
Samarqand shahrida jiu-jitsu bo‘yicha yilning eng muhim turniri start oldi!
Samarqand shahrida jiu-jitsu bo‘yicha barcha yosh toifalarida O‘zbekiston chempionati start oldi. Kecha ilk kungi bahslar va ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqani Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari ochib berdi va barcha sportchilarga omad tiladi. Shuningdek, O‘zbekiston jiu-jitsu federatsiyasi raisining 1-o‘rinbosari Kamoliddin Sharafutdinov g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga yaratiladigan imkoniyatlarni eslatib o‘tgan holda tashkilotchilik uchun Samarqand viloyati mutasaddilariga minnatdorchilik bildirdi.
Qolaversa federatsiya mutasadlilari Iqboljon Komilov, G‘ayrat Nabiev va bosh murabbiy Rizo Safarov bu turnir juda ham muhim ekanligi va oldinda turgan nufuzli chempionatlarga saralash vazifasini ham o‘tashini ta’kidlab o‘tishdi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, jiu-jitsu yurtimizda jadal sur’atlarda rivojlanayotganligini ushbu musobaqa misolida ko‘rish mumkin.
Ya’ni ishtirokchilar soni juda ko‘p. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, 1500 dan ortiq sportchilar bahslarga kirishgan. Turnir 1 mayga qadar davom etadi. Quyida ochilish marosimidan fotolavhani e’tiboringizga xavola etamiz.
Fikrlar