Rubin Xebay: "Odamlar mendan bu haqida juda ko‘p so‘rashadi"
“Andijon”ning albaniyalik hujumchisi Rubin Xebay qisqa vaqt ichida o‘zidan iliq taassurot qoldira boshladi. Bunga uning ketma-ket gollar urayotgani va albatta namoyish etayotgan o‘yini sabab.
Xebayning yuqori darajadagi hujumchiligini barcha ta’kidlayapti. Agar shu ketishda davom etsa, u to‘purarlik uchun asosiy nomzodga aylanishi ham mumkin.
- Rubin, ayni paytda “Andijon” bilan Tojikistonda mashg‘ulot o‘tkazyapsizlar. Bu erda hammasi joydami?
- Biz bu erga mashg‘ulot o‘tkazish uchun va birinchi davraning qolgan ikkita o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida keldik. Yaqindagina boshladik va o‘ylaymanki, “Buxoro”ga qarshi uchrashuv uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz.
- “Andijon” safida ketma-ket gollar uryapsiz. Bunga qanday erishyapsiz yoki raqib jamoalarning zaif nuqtalarini topa olyapsizmi?
- O‘ylashimcha, jamoa menga ko‘proq agressiv o‘ynashga yordam beryapti, ayniqsa, hujum qismida. Shuning uchun albatta men har kungi mashg‘ulotlarda o‘zimning maksimum kuchimni berishga muvaffaq bo‘lyapman.
- Hozircha chempionatda 7 ta, Kubokda 2 ta gol urdingiz. Bu yil “Andijon”da nechta gol urishni xohlaysiz? To‘purar bo‘lishingizga ishonasizmi?
- Umid qilamanki, men jamoamga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam beradigan gollarni uraman. Bu nafaqat jamoamga, balki o‘zimga ham yordam beradi. Hujumchi sifatida siz gol urar ekansiz, o‘zingizga ishonchni qabul qilasiz va ishonchingiz ortadi, kelajakka nisbatan. Natijada maydonda o‘zingizni kuchliroq his qila boshlaysiz.
- To‘purarlar bahsini kuzatib boryapsizmi?
- To‘g‘risi, men bu narsani kuzatmayman. Odamlar mendan bu haqida juda ko‘p so‘rashadi. Lekin men uchrashuvlarga birma-bir tayyorgarlik ko‘rishni ma’qul ko‘raman va bu kabi narsalar haqida o‘ylashni unchalik yoqtirmayman. Menimcha, eng yaxshi yo‘li shu deb hisoblayman. Oxirida albatta nima bo‘lishini bilib olamiz. Gol urishda davom etar ekanman, bu hech narsani anglatmaydi.
- So‘nggi paytlarda xizmatingizga boshqa klublardan qiziqishlar bo‘layotgani haqida gapirishyapti. Rostdan, aniq takliflar bormi?
- Rostdan ham hech narsani bilmayman. Bu masalada agentim javobgar inson hisoblanadi. Transferlar oynasi ochilgan paytda u bilan gaplashishim mumkin. Lekin hozirda bor e’tiborimni o‘z klubimga qaratganman.
- “Andijon”da o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Albatta, yangi shaharga ko‘nikib ketish biroz qiyin kechadi. Ha, menga biroz vaqt kerak. Ammo menimcha, o‘z ishimni yaxshi uddalayapman.
- Mahalliy turmush tarziga o‘rganib oldingizmi?
- Bu albatta, men mamlakatimdagi yashashga odatlangan hayot tarzidan biroz boshqacharoq uslubdagi hayot. Lekin aytib o‘tishim mumkinki, mentalitetimizda bir qator o‘xshashliklar bor. Umuman olganda, katta bir muammoni ko‘rmayapman. Kundan-kunga ushbu yangilikka o‘rganib boryapman.
- Sizdan umidi katta bo‘layotgan andijonlik muxlislarni xavotirga tushmasliklari uchun nima degan bo‘lardingiz?
- Muxlislarga barcha qo‘llab-quvvatlashlari uchun minnatdorchilik bildirib qolaman. Ular o‘z ishlarini a’lo darajada bajarishyapti. Shuni aytishim mumkinki, biz maydonda bor kuchimizni ishlatishda davom etamiz. Oxirigacha ularni shu taxlit faxrlantira olamiz, deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar