
“Roma” 13 nafar futbolchi bilan xayrlashdi. Shomurodov bilan ham!
FIFA kunlari munosabati aksariyat klublar o‘z o‘yinchilarini terma jamoalar ixtiyoriga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston terma jamoasi sardori va eng yaxshi to‘purari Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Roma” klubining Trigoriyadagi mashg‘ulotlar bazasi ham bo‘shab qoldi.
Italiya futbolini yoritayotgan nufuzli nashrlardan biri laroma24.it sayti Rim klubidan o‘z mamlakatlari terma jamoalariga yo‘l olgan futbolchilar haqida ma’lumot tarqatdi.
- “Roma”da hali o‘z o‘yin uslubini shakllantira olmagan bosh murabbiy Ivan Yurich yana ikki hafta davomida to‘liq tarkib bilan ishlay olmaydi. Xorvatiyalik mutaxassis jamoada qolgan o‘yinchilar bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi.
Vaziyatning murakkabligi shundaki, birinchi jamoadan 13 nafar futbolchi o‘z yurti terma jamoalariga jo‘nab ketdi.
Xususan, darvozabonlardan Metyu Rayan Avstraliyaga, Renato Marin Italiya yoshlar terma jamoasiga yo‘l oldi.
Afrika qit’asi terma jamoalari sharafini himoya qiladigan Evan Ndika Kot-d'Ivuarga chaqirtirildi.
“Roma”ning italiyalik o‘yinchilaridan Nikolo Pizilli, Lorentso Pellegrini, Tommazo Baldantsi, frantsiyalik Manu Kone, polshalik Nikola Zalevski, turkiyalik Zeki Chelik va ukrainalik Artyom Dovbik Evropa miqyosidagi uchrashuvlarda ishtirok etadi va Rimdan juda uzoqlashib ketmaydi.
Argentina terma jamoasining tajribali o‘yinchilaridan Leandro Paredes ummonortiga borishi kerak. Uning hamyurtlaridan Paulo Dibala jarohati tufayli hali terma jamoa chaqiruviga yakuniy javobini aytgani yo‘q. Matias Sule esa, o‘yinidagi pasayish tuayli bu gal Lionel Skalonidan taklif olmadi.
“Roma” safidagi osiyolik ikki futbolchi – Eldor Shomurodov va Abdulhamid Saud 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun qit’a miqyosidagi saralash turnirining hal qiluvchi uchinchi bosqichda o‘z mamlakatlari sharafini himoya qilishi kerak, - deb yozmoqda laroma24.it sayti.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning elkasida juda mas’uliyatli va og‘ir yuk turibdi. Saralash musobaqasini ikkita g‘alaba bilan boshlagan hamyurtlarimiz guruhda Eron bilan birga peshqadamlik qilmoqda. Srechko Katanets shogirdlari 10 oktyabr kuni Toshkentda forslarni qabul qiladi. Mana shu uchrashuv guruh peshqadami masalasiga oydinlik kiritishi kerak.
15 oktyabrdagi o‘yin guruhda uchinchi pog‘onada joylashgan, O‘zbekiston va Eronning eng asosiy ta’qibchisiga aylangan Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi bilan bo‘ladi. Biz Toshkentda o‘tkaziladigan ikki asosiy raqibga qarshi eng muhim uchrashuvlarda yuz foizlik natija qayd etishimiz kerak.
Musobaqa qoidasiga ko‘ra, oltitadan ishtirokchini birlashtirgan uchta guruhdan dastlabki ikki pog‘onani egallagan terma jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘llanma oladi. Keyingi ikki o‘rin sohiblari saralash uchrashuvlarini davom ettiradi. Qolgan jamoalar yurishini to‘xtatadi.
Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar hisoblanadi. 29 yoshli forvard xalqaro maydonda 75 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 41 marotaba ishg‘ol qilgan.
TsSKAni “qora an’ana”dan qutqargan Fayzullaev nimalar dedi?
Husanov qarshisida Frantsiya hujumchilari titraydigan bo‘lib qoldi...
Fikrlar