Shuncha ham omadsiz bo‘ladimi? “Barsa” yo‘qotishga uchradi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” klubi X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali jamoa himoyachisi Andreas Kristensen jarohat olgani haqida xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, futbolchi mashg‘ulot paytida omadsiz harakat oqibatida chap tizzaning old xochsimon bog‘lami qisman uzilishi jarohatini olgan.
- O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, davolashda konservativ yondashuv tanlandi. Tiklanishning taxminiy muddati futbolchining holati va rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi, - deyiladi klub bayonotida.
Mundo Deportivo nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 29 yoshli futbolchi ushbu jarohat sababli taxminan to‘rt oy davomida maydonga tushmasligi mumkin.
Joriy mavsumda Kristensen barcha musobaqalarda 17 ta uchrashuvda ishtirok etib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2026 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kristensenning bozordagi qiymati 10 million evroga teng.
Fikrlar