"Rahbariyat menga to‘liq ishonadi" - Shatskix chempionlik, tanqidlar, O‘runov, legionerlar va klubdagi rejasi haqida
“Paxtakor” yana O‘zbekiston chempionatida tengsiz bo‘ldi va yana 1-o‘rinni band qildi. Jamoa bosh murabbiyi Maksim Shatskix “Sherlar” bilan ketma-ket ikkinchi chempionlikni tantana qilishga erishdi. Sports.uz jurnalisti esa Shatskix bilan suhbatlashdi.
- Maksim Aleksandrovich chempionlik bilan tabriklaymiz. “Paxtakor” bilan ketma-ket ikkinchi yil shohsupaga ko‘tarildingiz. Ammo yil davomida muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘lib turdi. Shunga qaramasdan jamoangiz eng ko‘p ochkoni jamg‘ardi. Sizga ham mavsum yoqdimi?
- Tabrik uchun katta rahmat! Ha, mavsum davomida omadsiz uchrashuvlar ham bo‘ldi, ammo bu oddiy hol. Chunki butun mavsumni yutqazib qo‘ymay, bir tekis olib boradigan jamoaning o‘zi bo‘lmaydi. G‘alaba uchun esa intilish kerak! Umuman olganda, mavsumdan ko‘nglimiz to‘ldi. Axir, biz oldimizda turgan vazifani bajardik. Biz-chempionlarmiz!
- Albatta, chempionat mobaynida sizni ham tanqid qilishdi. Masalan, Kubokni erta tark etdinglar. Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichidan chiqa olmadinglar. Sizningcha, chempionlik barcha omadsizliklarni yuvdimi?
- O‘rinli va to‘g‘ri tanqid - agarda bular faktlar bilan asoslangan bo‘lsa, barchasiga roziman! Biroq tanqid qilish uchun u yoki bu natijaning sababini yaxshi ilg‘amoq kerak. Omad kulib boqmaydigan bo‘lsa, barcha urinish bekor. Ha, ayrim uchrashuvlar chog‘ida himoyadagi o‘yinimiz kutilgan darajada chiqmadi va buni tan olish kerak. Shuningdek, hujumlar chog‘ida ham fikrni bir joyga jamlash asnosida bizda muammo kuzatildi. Ayniqsa, yakuniy bosqichda hujumchilarimizga individual mahorat etishmay qoldi.
- Bu yil taklif qilingan xorijlik futbolchilarning aksariyati klubga yordam bera olmadi. Ularni taklif qilish xatomidi?
- Biz xato qildik, deb o‘ylamayman. Legionerlar maydonda o‘tkazgan vaqt borasida ularga e’tiroz yo‘q. Ha, albatta, ko‘prog‘ini istagandik! Joriy yilda biz katta ko‘lamli ishlar olib bordik va yaxshi ishladik. Yigitlar o‘z oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad - chempionlik unvonini qo‘lga kiritishni uddalay oldilar. Bu esa judayam muhim masala!
- Maksim Aleksandrovich, 2024 yilda ham “Paxtakor”da ishlashda davom etasizmi?
- Ha, albatta, rahbariyat menga to‘liq ishonadi va buning uchun o‘z navbatida men ulardan minnatdor bo‘lmog‘im kerak. Bundan keyin ham o‘z ishimizni yanada sifatli bajarish uchun astoydil ishlashimiz darkor.
- Tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishini eshitdim. Necha foizga o‘zgaradi?
- Chempionat boshlansin, hammasini bilib olamiz.
- Shuningdek, Rubin Xebayga qiziqishingiz rostmi?
- Yo‘q, qiziqtirmaydi!
- Yil davomida siz uchun eng qiyin va asabiy o‘yin qaysi bo‘ldi?
- O‘yin sifati borasida yigitlarga hech qanday e’tiroz yo‘q. Ammo ayrim o‘yinlarning natijalari borasida bizga biroz keskinlik va sovuqqonlik etishmay qolganini yuqorida qayd etib o‘tdim. Demak, bu borada qattiq ishlashimiz darkor.
- Oston O‘runov borasidagi savol ham ko‘pchilikni qiziqtiryapti. Unga taklif bilan chiqdinglarmi?
- Hammasi vaqti soati bilan. Vaqti kelsin, buni barcha bilib oladi.
- Dragan Cheran qariyapti. Lekin ketma-ket beshinchi yildirki eng yaxshi to‘purar bo‘lib kelyapti. U yana klubdagi faoliyatini davom ettiradimi?
- Ha, Dragan shartnomasini uzaytirdi. Bundan keyin ham uning bizga yordami tegishiga ishonamiz!
- Yangi mavsum uchun rejalar qanday?
- Ishlash va faqat ishlash kerak. O‘z oldimizga katta maqsadlar va vazifalarni qo‘yganmiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
дикку ахволини молиявий томондан олиб карасак хам
Чемпионликка 1млрд
Гурухдан чикса. 3 млрд
Шацкихга барибирда Пахтакор обрусини ту́кди
Пахтакор рахбарларини акли
бу́лса Шацкихдан кутилиш кеак