Sardor Rashidov: "Quvayt SK"ning taklifi qolgan barcha tanlovlarni "sindirdi"
Hali Sports.uz sayti orqali xabar berib o‘tganimizdek, bugun tajribali yarim himoyachi Sardor Rashidov “Paxtakor”ni tark etib, “Kuvayt SK” klubi bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi.
Bu Kuvaytning eng mashhur va badavlat klublaridan biri hisoblanadi. Rashidov esa yangi jamoasiga ega bo‘lganidan so‘ng, o‘zining ilk intervyusini sports.uz muxbiriga berdi.
- “Kuvayt SK” jamoasi bilan shartnoma tuzganingiz bilan tabriklayman. Bu siz uchun yangi chaqiruv bo‘ldi. Kuvaytliklarning ilk taklifi qachon kelib tushgan va mazkur taklifni qabul qilishingizning asosiy sababi nimada?
- Bu taklifning menga ma’qul tushgan tomoniga kelsak, “Kuvayt SK” arab davlatlari orasida o‘z obro‘siga ega bo‘lgan klub hisoblanadi. Yangi jamoam haqida o‘qidim va mavqei qandayligini eshitdim. Xuddi bizdagi “Paxtakor” kabi katta hurmat va e’tiborga ega jamoa ekan. “Kuvayt SK” shonli tarixi boy jamoa. Bu klub ayni damda OFK Kubogida ishtirok etyapti. Shuning uchun klub ushbu musobaqada chempionlikni qo‘lga kiritish uchun yaxshi-yaxshi legionerlarni jamoaga jalb qilishyapti. To‘g‘risini aytsam, bu klub tomonidan menga juda yaxshi taklif berishdi. Ular kerak bo‘lsa, menga qatarliklarnikidan ham kam bo‘lmagan moliyaviy taklifni berdilar. Hattoki, Qatar klublarinikidan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, aslo kam emas. Men mana shu taklifni qabul qildim. Klub shayxi OFK Kubogida g‘alaba qozonishni asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Bu yo‘lda men yangi jamoamga yordam bermoqchiman.
- Nazarimda, “Kuvayt SK” tomonidan sizga tayyor shartnoma yuborilgan. Umuman olganda, klub bilan muzokaralar qanchalik davom etdi?
- Kuvaytliklar “Qatar SK”dagi sobiq jamoadoshimni ham qo‘lga kiritishgan, Barraxmani. Undan keyin klubdagilar menga taklif bilan chiqishdi. Shaxsan “Kuvayt SK” jamoasining shayxi menga qo‘ng‘iroq qildi. Meni shunchalik hurmat qilgani uchun o‘zi aloqaga chiqdi. Natijada men ham bunday hurmat va e’tiborga yarasha o‘z rozilimgini bildirdim.
- “Paxtakor” klubini tark etishingiz qanday bo‘ldi?
- “Paxtakor” bilan do‘stona xayrlashdim. Meni to‘g‘ri tushunib, ketishimga ruxsat bergani uchun ularga rahmat. Shuningdek, mavsum boshida menga ishonch bildirib, klubga jalb qilishgani uchun ham minnatdorchilik bildiraman.
- “Paxtakor”dagi faoliyatingizni yaxshi boshlagandingiz va ketma-ket gollar urayotgandingiz. Keyin jarohat olib ma’lum muddatga safdan chiqqandingiz. Hozirgi ahvolingiz qanday?
- Xudoga shukr qilaman, ahvolim ancha yaxshi. Jarohatdan qutuldim. Ikkinchi davradan astoydil shug‘ullanmoqchi bo‘lib turgandim. So‘ngra, menga Quvayt klubidan jiddiy taklif bo‘lib qoldi va o‘sha erga ketishga qaror qildim.
- Ketar chog‘ingizda “Paxtakor”ga qanday gapingiz bor?
- “Paxtakor”ga katta rahmat aytaman. Bu erda 4-5 oy davomida ko‘rdimki, “Paxtakor” juda yaxshi klub. Jamoa ishqibozlari ham jonkuyar. Hammasi uchun ularga rahmat va “Paxtakor”ning chempion bo‘lishi tilakdoshiman. Bu yo‘lda jamoaga omad tilayman.
- Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, sizda “Kuvayt SK”dan tashqari yana boshqa qiziqarli takliflar ham bo‘lgan. Sir bo‘lmasa, oldingizda qanday tanlovlar bor edi?
- Bilasizmi, hammasini bir so‘z bilan aytganda, “Kuvayt SK” yuborgan taklifi bo‘yicha qolgan barchasini “sindirdi”. Shu sababli bunday chorlovni qabul qildim.
- Faoliyatingiz davomida Qatar, BAA va Portugaliyada o‘ynadingiz. Kuvayt chempionati orqali o‘zingiz uchun yangi sahifa ochyapsiz. Bungacha Kuvayt birinchiligi xususida qanday tasavvurga ega edingiz va oldindan nima kutyapsiz?
- Qani, borib ko‘ramiz. “Kuvayt SK” bilan bir yillik shartnoma imzolaganman. O‘sha vaqt davomida Kuvayt chempionatining qandayligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib olaman. Sizga rostini aytsam, hali Kuvayt chempionati haqida to‘liq ma’lumotga ega emasdim. Faqat OFK Kubogidagi ishtiroki borasidagina ma’lumotga ega bo‘lib turgandim. Ular guruhdan chiqishgan va endi bitta o‘yinda yutib chiqsa, “Nasaf” bilan duch kelishi mumkin ekan. Qarshidagi jangda “Al-Jayish” bilan ham o‘ynaganman va qiziq o‘yin bo‘lgandi.
- Esimda, o‘shanda siz 87-daqiqada yagona golni urib “Al-Jayish”ning g‘alabasini ta’minlagandingiz...
- Ha, to‘g‘ri. Endi yangi jamoam bilan balki yana “Nasaf”ga qarshi o‘ynarmiz.
- “Kuvayt SK”ning tarkibini ko‘rdik, chindan ham yulduz legionerlar bor. Ular bilan bir jamoada to‘p surish sizga hozirdan qanchalik qiziq ko‘rinyapti?
- To‘g‘risini aytsam, bu taklifni o‘sha futbolchilar uchun qabul qilmadim. Klub va o‘zim uchun bu chorlovni tanladim. Albatta, yaxshi o‘yinchilar bilan o‘yinimiz yanada chiroyli chiqishi mumkin. Klub manfaati birinchi o‘rinda edi.
- “Kuvayt SK”da o‘zingiz uchun qaysi raqamni tanladingiz?
- Hali qaysi raqamda to‘p surishim aniq bo‘lmadi. U erga borganimdan keyin raqam tanlayman.
- Qachon ketishni mo‘ljallayapsiz?
- Keyingi haftalarga bo‘lsa kerak. 5 avgustda yangi jamoam bilan Turkiyada yig‘inimiz boshlanadi. O‘sha yig‘indan bir hafta oldin jamoa Quvaytda to‘planadi. Shundan so‘ng, Turkiyaga jo‘nab ketadi.
- Yangi jamoangizda sizga omad tilaymiz.
- Rahmat.
Fikrlar