Ro‘ziqul Berdiev: "Bu faqat Markoning aybi emas, hakam VARdagilar bilan nima haqda so‘zlashgani menga qorong‘u"

  • 25 oktabr, 2022, 22:36
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasi 23-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Bunyodkor" uchrashuvi nihoyasiga etdi. Unda jamoalar 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

Tecno

Bellashuvdan so‘ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdievning fikrlari bilan tanishib chiqing: 

"G‘alabaga juda yaqin edik. Afsuski, vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Penaltidan ham unumli foydalana olmadik. Bu juda alamli bo‘ldi. Sababi, bugungi yo‘qotilgan 2 ochko bizga juda muhim edi.

Oxirgi 3 o‘yinimizning birinchi bo‘limida juda sust harakat qilyapmiz. AGMK, "Qizilqum" va bugungi o‘yinda ham qiyinchilikka duch keldik. Ammo ikkinchi taymda vaziyatni o‘nglashga muvaffaq bo‘ldik. 

Raqib bugun ko‘proq himoyalandi, qarshi hujumlarda harakat qildi. Bizda g‘alaba uchun imkon ko‘p edi. Vaziyatlar yarata oldik. Biroq ulardan munosib foydalana olmadik. Raqiblarni tushunamiz. Ular bizning ochko yo‘qotishimiz uchun maydonga chiqishmoqda. 

Mavsum oxirlab bormoqda, har bir klub o‘yinlarga munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hali hammasi o‘z qo‘limizda. Biz oxirigacha kurashamiz va maqsadimizga erishamiz.

- Ikkinchi taymdagi futbolni ilk bo‘limdan shunday namoyish etsa bo‘lmasmidi?

- Futbol - o‘zi shunaqa! Chempionlikni sizga shunchaki topshirib qo‘yishmaydi. Shunday ekan, qaerdadir yurak kasal bo‘ladi, qaerdadir asabiylashasiz. Lekin biz oxirigacha kurashishimiz kerak. Imkoniyatimiz yaxshi va buni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak. 

- Bugun ikki legioner xizmatidan foydalanmadingiz. Ular sizning taktikangizga mos tushmadimi yoki boshqa rejalar bormidi?

- Ikki futbolchimiz ham qarshi hujumlarda yaxshi harakat qiladi. Lekin bizga qarshi jamoalar bunday o‘ynashga imkon bermaydi. Shuni hisobga olib, biz qanotdan uzun paslar bilan o‘ynashga majbur bo‘lmoqdamiz. Sababi, boshqa klublar biz bilan asosan, himoyaviy futbol namoyish etmoqda.

 - Norchaevning almashtirilishi majburiymidi yoki ...?

- Ha, majburiy edi. U elkasidan jarohat oldi. Shifokorlarning aytishicha, hammasi joyida. Faqat u qattiqroq lat eganini aytishdi. O‘ylaymanki, u keyingi o‘yingacha tayyor bo‘ladi. 

30 oktyabr kuni Buxoroda kubok finali kutib turibdi. "Navbahor" bilan bo‘ladigan o‘yin haqida nima deya olasiz? 

- Biz bugundan o‘sha bahsga tayyorgarlikni boshladik. Finalga bekorga chiqqanimiz yo‘q. Maqsadimiz - g‘olib bo‘lish, albatta. Yigitlar o‘z vaqtida uchrashuvga tiklanishi lozim. 

 

- Penaltini Stanoevichdan boshqa futbolchi tepishi mumkinmidi?

- Bizda penaltilarni Norchaev ko‘proq amalga oshiradi. Marko og‘ir o‘yin bo‘lganligi bois tajribasidan kelib chiqib, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan edi. Afsus, amalda u vazifani bajara olmadi.

Albatta, bu faqat Markoning aybi emas. Himoyada xatolarga yo‘l qo‘yganimiz, hujumda vaziyatlarni golga aylantira olmaganimiz natijaga ko‘proq ta’sir o‘tkazdi. 

- Hisob tenglashganda, hakam golni inobatga olishda ikkilanib qolgandek ko‘rindi...

- Bilmadim, ba’zi vaziyatda ular VARdagilar bilan o‘zaro gaplashadi. Ammo ularning nima haqda so‘zlashgani menga qorong‘u.

- "Nasaf"ning kubok finalidagi raqibi ham qarshi hujumda o‘ynaydigan jamoami?

- "Navbahor"da katta tajribaga ega futbolchilar ko‘p. Bu yilgi o‘yini har yilgiga nisbatan ancha o‘zgargan. Eng tartibli o‘ynaydigan va albatta, qarshi va pozitsion hujumlarda ham yaxshi harakat qiladi. O‘ylashimcha, ikki munosib klub finalda maydonga tushadi. 

Ochiq futbol bo‘lishi? Aniq bilmadim, to‘g‘risi. Menimcha, finallarda ko‘proq natija yodda qoladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!