
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa top-5 chempionatlari ramziy terma jamoasi
Bosh murabbiy: Zinedin Zidan (“Real”)
Muammoli deya hisoblangan “Real” “Madrid derbisi”ni katta ustunlik bilan engdi. Bunda, albatta, murabbiy imzosi asosiy o‘rnida sezilib turdi. Mavsum boshidan buyon mag‘lub bo‘lmay kelayotgan “matraschilar”ning ojiz taraflarini to‘g‘ri topa olgan frantsiyalik mutaxassis turning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgani u qadar ajablanarli holat emas.
Ushbu printsipial bellashuvdagi g‘alaba orqali “qirollik klubi” chempionlik kurashidagi imkoniyatlarini yaxshigina oshirib oldi.
Zidan shu kuni 4-3-3 sxemasidan foydalandi. Aynan shu chizma orqali ramziy jamoamizni tuzib chiqamiz.
Darvozabon: Emiliano Martines (“Aston Villa”)
“Arsenal”da Leno bilan raqobatni boy bergan Emiliano, aslida, yaxshi darajadagi darvozabon ekanligini “Vulverxempton”ga qarshi bellashuvda isbotlab qo‘ydi. U naqd 7 ta vaziyatda jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Aynan shu seyvlar yakunda jamoasiga APLning kuchli jamoalaridan birining ustidan g‘alaba taqdim etdi.
Chap qanot himoyachisi: Teo Ernandes (“Milan”)
Milanliklar “Yuventus” bilan oldinda kutib turgan bahsga qadar oradagi katta farqni ushlab turishi foydali bo‘lar edi. Albatta, jamoaning o‘zi uchun! Ochkolar nisbati kichrayib borar ekan o‘zaro bellashuvdagi intriga bir necha barobarga oshib ketadi.
“Parma” birinchi taymni super tarzda o‘tkazdi va g‘alabaga haqli o‘yin namoyish etayotgan edi. Hujumchilardan bir sado chiqmagach, Teo Ernandesning o‘zi barchasini hal qilishga bel bog‘ladi. Uchrashuv yakunida bo‘shashgan parmaliklar darvozasi 2 marotaba ishg‘ol qilindi. Frantsuz qanot himoyachisi jamoasini muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Markaziy himoyachi: Xarri Maguayr (“Manchester Yunayted”)
“Manchester derbisi” ko‘pchilikning nazarida va haqiqatan ham, juda zerikarli o‘tdi. Buning bosh sababi, har ikkala jamoa ham bir-biridan cho‘chib harakat qildi. Ammo baribir o‘yin davomida “shaharliklar” ustunlikka erishdi. “Qizil iblislar” jarima maydoni atrofida tinimsiz bosim uyushtirildi. Mana shu paytda himoyaning ishonchli harakat qilishi natijasidagina Ole-Gunnar Sulsher shogirdlari mag‘lub bo‘lmadi.
Jamoani sardor sifatida o‘yinga boshlab tushgan Xarri Maguayr mudofaa markazini yaxshi ushlab tura oldi va ramziy terma jamoamizga loyiq ko‘rildi.
Markaziy himoyachi: Benjamin Mi (“Byornli”)
“Arsenal”da ahvol rostdan ham yomon. Bu ketma-ket turlarda o‘z isbotini topib kelmoqda. Ammo baribir ularni mag‘lub etish qiyin vazifa. Buni sharaf bilan uddalagan “Byornli” klubining tartibli o‘yiniga hurmatimiz ramzi sifatida jamoa sardori Benjamin Mini markaziy himoya zonasiga joylashtirdik. Yana bir sababi, ushbu g‘alaba klubni xavfli zonadan chiqishiga yordam berdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Silas Vamangituka (“Shtutgart”)
“Borussiya” Dortmundda muammolar borligi kundek ravshan edi. Lyusen Favr “Shtutgart”dan uchralgan sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng, jamoa bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarildi. Uning o‘rniga mos keladigan murabbiy olib kela bilinsa, jamoa tarkibidagi umidli yoshlar bilan ko‘p natijalarga erishish mumkin.
