“Real” pleymeykerga muhtoj! Gyuler va Bellingem rahbariyatni qoniqtirmadi
Madridning “Real” klubi o‘tgan yozda Luka Modrich ketganidan so‘ng markaziy yarim himoyani kuchaytirish zarurligini anglab yetmoqda.
Jurnalist Xorxe Pikonning xabar berishicha, klub o‘tgan mavsumning o‘zidayoq xorvat futbolchisini almashtira oladigan kreativ yarim himoyachini izlagan, ammo biror nomzod rahbariyatni to‘liq qoniqtirmagan edi.
Qimmat futbolchilar budjetga to‘g‘ri kelmagan, arzonroq transfer narxiga ega yoshlar esa talablariga javob bermagan. Bu pozitsiya uchun Arda Gyuler va Jud Bellingem ko‘rib chiqilgan, ammo Gyuler hozircha bu rolga tayyor emas va yangi vazifalarga moslashishi uchun unga ko‘proq vaqt kerak.
Jud Bellingem esa ko‘proq hujumni yakunlovchi futbolchi sifatida to‘p tepishni ma’qul ko‘rmoqda va o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazish uchun o‘ynashini bildirgan.
Tarkibning zaif nuqtasini yopish uchun “Real”ning asosiy maqsadi PSJ futbolchisi Vitin’ya bo‘lib qolmoqda, ammo ayni paytda bu transfer deyarli amalga oshmaydigan deb baholanyapti.
Fikrlar