
Ronaldu dunyoning barcha to‘purarlariga “dam berdi”
Krishtianu Ronaldu 2023 yilning eng yaxshi to‘purari nomini qo‘lga kiritdi. 38 yoshli yulduz ko‘p gol urishda barcha raqobatchilarini ortda qoldirdi.
Portugaliya terma jamoasi va “An-Nasr” hujumchisi yil davomida klub va xalqaro miqyosda jami 58 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 53 marotaba ishg‘ol qildi. Ronaldu hisobida yana bitta o‘yin bor va u gollari sonini yana oshirib olish imkoniga ega.
Uning eng yaqin ta’qibchilari bu yil boshqa maydonga tushmaydi. Ikkinchi o‘rinda qolgan PSJ va Frantsiya terma jamoasi forvarli Kilia Mbappe yilni 52 ta gol bilan yakunladi. Bu ko‘rsatkichga erishish uchun 25 yoshli hujumchiga 53 ta o‘yin kifoya qildi.
Yozda “Bavariya”ga ko‘chib o‘tgan Angliya terma jamoasi to‘purari Harri Keyn bu yilgi gollar hisobini “Tottenxem”da ochgan edi. Keyn ham Mbappe singari o‘z hisobiga 52 ta gol yozdirdi. Biroq buning uchun 30 yoshli forvardga ko‘proq – 57 ta o‘yin kerak bo‘ldi.
Mavsum oxirida jarohat olgan Erling Xoland esa, gollari sonini 50 tadan oshira olmadi. Norvegiyalik futbolchi 60 ta uchrashuvda shu natijani qayd etdi.
Fikrlar