’tilda bo‘lib turibdi.
Futbolchimiz o‘z jamoasi bilan chempionatda 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Malayziya Superligasida futbolchimiz 11 ta uchrashuvda maydonga tushib 1 ta gol urdi. Futbolchi Sports.uz uchun biroz vaqt ajratdi.
Malayziyadagi dastlabki faoliyati qanday kechdi?
- Malayziyadagi yarim yillik faoliyatimdan juda mamnunman. Men kutganimdan ham a’lo darajada o‘tdi. To‘g‘ri, ko‘nikish jarayoni biroz qiyin kechdi. Boshida bir oycha moslashishda qiynaldim, ayniqsa, ovqatdan. Til muammosi ham bo‘ldi. U erda ko‘proq ingliz tilida muloqot qilisharkan. Shu bois tilda ham biroz muammo bo‘ldi. Jamoada hamyurtim Sherzod Fayziev bilan birga to‘p surardik. Moslashishimga, til o‘rganishimga Sherzod aka katta yordam berdi.
Shartnomasi va qachon qaytishi haqida
- Jamoam bilan yana bir yillik shartnomam bor. Katta ehtimol bilan yana yangi mavsumni ham Malayziya chempionatida davom ettiraman. U erga yanvar oyi oxiri, fevralni boshlarida qaytaman. Malayziyada chempionat aprelning oxirlari yoki mayning boshlarida start olishi rejalashtirilgan.
Takliflar xususida
- O‘tgan yili ikkinchi davrada Malayziya chempionatiga borib, faoliyatimni davom ettirdim. Ungacha o‘zimizni klublardan ham takliflar bo‘ldi. Lekin o‘shanda legioner sifatida to‘p surishni qattiq xohlaganligim sababli hozirgi klubim – “Sri Paxang”ni tanlaganman.
Ro‘ziev jamoasidagilar yana o‘zbekistonlik futbolchilarga qiziqishdimi?
- Bu narsa sodir bo‘ldi. Bir nechta hujumchilarimizga qiziqish bildirishdi. Ularni telefon raqamlarigacha klub xodimlariga olib berdim, gaplashishdi. Menimcha, kelishuv oxirigacha etib bormadi va to‘xtab qoldi. Lekin ularda bizga o‘xshab transfer oynasi hali ochiq. Balki birorta o‘zbek o‘yinchisi kelib qo‘shilar. Bundan faqat xursand bo‘laman. Chunki o‘zimga ham osonroq bo‘lardi.
Ular kimlar edi?
- Hozirda jamoamiz hujumchi izlamoqda. Shu sababli bir nechta o‘zbek hujumchilariga qiziqish bildirishdi. Ammo aytganimdek, kelishuv oxirigacha etib bormaganligi sababli ularning nomlarini aytganim bilan foydasi yo‘q. Shu bois aytishim noto‘g‘ri, deb o‘ylayman.
Hamyurtimiz xorijdagi faoliyati orqali nimani o‘rgandi?
- Legioner sifatida to‘p surish nisbatan mas’uliyatliroq. Futbolchi sifatida emas, balki inson tariqasida oiladan, ota-onadan, farzandlardan uzoqda yashash, ularni sog‘inchi...Yana ko‘p narsalarni qadriga etishingizga sababchi bo‘larkan. Shu bois ko‘p narsani borida qadriga etishimiz kerak ekan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar