
"Roland Garros". Kutilgan natijalar hamda Vavrinkaning sensatsion mag‘lubiyati kun bezagiga aylandi
"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa hisoblanadigan "Roland Garros" turnirida 3-bosqichning dastlabki kun bahslari o‘tkazildi.
Bugungi kun bellashuvlarida ham aksariyat sportchilar o‘z nomi va reytingiga mos o‘yin ko‘rsatdi. Xususan, turnir chempionligi uchun asosiy favoritlardan biri Rafael Nadal keyingi bosqich masalasini ancha oson hal etdi. Italiyalik Stefano Travalyaga qarshi kortga chiqqan Nadal 6:1, 6:4, 6:0 hisoblarida zafar quchdi.
Raqibiga deyarli imkoniyat qoldirmagan yana bir raketka ustasi avstriyalik Dominik Tim bu bosqichda norvegiyalik Kasper Ruud bilan o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib oldi. 3 set davom etgan bellashuv 3-tartib raqam ostida saralangan tennischining 6:4, 6:3, 6:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topdi.
Yosh tennischi Aleksandr Zverev ham bu bosqichda ortiqcha muammoga duch kelmadi. Italiyalik Marko Chekkinatoga qarshi bahs olib borgan nemis raketka ustasi 3 set yakuniga ko‘ra, 4-bosqich masalasini ijobiy hal qildi. Yakuniy hisob: 6:1, 7:5, 6:3.
Shuningdek, yuqori darajali sportchilar qatorida e’tirof etiladigan yana bir tennischi Diego Shvartsman ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oldi. Serbiyalik Norbert Gombosh qarshiligini 3 setda sindira olgan argentinalik raketka ustasi yakunda 7:6 (7:3), 6:3, 6:3 hisoblarida zafar quchdi.
Ammo har kuni kamida bitta sensatsiya yuz berishi odat tusiga kirib borayotgandek, go‘yo. Bu noxush an’ana davom etishiga o‘zi istamagan holda sababchi bo‘lgan shveytsariyalik Stanislas Vavrinka frantsiyalik Gyugo Gastonga qarshi dramatik uchrashuv o‘tkazdi. Dastlabki setda g‘alaba qozongan Sten keyingi ikki setni raqibiga boy berdi. Ammo tarozi pallalarini tenglashtira olgan Vavrinka hal qiluvchi setga mutlaqo tayyor emasdi. Yakuniy hisob 2:6, 6:3, 6:3, 4:6, 6:0 Gaston foydasiga.
Fikrlar