Shomurodov alamli mag‘lubiyatdan keyin murojaat yo‘lladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov jahon chempionati guruh bosqichi ikkinchi turida Portugaliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi va muxlislarga murojaat qildi.
- Eng avvalo, bu o‘yin o‘zbek futboli uchun katta tajriba bo‘ladi. O‘ylaymanki, shu yirik mag‘lubiyatga qaramasdan ham, O‘zbekiston ko‘p jihatdan yutdi. Lekin baribir shunday hisob uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz.
Endi oldimizda uchinchi o‘yin turibdi — bu bizning so‘nggi imkoniyatimiz. Bugun boshqa jamoalarning natijalarini ham ko‘ramiz, lekin, nasib qilsa, shu uchinchi bahsda birinchi g‘alabamizni qo‘lga kiritish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Albatta, to‘pni ko‘proq nazorat qilishimiz, yaxshiroq himoyalanishimiz kerak edi... bunday darajadagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda esa eng kichik xatolar ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Mana shu xatolar...
Faqat yaxshi o‘ynashning o‘zi g‘alaba uchun yetarli emas, omad ham kerak bo‘ladi. Bu safar esa deyarli har bir imkoniyatda to‘p darvozamizga kirib bordi, shunday deyish mumkin.
Bizga qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatayotgan barcha muxlislarga katta rahmat aytaman va bunday mag‘lubiyat uchun yana bir bor uzr so‘rayman.
Keyingi o‘yinlarda ham bizdan yuz o‘girmasdan, qo‘llab-quvvatlashda davom eting. Rahmat, — dedi Eldor Shomurodov uchrashuvdan so‘ng.
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati guruh bosqichidagi ikkinchi o‘yinida Portugaliyaga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. "K" guruhi doirasidagi bellashuv AQShning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tdi. Birinchi bo‘limda O‘zbekiston yarimhimoyachisi Aziz Ganiev uzoq masofadan juda chiroyli gol urdi, ammo videotakror (VAR)dan so‘ng hakam hujum boshida Abbosbek Fayzullaev tomonidan qoidalar buzilgani uchun golni bekor qildi.
Ikki turdan so‘ng Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa hali ochko to‘play olgani yo‘q. Birinchi o‘yinda Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan o‘zbekistonliklar hozircha guruhda so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Fikrlar