
Ronaldino, Arteta, Anelka: futbolchi Pochettinoning PSJdagi jamoadoshlari
1970 yilda tashkil etilgan PSJ qatarlik shayxlar qo‘liga o‘tgunicha o‘rtamiyona natijalardan boshi chiqmagan bir klub edi. Albatta, bunda ularni hech ham aybsitmoqchi emasmiz. Zero, ular kelgusida Evropa futbolining ustunlariga aylangan bir qator futbolchilarning kamolga etishida o‘z hissasini qo‘shgan. Liga 1 dagi g‘alabalar esga olarli darajada emas. Ammo ularning 1996 yilgi Kubok egalari kubogini yutgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. 2001/2002 yilgi mavsumda Frantsiya nomidan Evropa nufuzli turnirlarida ishtirok etgan klublardan biri bo‘lgan parijliklar tom ma’noda, o‘zlarini barchaga tanitib qo‘ygan. E’tiborlisi, ushbu tarkibda Maurisiu Pochettino ham bor edi. Uning sheriklari kelgusida futbol olamining dongdorlariga aylanib ketishdi. Biroq, ularning PSJda o‘ynaganini ko‘pchilik bilmaydi. Keling, o‘sha futbolchilarni birma-bir xotirlaymiz.
Darvozabon: Lionel Letitsi (196 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Nitstsa”, “Mets”, PSJ, “Reynjers”, “Nitstsa”
Letitsi o‘z faoliyatini “Nitstsa”da boshlagan va shu erda tugatgan. Ammo faoliyatining eng gullagan davrini PSJ libosida o‘tkazgani uchunmi, uni “Park de Prens”da ko‘proq eslashadi. 2000-2006 yillardagi samarali faoliyati orqali u muxlislar qalbidan o‘rin olishga muvaffaq bo‘lgan.
Frantsiya terma jamoasi tarkibida 4 ta uchrashuvda darvozani qo‘riqlagan Lionel Parij klubi bilan 2 marotaba mamlakat kubogida zafar quchgan. 2006 yilda “Reynjers”ga ko‘chib o‘tgan posbonning bu erdagi sarguzashtlari 6 oygina davom etdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Bernard Mendi (247 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Kan”, PSJ, “Bolton”, “Xall Siti”, “Odens”, “Brest”, “Chennayin”, “Apollon”, “Chennayin”, “Sharqiy Bengal”, “Chennayin”
2000 yilda PSJ safiga kelib qo‘shilgan Bernard Mendi o‘ng qanotda o‘zining eng ajoyib o‘yinlarini namoyish etdi. Kristobaldan asosiy tarkibni tortib olgan futbolchi 5 mavsum davomida klub o‘ng qanoti “bayrog‘i”ga aylandi.
Faoliyati davomida juda ko‘p klublarda harakat qilgani rost. Ammo o‘zining eng chiroyli o‘yinlarini Parijda o‘tkazgan.
Markaziy himoyachi: Maurisio Pochettino (95 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Nyuelz Old Boyz”, “Espanol”, PSJ, “Bordo”, “Espanol”
Marselo Belsaning afsonaviy “Nyuelz Old Boyz” jamoasi asosi bo‘lib xizmat qilgan Pochettino PSJga kelguniga qadar, “Espanol”da ham ko‘rinish berib ulgurgan. Qiziq tomoni shundaki, uning futbolchi sifatidagi tashrifi ham qishki transferlar oynasi davriga to‘g‘ri keladi. Parijliklar mudofaasi markazidagi ishonchli harakatlari evaziga Argentina terma jamoasining 2002 yilgi mundialdagi asosiy himoyachisi bo‘lgan. PSJdagi unumli yillaridan so‘ng, u bir muddat “Bordo” sharafini ham himoya qildi. So‘ngra, “Espanol”da “butsalarini mixga ildi”.
Markaziy himoyachi - Frederik Deyu (166 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Lans”, “Barselona”, PSJ, “Marsel”, “Levante”
“Lans” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Deyu “Barselona”da o‘z baxtini topa olmadi va Frantsiyaga qaytishga majbur bo‘ldi. PSJ unga quchog‘ini ochdi. 4 yillik chin ko‘ngildan qilingan mehnat tufayli u muxlislarning chuqur ehtiromiga sazovor bo‘ldi.
“Levante”da faoliyatini yakunlash oldidan “Marsel” libosida ham o‘ynashga ulgurdi.
Chap qanot himoyachisi: Gabriel Xayntse (132 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Nyuelz Old Boyz”, “Valyadolid”, “Sporting”, PSJ, “Manchester Yunayted”, “Real”, “Marsel”, “Roma”, “Nyuelz Old Boyz”
Pochettino kabi Xayntse ham 90-yillar Argentina futbolida haqiqiy shov-shuv ko‘targan “Nyuelz Old Boyz” safida harakat qilgan. PSJga kelishi avvalidan esa, Ispaniyada ham o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan.
Parijdagi yillar unga rosmana maktab vazifasini o‘tadi. Shu vaqt mobaynida terma jamoa murabbiylari va Evropa grandlari nazariga tushdi. Har holda, siz Xayntse nomini ko‘proq MYu va “Real”ga hamohang tarzda eslaysiz.
