Shotlandiyadagi yulduzga Oʻzbekiston uchun oʻynash taklif qilindi
Yaxshi reja
Qozog‘iston terma jamoasi va Shotlandiyaning "Xarts" klubi yarim himoyachisi Islom Chesnokovning kelajagi borasida qizg‘in muhokamalar davom etmoqda.
Sports.kz nashri yozishicha, sport jurnalisti Aleksandr Troitskiy futbolchini O‘zbekiston chempionatiga taklif etish g‘oyasini ilgari surdi.
- Rossiyaliklar nima reja qilyapti o‘zi? Yoki umuman Islomni "Paxtakor" yoki "Neftchi"ga olib kelib, OFK Chempionlar Ligasining elita bosqichiga tayyorlash kerakmi?, — deb yozadi jurnalist o‘z telegram-kanalida.
Shu bilan birga, Troitskiyning fikricha, Chesnokov uchun eng maqbul yo‘l — Evropada qolish.
- Amalda eng yaxshi variant — Evropada qolish. Menimcha, shunday bo‘ladi ham. Hatto aytamaniki, u "Xarts"da qoladi, chunki u yerda barcha jihatdan jamoaga juda mos tushyapti», — deya ta’kidlaydi jurnalist.
Eslatib o‘tamiz, Islom Chesnokov rasmiy 2026 yil 1 yanvar kuni shotlandiyaliklar safiga o‘tgan edi. U "Tobol" bilan shartnomasi tugagach, erkin agent sifatida "Xarts"ga qo‘shildi va 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
Bu transfer tarixiy deb baholangan — Islom Chesnokov Shotlandiya chempionatida o‘ynayotgan ilk qozog‘istonlik futbolchiga aylandi.
Evropaga ketish uchun futbolchi moliyaviy jihatdan ham imtiyozga bordi: Edinburgdagi oylik maoshi taxminan 8 million tengeni tashkil etadi. Shotlandiyada to‘p surish vaqtida Chesnokovning bozor qiymati 1,20 million yevro atrofida baholangan.
Biroq oradan yarim yil o‘tib, uning "Xarts"dan ketishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Manbalarga ko‘ra, futbolchi moslashish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelgan. Klub esa tushgan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Chesnokovga Rossiyaning "Krilya Sovetov" klubi, shuningdek, Qozog‘iston Premer-ligasidan "Ordabasi" va o‘zining sobiq jamoasi "Tobol"dan jiddiy qiziqish borligi aytilmoqda.

Izohlar (0)