Sadio Mane: "Men buni finalni ko‘rishni istagan insonlar uchun qildim"
Senegal terma jamoasi sardori Sadio Mane finaldagi vaziyat haqida gapirdi.
Kecha tunda Afrika Millatlar kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mezbon Marokash terma jamoasi va Senegal musobaqa chempionligi uchun maydonda jang qildi. Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda senegalliklar gol urib hisobni ochgandi. Biroq bosh hakam futbolchi zarba berishidan avval qo‘pollik ishlatgan deb topib, golni bekor qildi. Oradan 4 daqiqa o‘tgach, referi Senegal futbolchisi o‘z jarima maydoni ichida qo‘pollik ishlatgani uchun penalti belgiladi. Shundan so‘ng uchrashuvning eng qiziqarli qismi boshlandi. Senegal terma jamoasi murabbiyi shogirdlaridan maydonni tark etishni va uchrashuvni davom ettirmaslikni talab qildi. Shundan so‘ng jamoa a'zolari stadionni tark etdi. Biroq jamoa sardori Sadio Mane maydonda qolib vaziyat o‘z iziga tushishini kutdi. Birozdan so‘ng Mane jamoadoshlarini qayta maydonga olib chiqdi va uchrashuv davom etishini ta’minladi. 11 metrlik jarima zarbasini tepish uchun to‘p oldiga yaqinlashgan "Real Madrid" futbolchisi Braim Dias panenka uslubida zarba berdi, biroq Eduard Mendi to‘pni ushlab olib, uchrashuvni qo‘shimcha bo‘limlar orqali davom etishiga hissa qo‘shdi. Ekstra-taymlarning 4-daqikasida Papa Geye gol urib Senegalni hisobda oldinga olib chiqdi. Bu gol o‘yin yakuniga qadar yagonaligini saqlab qoldi va "Afrika sherlari" o‘z tarixlarida ikkinchi bor qit’a chempionligini tantana qildi.
Uchrashuv yakunlaganidan so‘ng jurnalistlarning "Nega bunday qilding "degan savoliga Sadio Mane quyidagicha javob berdi.
"Hakamning xato qilishga haqqi bor, biz esa o‘zimizni bunday tutmasligimiz kerak. Ammo eng muhimi, men buni butun dunyo bo‘ylab finalni tomosha qilishni istagan insonlar uchun qildim", - dedi Mane.
Ma’lumot uchun, Sadio Mane musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Fikrlar