Saudiya chempionatiga moslashib olgan Shukurov!
Legionerimiz yangi jamoasiga foyda kelitirishni boshladi
Yozgi transferlar oynasida "Kayserispor"dan Saudiyaning "Al-Feyha" klubiga ko‘chib o‘tgan Shukurov vanihoyat o‘ziga ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladigan jamoa topganga o‘xshamoqda. Garchi Turkiyadagi birinchi yillar yaxshi bo‘lgan bo‘lsa-da, oxirgi mavsumda yarim himoyachimiz qiynalgani bor gap. Ammo bugun O‘zbekiston terma jamoasining asosiy a’zolaridan biri bo‘lgan futbolchimiz yangi klubida o‘zini ko‘rsatishni boshladi.
Shukurov qishda "Fotix Karagyumruk" bilan shartnomasini bekor qilib, Turkiyaning boshqa bir jamoasi "Kayserispor"ga ko‘chib o‘tdi. O‘shanda u jamoa bilan bir yarim yillik bitim imzoladi va bu yarim himoyachiga qimmatga tushdi. Gap shundaki, u ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmay qoldi. Futbolchi kayseriliklar tarkibida jami 12 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Bu har qanday o‘yinchi uchun kamlik qiladi. Shundan keyin yozda Otabek jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Ammo klub bilan shartnoma bor va u ushbu mavsum so‘nggiga qadar amal qiladi. "Kayserispor" esa yarim himoyachini tekinga qo‘yib yuborishni istamaydi.
Bu vaziyatda yaxshiyamki "Al-Feyha" yordamga keldi. Saudiyaliklar futbolchimizni 400 ming evroga sotib olishga qaror qildi. Ba’zi muxlislar uchun bu yaxshi yangilik bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Ammo agar Saudiya klubi uni sotib olmaganida, "Kayserispor"da qolib, zaxirada o‘tirishi mumkin edi. Bu nafaqat Shukurov uchun, balki terma jamoa uchun ham yomon. Oldinda bizni juda juda muhim uchrashuvlar kutib turganda, har bir futbolchimizning sport formasi zo‘r bo‘lishi kerak.
"Al-Feyha" mazkur mavsumni juda yomon boshladi. Klub ketma-ket 3 ta turda faqat mag‘lubiyatga uchradi. Shukurov asosiy tarkibda maydonga tushgan "Al-Halij"ga qarshi bahsda esa jamoa ilk durangini, "Ar-Riyod" bilan bo‘lib o‘tgan bahsda esa ilk g‘alabasini tantana qildi. Ushbu o‘yinda Otabek to‘liq harakat qilib, eng ko‘p pas bergan futbolchiga aylandi. Shu bilan birga, 6 marta ikkinchi qavatdan sheriklariga pas bera oldi. Bitta zarba, bitta muvaffaqiyatli dribling va sariq kartochka bilan "Sofa Score" tomonidan 7.0 ball oldi.

Keyingi turda "Al-Feyha"ni "Al-Vehdad"ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Shundan keyin yarim himoyachi terma jamoa tarkibiga kelib qo‘shiladi.
Suhrob Xolbekov

Izohlar (0)