“Shtutgart”ning g‘alabasida Silas Vamangitukaning dubli katta rol o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda zaxiraga olinganiga qaramay, u maydonni tark etguncha o‘yin taqdiri hal qilib bo‘lingandi.
Tayanch yarim himoyachisi: Kazemiro (“Real”)
Braziliyalik yarim himoyachining birinchi taym avvalida kiritgan goli ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Tartibli o‘yin orqali to‘g‘ri himoyalanib, asosan, standartlar paytida o‘z gollarini uradigan “Atletiko” o‘z uslubida dog‘da qoldirib ketildi.
Bundan tashqari, o‘yin davomida markazdagi kurashlarda deyarli engilmadi. Kuchli jismoniy tayyorgarlikni birinchi planga qo‘yuvchi Simeone shogirdlariga qarshi bu ishni bajarish ancha mushkul kechadi.
Markaziy yarim himoyachi: Karles Soler (“Valensiya”)
Qulayotgan “Valensiya”da qolgan iste’dodli yarim himoyachi “Atletik”ka qarshi uchrashuvda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Avvalroq, “Real”ni ham aynan u tiz cho‘ktirgandi. Li Kang Inning beqaror o‘yinlari va hali tajribasizligi “ko‘rshapalaklar”ning lideriga aylanish uchun imkon bermayapti. Boshqa tarafdan bu jamoada Solerning o‘zi bemalol etakchilik qila oladi.
Markaziy yarim himoyachi: Lorentso Pellegrini (“Roma”)
La Liganing qulayotgan etakchisi “Valensiya” haqida gapirdik. Endi navbat A Seriyaning qadimiy gegemonlaridan biri “Roma”ga! Totti faoliyatini tugatgach, ushbu jamoani oldinga boshlab boruvchi kuchli etakchi etishmayapti. Ha, Eden Jeko qo‘lidan kelgancha “jallorossilar”ni o‘z ortidan ergashtirmoqda. Biroq bu jamoaga 6-o‘rinni taqdim etmoqda, xolos.
Lorentso Pellegrini “Bolonya”ga qarshi bellashuvdagi goli va assisti evaziga jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Shu tufayli uni ramziy jamoamiz yarim himoyasiga joylashtirdik.
Chap qanot hujumchisi: Irving Losano (“Napoli”)
Neapolliklarning o‘ziga xos harakterga ega bo‘lgan hujumchisi navbatdagi tur bahslarida o‘zini zaxira o‘rindig‘ida qolishga majbur etayotgan Gattuzoga nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. "Sampdoriya"ga qarshi bellashuvda kiritilgan gol va assist jamoaga g‘oyat muhim g‘alabani taqdim etdi: "Napoli" 3-o‘rinda!
O‘ng qanot hujumchisi: Leon Beyli (“Bayer”)
“Dorishunoslar” bu turda Bundesliganing eng xavfli jamoalaridan birini taslim etishga erishdi. Qanday hisobda?! 4:1! Ushbu g‘alaba orqali Peter Bos shogirdlari musobaqa jadvalining 1-pog‘onasiga ko‘tarilib olishdi. Ketma-ket o‘yinlarda ochko yo‘qotayotgan “Bavariya” va “Borussiya” Dortmund ularga ushbu sharoitni taqdim etdi.
Tur o‘yinida Leon Beyli eng porloq futbolchi sifatida yodimizda qoldi: dubl!
Markaziy hujumchi: Jeymi Vardi (“Lester”)
“Lester”ning “Brayton”ni engishi taxmin qilinayotgandi. Ammo Jeymi Vardining super o‘yini fonida bu ish juda chiroyli tarzda uddalandi. U bahs Angliyalik kech ochilgan iste’dod ushbu bahsda gol urishdan tashqari, jamoadoshlarining 2 ta goliga assist ham amalga oshirdi. Jeymining mavsum boshidan buyon ter to‘kayotgani oqibatida “Lester” hozirda APL jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar