Shomurodov o‘ynagan uchrashuvda “Kalyari” tarixdagi eng yomon natijani qayd etdi
O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, A Seriyaga yo‘llanma olgan “Kalyari” yangi mavsumga katta umidlar bilan kirishgan edi.
Klaudio Raneridek tajribali murabbiyga ega bo‘lgan jamoa hali ham o‘z yo‘lini topa olgani yo‘q. Sardiniyaliklar dastlabki sakkizta uchrashuvdan oltitasida raqiblariga imkoniyatni boy berdi va ikkita o‘yinda durang qayd etdi.
Sakkizinchi turda “Kalyari”ning “Roma”ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergani klub tarixida antirekord qayd etilishiga sabab bo‘ldi.
Statistikaga ixtisoslashgan Opta nashrining ma’lum qilishicha, “Kalyari” o‘z tarixida hech qachon chempionatni bu mavsumchalik omadsiz boshlamagan.
Mutaxassislar bunga sabab qilib, A Seriya debyutanti chempionat avvalidayoq “Inter”, “Milan”, “Roma”, “Forentina” va “Atalanta” kabi qudratli jamoalarga to‘qnash kelganini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Kalyari” va “Roma” bahs Eldor Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Legioner aslida “Roma” futbolchisi hisoblanadi. Eldor bu mavsumni ijara asosida “Kalyari”da o‘tkazmoqda.
28 yoshli hujumchimiz “Roma”ga qarshi bahsda 74-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, faol o‘ynadi. Lekin uning harakatlari samarali ko‘rsatkich qayd etish uchun etarli bo‘lmadi.
Fikrlar