
“Roma” qalbimda qoladi...
Joriy mavsumda Italiya chempioni – “Inter” sharafini himoya qilayotgan Edin Jeko Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida “Roma”da o‘ynagan davrlarini ham esga oldi.
- Men “Manchester Siti”da qolishim mumkin edi. Hali yana uch yillik shartnomam bor edi. Lekin bosh murabbiy Manuel Pellegrini bilan kelisha olmadim. Men o‘shanda hali 30 ga ham kirmagan edim va yuqori saviyada o‘ynash istagi kuchli bo‘lgan. Zaxirada o‘rindig‘ida o‘tirib, vaqt o‘tkazishni xohlamaganman.
Aynan mana shu sabab tufayli “Roma”ni tanlaganman. Bundan hech ham afsus qilmadim, aksincha xursandman.
Rimda menga etishmagan yagona narsa – sovrin bo‘ldi. Qolgan hamma olti yillik ajoyib muddat ichida jamlangan. Shaxsiy faoliyatimda ham xuddi “Roma”nikiday ko‘tarilish va pasayish kuzatilgan damlar ham bo‘ldi. “Roma” har doim qalbimda qoladi.
Hozir men “Inter” uchun o‘ynayapman va skudettoni qo‘lga kiritishni istayman.
Menga buyuk sardor Franchesko Totti bilan birga o‘ynash juda yoqqan. Biz u bilan boshdan kechirgan sayohatlar bilan faxrlanaman. U faoliyatini shunday tugatgani achinarli. Men Tottini avvalroq uchratmaganimdan ham afsuslanaman, chunki undan ko‘p narsa olishim mumkin edi, - dedi Edin Jeko.
35 yoshli bosniyalik to‘purar faoliyati davomida kuchli beshlik chempionatlarida “Volfsburg”, “Manchester Siti”, “Roma” va “Inter” jamoalarida to‘p tepgan. Bir karra Germaniya, ikki karra Angliya chempioni, Italiya Superkubogi sohibi hisoblanadi.
Edin Jeko Bosniya va Gertsegovina terma jamoasi safida 118 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 60 marotaba ishg‘ol qilgan.
Tajribali hujumchi joriy mavsumda "Inter" tarkibida jami 29 ta o‘yinda qatnashib, o‘z hisobiga 12 ta gol va ettita assist yozdirib qo‘ydi.
Dzanoloning maoshi oshadi
“Roma” oldida turgan eng muhim ishlardan biri jamoa etakchilaridan hisoblangan Nikolo Dzanolo bilan amaldagi shartnomani uzaytirishdir.
La Gazzetta dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, sport direktori Tyagu Pinto kelasi hafta 22 yoshli futbolchining agentlari bilan uchrashib, yangi shartnomani muhokama qiladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, rimliklar kelishuvni 2027 yilning yarmigacha cho‘zib, pleymeykerning maoshini 2,5 milliondan 3,5 million evroga ko‘tarmoqchi. Agar Dzanolo bu taklifni qabul qilsa, eng ko‘p maosh oladigan uchinchi “bo‘ri”ga aylanadi.
Hozircha, klubda eng ko‘p maoshni Temmi Abraxam va Lorentso Pellegrini olmoqda.
Mourino “Arsenal”dagi vaziyatdan foydalanmoqchi
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino o‘z jamoasiga “Arsenal” yarim himoyachisi Granit Jakaning kelishiga ishonch bildirmoqda.
La Gazzetta dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, Jakaning “Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta bilan munosabati buzilganidan keyin rimliklar sport direktori Tyagu Pinto “kanonirlar” bilan Jaka transferi bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklagan.
Mikel Arteta jamoasiga “Yuventus” yarim himoyachisi Arturni olib kelishga harakat qilmoqda. braziliyalik futbolchi vakillari muzokara uchun Londonga kelgani haqida xabarlar ham tarqatildi. Bu ispaniyalik mutaxassis 29 yoshli shveytsariyalik futbolchidan voz kechishga tayyor ekani va bu “Roma” o‘z maqsadiga etishishi mumkinligidan dalolat beradi.
“Arsenal” tomonidan 20 million evroga baholanayotgan Granit Jaka joriy mavsumda 13 ta uchrashuvda qatnashib, bitta golli pas uzatdi.
Fikrlar