Markaziy yarim himoyachi: Mikel Arteta (53 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Barselona B”, PSJ, “Reynjers”, “Real Sosedad”, “Arsenal”, “Everton”
Professional faoliyatini “Barselona” o‘rinbosarlari tarkibida boshlagan Arteta asosiy jamoaga o‘tavermagach, PSJ 1,5 yilga uni ijaraga oladi. Parijda ham u o‘ta omadli davrni o‘tkazmagan. Faqat u futbolchi sifatida o‘sishga erishgan. Frantsiyada orttirilgan tajriba kelgusida unga Ispaniya va Angliya maydonlarida qo‘l keldi. Yodingizda a?!
Hujumkor yarim himoyachi: Ugu Leal (74 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Benfika”, “Alverka”, “Atletiko”, PSJ, “Portu”, “Akademika”, “Braga”, “Belenenses”, “Trofense”, “Salamanka”, “Vitoriya”, “Eshtoril”
Portugaliya futbolidagi yorqin nomlardan biri hisoblangan Ugu Leal o‘z millati vakillari orasida PSJ safida eng muvaffaqiyatli harakat qilgani hisoblanadi. Uning bosib o‘tgan yo‘liga qarasak ham, juda ko‘p portugal klublarida o‘ynaganini ko‘rishimiz mumkin. Ammo legioner sifatidagi faoliyati anchayin omadli kechganini ta’kidlab o‘tish joiz.
U PSJ bilan mamlakat kubogini yutgani bilan ham qadrlidir.
Hujumkor yarim himoyachi: Jey-Jey Okocha (112 ta)
Faoliyat olib borgan klublari: “Borussiya” Nyunkirxen, “Ayntraxt”, “Fenerbaxche”, PSJ, “Bolton”, “Qatar” SK, “Xall Siti”
1998 yilgi mundialda Nigeriya termasini oldinga etaklagan Okochani 14 million funt-sterling evaziga xarid qilgan PSJ juda katta yurishni amalga oshirgan. O‘shanda Jey-Jey afrikaliklar orasidagi eng qimmat futbolchiga aylangandi. Biroq, uning transferi kutilgan natijani bermadi. Ha, 4 mavsum davomida Okocha namoyish etgan o‘yinni yomon, deb bo‘lmaydi. Ammo o‘sha davr uchun 14 million katta summa hisoblanar, bu kabi narxga olib kelingan futbolchidan hamma mo‘jizalar kutardi.
2002 yilda nihoyat, parijliklar uni “Bolton”ga qo‘yib yuboradi.
Vinger: Ronaldino (76 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Gremio”, PSJ, “Barselona”, “Milan”, “Flamengo”, “Atletiko” Mineyro, “Keretaro”, “Fluminense”
Braziliya terma jamoasidagi yorqin o‘yinlari va “Gremio”da namoyish etgan futboli sabab PSJ “Ronni”ni o‘z safiga taklif qildi. Boshida, u qadar yaxshi natija bermaydigandek ko‘ringan bu kelishuv yakunda boshqacha ko‘rinish oldi. Ronaldino PSJ safida o‘tkazgan 76 ta bahsida 25 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qilishga erishdi.
2002 yilgi jahon chempionatidagi mo‘jizaviy harakatlari “Barselona”ni PSJ futbolchisi bilan shartnoma imzolashga majbur etdi. U yangi avlod “Barselona”sining yaratilishida muhim asos vazifasini o‘tadi. Jamoa bilan La Liga va Chempionlar Ligasida zafar quchdi. 2005 yilda esa, “Oltin to‘p”ni ham o‘ziniki qilib oldi.
Vinger: Aloiziu (78 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: “Flamengo”, “Guarani”, “Goias”, “Sent-Eten”, PSJ, “Rubin”, “Atletiko” Paranaense, “Sau Paulu”, “Al-Rayyan”, “Vasko Da Gama”, “Seara”, “Braziliense”, “Bruske”, SRB, “Gama”
Aloiziuni haqiqiy sayyoh, deb atasak bo‘ladi. Tinib-tinchimagan “qariya” bir necha yil avval 42 yoshidagina faoliyatini yakunladi. Uning eng kuchli davri deb, 2001-2003 yillar mobaynida Parijdagi sarguzashti yodga olinadi. Bundan keyingi faoliyatida Rossiya muzliklaridan Arabiston sahrolarigacha etib boradigan klublarni uchratishimiz mumkin.
Markaziy hujumchi: Nikolya Anelka (69 ta o‘yin)
Faoliyat olib borgan klublari: PSJ, “Arsenal”, “Real”, PSJ, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Fenerbaxche”, “Bolton”, “Chelsi”, “Shanxai Shengxua”, “Yuventus”, “Vest Bromvich”, “Mumbay Siti”
PSJda faoliyatini boshlagan va Arsen Venger nazariga tushgan paytda Anelkaning o‘zi ham kelgusida shuncha klubda o‘ynashini taxmin qilmagan bo‘lsa kerak. Ammo sharqiy Londondagi sarguzashtlar uzoq cho‘zilmadi. Nikolyaning “karnay” ishtahasi “Real” bergan ilk taklifniyoq qabul qildi. “Santiagu Bernabeu”dagi omadsizlikdan so‘ng, u yana birinchi klubiga qaytadi.
Bundan keyin ham hech bir klubda uzoq o‘ynamagan frantsuz futbol tarixidagi eng ko‘p jamoada o‘ynagan futbolchilar qatoridan joy oldi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar