"So‘g‘diyona"ga boshqa jamoalarning munosabati o‘zgardi, 2-o‘rinni egallasak, bonuslar bo‘ladi" yoxud Shohruz Norxonov Cherandan qanday o‘tib ketmoqchi?

  • 3 oktabr, 2021, 15:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“So‘g‘diyona” klubi Superliganing 21-turida “Andijon” maydonida golsiz durangga rozi bo‘ldi. Holbuki, jizzaxliklar tarkibida to‘purar hujumchi Shohruz Norxonov bor. Ammo u ham bu safar jamoasiga yordam bera olmadi.

Mavsum boshidan buyon Norxonov “So‘g‘diyona” safida o‘yinlarni boshlang‘ich tarkibda boshlayapti. Ammo oxirgi paytlarda gol urish samaradorligi kamaydi. Misol uchun, birinchi davrada 7 ta gol urgan bo‘lsa, ikkinchi davrada hozircha 2 ta gol urdi xolos. Shunda ham Shohruz 9 ta gol bilan Superliga to‘purarlari poygasida qatnashyapti.

“Andijon”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin Sports.uz muxbiri Norxonov bilan uchrashdi va bir qator savollarga javob oldi.

- “Andijon” – “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasida qayd etilgan durang o‘yinga mos tushdi, deb o‘ylaysizmi?

- Nazarimda, uchrashuv durang natija uchun haqqoniy bo‘ldi. “Andijon” jamoasi o‘z uyida g‘alaba uchun maydonga tushgandi. Ularga uch ochko juda kerak edi. Chunki jamoa Superligada qolish uchun kurashyapti. O‘z navbatida yuqori o‘rinlarga kurashayotganimiz uchun bizga ham uch ochko muhim edi. Bir so‘z bilan aytganda, har ikki klubga ham g‘alabalar kerak edi. O‘ylashimcha, durang adolatli bo‘ldi.

norxonov

- O‘yinni kuzatar ekanmiz, biz uchun biroz zerikarlidek tuyuldi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Yo‘q, menimcha, o‘yin zerikarli bo‘lmadi. Uchrashuvni qiziqarli o‘tdi, degan bo‘lardim. Birinchi bo‘limda jamoamizda yaxshi hujumlar bo‘ldi. Faqat vaziyatlardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda ham o‘zimiz yaratgan imkoniyatlarni golga aylantira olmay qoldik. Shuning uchun bu o‘yinda yutib ketishimiz ham mumkin edi. Menimcha, “Andijon”ga qaraganda, bizda vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. Ha, maydon egalari ham ochko ishlashni xohladi. Ammo biz bilan bellashuvda bir ochko ishlashdi, buning uchun ularni tabriklayman. Keyingi o‘yinlariga esa omad tilayman.

- “So‘g‘diyona” ikkinchi o‘rinda va kumush medalni qo‘lga kiritish uchun imkoniyatga ega. Mavsum esa tugab boryapti...

- Chempionat tugashiga beshta tur qoldi. Har bir uchrashuv biz uchun finalga teng. Shuni hisobga olganda, o‘zimiz o‘ynaydigan har bir turda kerakli ochkolarni yig‘ishga harakat qilamiz. Tabiiyki, biz oxirigacha kurash olib boramiz. Qolganini, kim nechanchi o‘rinni olishini vaqt ko‘rsatadi.

norxonov2

- To‘purarlar orasidagi kurash ham qizg‘in kechyapti. Hisobingizda 9 ta gol bor. Sizdan oldinda esa Cheran, Norchaev va Abduxoliqov bor. Ammo oxirgi paytlarda sizda gol urish samaradorligingiz kamayib qoldi. Bu nima bilan bog‘liq?

- O‘ylashimcha, “So‘g‘diyona”ga boshqa jamoalarning munosabati o‘zgargan. Demoqchi bo‘lganim, bizning tarkibimizda ko‘plab iqtidorli va tajribali o‘yinchilar bor. Masalan, Jasur Hasanov, Jamshid Boltaboev...Shunga yarasha boshqa jamoalar yaxshi himoyalanyapti deb o‘ylayman. Ya’ni, raqiblar bizning plyus taraflarimizni yopib qo‘yishyapti. Albatta, bu borada o‘zimiz ham tinmasdan harakat qilyapmiz. Ammo egallab turgan o‘rnimizdan kelib chiqib, boshqa klublar bizni hurmat qilyapti.

- Lekin gollaringiz nima uchun kamayib ketdi?  

- Hammasi o‘zimning xatoim evaziga. Vaziyatlar bo‘lyapti. Mana, “Andijon” bilan uchrashuvda ham imkoniyatdan foydalana olmadim. To‘p darvozaga kirishni istamadi. Menimcha, hozir menda shunaqa payt bo‘lib qoldi. Shuning uchun kam gol uryapman.

norxonov3

- Nechta gol urishni mo‘ljallab turibsiz?

- Qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi. Lekin nechta gol kiritishimni ayta olmayman.

- To‘purarlar poygasida birinchi o‘rinda ketayotgan Dragan Cheran bilan o‘rtangizdagi farq katta emas...

- Ha, shunday. Oxirigacha harakat qilaman.

norxonov1

- Cherandan o‘tib keta olasizmi?

- Bunisini bilmayman, vaqt ko‘rsatadi. Lekin hozir aytganimdek, yana gollar urishga va undan o‘tib ketishga harakat qilaman.

- Agar “So‘g‘diyona” Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, buning uchun qanday bonuslar va’da qilingan? Chunki jamoa o‘zi uchun tarix yaratishga yaqin turibdi.

- Ikkinchi o‘rinni egallasak, bonuslar bo‘ladi. Hozir bu haqida bilmayman, oxirida bilamiz-da. Albatta, bonuslar bor. Biroq hozir bu to‘g‘risida o‘ylayotganimiz yo‘q. Asosan o‘z o‘yinlarimizda g‘alaba qozonish haqida bosh qotiryapmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!