"Roland Garros". Asosiy favorit kurashga qo‘shildi, saralanganlar haqiqiy jang o‘tkazdi

  • 30.09.2020 00:57
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Tennis

"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa hisoblanadigan "Roland Garros" turnirida navbatdagi kun bahslari o‘tkazildi.

Musobaqaning birinchi raqam ostida saralangan sportchisi Novak Jokovich bugun o‘z yurishini boshladi. Shvetsiyalik Mikael Imerga qarshi kortga chiqqan serbiyalik ortiqcha qiyinchiliksiz keyingi bosqich masalasini hal qildi. Yakuniy hisob: 6:0, 6:2, 6:3.

Yana bir saralangan raketka ustasi Matteo Berrettini kanadalik Vashek Pospishil ustidan 3 set yakuniga ko‘ra g‘alaba qozondi. Bahs davomida ustunlik qilgan italiyalik yakunda 6:3, 6:1, 6:3 hisoblarida zafar quchdi.

Kunning eng dramatik bellashuvida Sem Kuerri hamda Andrey Rublyov kortga chiqdi. 5 set davom etgan uchrashuvda Rublyov ajoyib kambek amalga oshirdi. Dastlabki ikki setni tay-brekda amerikalik raqibiga boy bergan Andrey keyingi setlarda o‘zida iroda topa oldi. 3-setni o‘z foydasiga hal qilib, ruhiy ustunlikka ega bo‘lgan rus sportchisi qolganlarida ham raqibiga imkoniyat qoldirmadi. Yakuniy hisob: 6:7, 6:7, 7:5, 6:4, 6:3.

Shuningdek, intrigaga boy o‘tgan Xaume Muner hamda Stefano Tsitsipas bahsi ham hech kimni befarq qoldirmadi. 5-tartib raqam ostida saralangan gretsiyalik Stefano o‘yin oldidan favorit maqomida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, dastlabki 2 ta setni ispaniyalik raqibiga yutqazib qo‘ydi. Ammo u ham 3-setni uchrashuvning burilish nuqtasiga aylantira oldi va yakunda katta tajribasi evaziga g‘alabani ilib ketdi. Yakuniy hisob: 4:6, 2:6, 6:1, 6:4, 6:4.

Kuchlilar safida e’tirof etiladigan tennischilarning yana bir bahsida Denis Shapovalov va Jil Simon o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib olishdi. Uchrashuvda yosh kanadalik sportchi Shapovalov tajribali raqibini 6:2, 7:5, 5:7, 6:3 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!