RonaldU AQSh va Meksikaga qarshi uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishi mumkin
"An-Nasr" klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu mushaklaridan jarohat oldi va ikki haftadan to‘rt haftagacha safdan chiqishi mumkin, deya xabar bermoqda insayder Fabrizio Romano.
Jarohat tufayli Ronaldu Portugaliya terma jamoasining yaqinlashib kelayotgan yig‘inida ishtirok etmasligi istisno etilmayapti. Bo‘lajak yig‘in doirasida Portugaliya terma jamoasi Meksika (29 mart) va AQSh (1 aprel) terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishni rejalashtirgan.
Yaqin vaqt ichida 41 yoshli portugalialik futbolchi qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va tiklanishning aniq muddatlari belgilanadi.
Avvalroq, klub Ronalduning Saudiya Arabistoni chempionati doirasida "Al-Feyha" klubi bilan o‘tkazgan so‘nggi uchrashuvidan keyin tizza osti payidan jarohat olgani haqida xabar bergan edi.
Fikrlar