Ravshan Haydarov Janubiy Koreya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng fikr bildirdi
Saudiya Arabistonida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi davom etmoqda. “C” guruhidan joy olgan O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruhni birinchi o‘rinda yakunladi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov hamda gol muallifi Behruz Karimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ravshan Haydarov:
"Avvalambor, keyingi bosqichga chiqqanimiz va chiroyli g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Muhim qadam qo‘ydik. O‘yindan keyin futbolchilarga yana bir bor rahmat aytdim. Yigitlar ishlab chiqilgan rejani a’lo darajada bajarishdi.
Matonat, aql va sabr bilan o‘ynadik. Birinchi bo‘limda Janubiy Koreya to‘p nazoratida ustunlikka ega bo‘ldi, biroq biz sabr bilan, reja asosida harakat qildik.
Guruhdan chiqish — maqsadimiz sari qo‘yilgan birinchi qadam edi. Endi navbat pley-off uchrashuvlariga. Ertaga raqibimiz aniq bo‘ladi. Rotatsiyalar ham bo‘lishi mumkin, zahirada ham sifatli futbolchilarimiz bor. Maqsadimiz — o‘yindan o‘yinga o‘sib borish.
Eng muhimi, futbolchilar o‘yin rejasi va strategiyaga to‘liq amal qilishdi. O‘yinni tushunib, individual mahoratni qo‘shgan holda natijaga erishamiz. Maqsadimiz aniq — chempionlik uchun kurashamiz."
Behruz Karimov:
"Assalomu alaykum. Bugungi o‘yin juda ajoyib va emotsiyalarga boy bo‘ldi. Xudoga shukr, g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqdik. Endi navbatdagi uchrashuvlarga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Biz bu yerga shunchaki ishtirok etish uchun kelmadik. Yoshimiz kichik bo‘lishi mumkin, ammo maqsadimiz katta — chempionlik. Biz uchun har bir o‘yin finaldek.
Oldingi uchrashuvlarda imkoniyatlarim bo‘lmadi. Bugun esa vaziyat yuzaga keldi va ikkilamasdan zarba berdim. Natijada gol urishga muvaffaq bo‘ldim."
Fikrlar