Rafael Leau agentlari Angliyada uchta klub eshigini qoqdi
Italiyaning “Milan” klubi qanot hujumchisi Rafael Leau Angliya Premier-ligasining uch klubiga taklif qilingan bo‘lib, ulardan biri kutilmaganda “Lids Yunayted” bo‘ldi.
Leau iyun oyida o‘z faoliyatida “yangi chaqiriq”ni qabul qilish istagini ochiq aytgan edi. Shuningdek, u Premier-liga klubidan taklif olsa, “juda xursand bo‘lishini” ham ta’kidlagan.
Rafaelning Angliyada o‘ynash istagi shu qadar kuchliki, uning manfaatlarini himoya qilayotgan agentlik futbolchini bir qator ingliz klublariga mustaqil ravishda taklif qilgan.
Jurnalist Ben Jeykobs ma’lum qilishicha, 27 yoshli Portugaliya terma jamoasi futbolchisi “Manchester Yunayted”, “Arsenal” va “Lids Yunayted”ga taklif etilgan.
Biroq Jeykobsning ta’kidlashicha, transferning qimmatligi sababli Leauning Premier-ligaga ko‘chib o‘tishi hozircha ehtimoldan yiroq. Ayni paytda uning Turkiyaga yo‘l olishi ehtimoli yuqoriroq bo‘lib, futbolchiga “Galatasaroy” va “Fenerbahche” qiziqish bildirmoqda.
Qanot hujumchisi hisoblanishiga qaramay, Leau o‘tgan mavsumning katta qismini markaziy hujumchi sifatida o‘tkazdi. U “Milan” safida 31 ta uchrashuvda ishtirok etib, 9 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.

Fikrlar