
Sardor Azimov: "Yutib bo‘lmaydigan jamoa qolmagan"
“Andijon” klubi Superligada 1-o‘rinni egallab turgani ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga qarayotgani rost. Shuning uchun “Burgutlar”ning O‘zbekiston Kubogidagi ishtirokiga ham qiziqish katta bo‘lmoqda.
Bilasiz, dastlabki turda andijonliklar “Dinamo” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, Namanganda “Navbahor”ga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu o‘yinda “Andijon”ning etakchi o‘yinchilaridan biri Sardor Azimov qizil kartochka tufayli maydondan chetlatildi.
“Andijon” matbuot xizmati Azimovdan intervyu oldi.
- Sardor, avvalo, vodiy derbisi haqida so‘ramoqchiman. Uchrashuv siz kutgandek kechdimi? Fikringiz qanday?
- Derbi o‘z nomi bilan derbi. Biz maydonga jang qilish uchun chiqdik. Afsuski, biz o‘ylagan reja amalga oshmadi. Shiddatli, kurashlarga boy va xissiyotlarga beriladigan o‘yin bo‘ldi.
- Ikkinchi bo‘limda hakam sizga VAR tizimini ko‘rgach, sariqni qizilga aylantirdi va maydondan chetlatdi. O‘sha vaziyatda nima bo‘lgandi? Qizilga tortarmidi?
- Hakamlar hammasini ko‘rdi. Ularning ishiga aralashmayman. Lekin o‘sha vaziyatda jarohat etkazaman deb sakramagandim. Shunchaki, ulgurmay qoldim va jazoimni oldim.
- “Andijon”ning keyingi bosqichga chiqishi uchun endi “Nasaf”ni yutishi kerak va "Navbahor"ni natijasiga ham bog‘liq. Bu borada nima deya olasiz?
- Hammasi o‘z qo‘limizda. Agar “Nasaf”ni mag‘lub etsak keyingi bosqichga chiqish imkoniyatimiz oshadi. Shuning uchun barchasi o‘zimizning qo‘limizda. Yutib bo‘lmaydigan jamoa qolmagan.
- Shuningdek, "Andijon" mavsum boshidan buyon o‘yin oldi rasmiy suratga tushish jarayonida turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Bunday g‘oya kimdan chiqyapti va buning sababi nimada?
- Biz shunchaki rasmga tushishdan qochib noodatiy rasmga tushyapmiz. Menimcha, hammaga manzur kelmoqda. Yoshi katta muxlislar eslasalar kerak, biz yoshligimizda ham ko‘rardik, Evropa terma jamoalari shunday noodatiy rasmlarga tushishardi. Bu ham bitta havas.
- Shu savolning davomi. "Andijon" o‘yin oldi rasmiy suratga tushishda bir xillikdan qochyapti va mavsum oxiriga qadar aynan yana yangi ko‘rinishlarda suratga tushishda davom etadimi?
- Mavsum oxirigacha ham bu narsa davom etadimi-yo‘qmi, buni bilmayman. Hamma o‘z fikrini bildiradi, idea qilyapti. Mana, asta-sekin jamoatchilikni nazariga tushdi.
- Chempionatda jamoaning 1-o‘rindaligini ko‘rganingizda nimani his qilyapsiz?
- Hissiyotlarim bir haftacha ajoyib bo‘ldi. Keyin hammasi odatiy bo‘lib ketdi. Endi buni har bir uchrashuvda ko‘rsatishimiz kerak. Bizdan muxlislar yuqori o‘rinlar uchun kurashishni undamoqda. Shu bois stadiondagi atmosfera shunchaki “bomba”. Barchasi top daraja, ultras burgutlarga respekt.
Fikrlar