Serxio Marinangeli sports.uz muxbiriga: "Zidanni uchratganimda unga siz haqingizda albatta aytaman"

  • 21 fevral, 2021, 22:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha “Mash’al” klubi ispaniyalik bosh murabbiy Serxio Marinangelining iste’foga chiqarilgani xususida xabar tarqatdi. Bu, albatta, barcha uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.

Tecno

Jamoada ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan mutaxassisning qisqa fursat ichida “Mash’al”ni tark etgani chindan ham ajablanarli bo‘ldi. Serxio Madridga etib borganidan keyin sports.uz muxbiri u bilan aloqaga chiqdi.

- “Mash’al”ga katta reja va loyihalar bilan kelgandingiz. Biroq, oradan ko‘p o‘tmasdan, u erdan ketishingizni o‘ylamagandik. Klub esa, bu borada oilaviy sharoit tufayli ketganingiz haqida xabar berdi. Bu haqiqatmi?

- Asosiy sabab oilaviy muammo bo‘ldi va bu masalani kechiktira olmasdim. Vaziyatdan kelib chiqib, shunday qaror qabul qilishga majbur bo‘ldim. Bu juda shaxsiy masalalar yuzasidan qabul qilingan qaror va muammoni hal qilish uchun Madridda bo‘lishim shart edi.

- Lekin mening eshitishimcha, jamoaning o‘rtoqlik uchrashuvlardagi mag‘lubiyatlari tufayli rahbariyatning sizga ishonchi yo‘qolgan ekan. Shu taxmin to‘g‘rimi?

- Jamoamizda ish juda ajoyib tarzda ketayotgandi, mavsumoldi o‘yinlari ochiq laboratoriyaga o‘xshaydi: u erda sen barcha narsalarni tekshirib olishing mumkin. Futbolchilarni sinovdan o‘tkazish uchun o‘rtoqlik o‘yinlari juda muhim. Natija ikkinchi planda. Kimdir mening ketishimga o‘rtoqlik o‘yinlaridagi natijalar sabab, deb o‘ylasa, shunday fikr yuritishda davom etaversin. Menda shartnoma bor edi va chempionat boshlanishini intiqlik bilan kutayotgandim. Hayot doim sen xohlagandek davom etmaydi.

serxio5_1

- Ketar chog‘ingizda klub rahbarlariga nima dedingiz?

- Men u bilan juda yaqin edim. Ammo shaxsiy hayot mening uchun doim professional faoliyatimdan ustun bo‘lib kelgan. Ular meni to‘g‘ri tushundi va qarorimni qo‘llab-quvvatladi.

- “Mash’al” bilan shartnoma tuzilayotganida o‘rtoqlik o‘yinlaridagi natijalarga ham jiddiy e’tibor berilishi ko‘zda tutilganmi?

- Biz rejalashtirgan ko‘p ishlarimizni bajarib ulgurgandik. O‘rtoqlik o‘yinlarida barchasini tekshirib oldik. Agar mavsumoldi nazorat o‘yinlaridagi natijalar murabbiylarning faoliyatiga ta’sir qilsa, u holda bosh murabbiylarning yarmi mavsum boshlanmay, klubdan ketgan bo‘lardi.

serxio4_2

- Shartnoma bekor qilingani uchun klub kompensatsiya to‘lovini qanday hal qildinglar?

- Klub va mening o‘rtamda moliyaviy jihatlar bo‘yicha kelishuvga erishildi va bu borada hech qanday muammo chiqmaydi.

- Ayting-chi, “Mash’al”dagi faoliyatingiz davomida qilayotgan ishingizdan mamnun edingizmi?

- Menda ushbu vaqt mobaynida men bilan birga mehnat qilgan do‘stlarimdan iborat jamoa bor edi. Bu loyihani birgalikda oyoqqa turg‘azayotgandik. Ularning amalga oshirgan ishlaridan juda xursandman.

serxio3_2

- Bunday holat murabbiylik faoliyatingizda birinchi marta yuz berdimi yoki oldin ham bo‘lganmi?

- Bu hayotimda ilk marotaba to‘qnash kelayotgan holatim. Bunday qarorga kelish oson bo‘lgani yo‘q, ammo menimcha aynan shu yo‘l to‘g‘ri.

- Endi nima qilmoqchisiz? Rejalaringiz qanday?

- Asosiy e’tiborim oilaviy muammoni hal etishga qaratiladi va shundan keyin futbol sohasida o‘zimga birorta ish izlab ko‘raman. O‘zbekistonda hammasi meni qoniqtirayotgandi. Mamlakatingizni yoqtirib qolgandim. O‘z imkoniyatlarimni ishga solib, o‘zbek futbolini rivojlantirishga yordam bermoqchi edim.

serxio2

- “Mash’al” jamoasining bu yilgi mavsumdagi imkoniyatini qanday baholayapsiz? Klub nimaga qodir?

- Jamoa tayyorlanishda davom etyapti, yaxshi futbolchilar bor va ularning salohiyati o‘tgan mavsumdagidan yaxshiroq natijalar qayd etishga etadi.

- Zidan bilan bir mahallada turaman degandingiz. Agar uni ko‘rsangiz, salom ayting!

- Zidanni uchratganimda unga siz haqingizda albatta aytaman, ammo intervyu berishiga amin emasman. Barchangizga sog‘lik-omonlik tilayman, istalgan paytda menga yozishingiz mumkin va savollaringizga javob berishdan mamnun bo‘laman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!