SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 25-tur ramziy terma jamoasi

  • 30 noyabr, 2020, 16:06
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Darvozabon: Valijon Rahimov (AGMK)

Tecno

Amalda 2-o‘rinni boy berib ulgurgan olmaliqliklarning darvozaboni “Navbahor”ga qarshi o‘yinning tom ma’nodagi qahramoniga aylana oldi. To‘pga chiqishlardagi aniqlik, bir nechta chiroyli seyvlar tufayli bu turda porlagan Abduvohid Ne’matov va Sanjar Quvvatovdan uni ushbu pozitsiyaga munosibroq ko‘rdik. 

IMG_5515

Chap qanot himoyachisi: Mirzohid G‘ofurov (“Navbahor”) 

25-tur markaziy bellashuvlarga boy bo‘ldi. Ammo biz yana Namangandagi “Markaziy” o‘yingohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvga murojaat etamiz. Aslida, bu turda chap qanot himoyasi vakillari u qadar porlamadi. Bu tur ushbu pozitsiyada harakat qilganlar orasida G‘ofurov eng yorqini bo‘ldi, nazarimizda. Ha, uning jamoasi shuncha hujum uyushtirgani bilan g‘alabaga erisha olmadi. Buning sababi xususida biroz avval so‘z yuritdik…

photo_2020-11-29_14-38-40

Markaziy himoyachi: Sardor Rahmonov (AGMK)

Keling, “Navbahor” - AGMK jamoalari bahsidan ramziy jamoamizga kiritiladigan futbolchilarni birato‘la tugatib qo‘ya qolaylik. Rahmonov markaziy himoyada o‘sha kuni metin qo‘rg‘on vazifasini o‘tab bera oldi. Raqib ikkinchi qavatdan uzatgan to‘plarning uchdan ikki qismi aynan Rahmonov tomonidan qaytarildi. 

29.08.2020 Bukhara 2-2 AGMK (29)

Markaziy himoyachi: Husniddin Aliqulov (“Nasaf”)

Abduvohid Ne’matovni ramziy jamoaga kiritish masalasi hamkasblarimiz orasida yaxshigina munozaralarga sabab bo‘ldi. Abduvohidning yakunda ramziy jamoamizdan tushib qolishiga Aliqulov sabab bo‘ldi. Sababi, qarshiliklar markaziy himoyachisi raqib zarbalarining katta qismini Ne’matov manziligacha etib borishiga yo‘l qo‘ymadi. Bir necha vaziyatlarda darvoza tomon yo‘l olgan zarbalarni boshqa yo‘nalishga burib yuborishga ham erishdi. 

photo_2020-11-29_13-24-39

O‘ng qanot himoyachisi: Murod Xolmuhammedov (“Qo‘qon-1912”)

O‘ng qanot himoyasiga “vodiy derbisi”da jamoasiga g‘alaba taqdim etgan gol muallifi Murod Xolmuhammedovni qo‘yishga qaror qildik. Ha, uning goli penaltidan raqib darvozasiga kiritildi. Ammo Xolmuhammedovning qo‘qonliklar tarkibida tom ma’nodagi dirijyor ekanligi hech kimga sir emas. Elitada jon saqlab qolishga butun vujudi bilan harakat qilayotgan “Andijon”ni engish esa u qadar oson kechmasligi aniq edi. 

photo_2020-11-29_22-39-51

Markaziy yarim himoyachi: Marko Stanoevich (“Nasaf”)

Yurtimizda juda ko‘plab futbol ixlosmandlari milliy chempionatimizga juda past baho berishadi. Ularni to‘g‘ri tushunishimiz ham kerak. Yakuniga etayotgan dekadaning  ma’lum bir qismida chempionatimiz jozibasini biroz yo‘qotib qo‘ydi. 

Superliga davri esa ancha yaxshi saviyada o‘tmoqda. Stanoevichning gollari, ayniqsa, joriy mavsumning bezagi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ketma-ket ikkinchi turda Toshkent jamoasi darvozasiga gol urayotgan futbolchini ramziy jamoamizga kiritmasligimiz adolatdan bo‘lmasdi. 

photo_2020-11-29_15-23-48

Markaziy yarim himoyachi: Ibe Okoro (“Mash’al”)

Afrikalik legionerda barqarorlik bilan bog‘liq muammolar bor ekan. Ammo mana bunday o‘yini chiqib qolgan paytlarda uni kuzatish ancha qiziqarli kechadi. Yarim himoyachiga xos xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan Okoro “Buxoro”ga qarshi bellashuvda maydondagi eng yaxshilardan biri bo‘ldi. 

photo_2020-11-29_15-17-42

Chap qanot yarim himoyachisi: Jamshid Boltaboev (“So‘g‘diyona”)

Ulug‘bek Baqoev shogirdlari o‘tgan mavsumni xalqaro maydon yo‘llanmalari uchun kurashib, so‘nggi turda alamli tarzda uni boy bergan holda yakunlagandi. Ushbu mavsumda esa ularga barqarorlik etishmadi. Natijada, ular turnir jadvali ekvatorida yilni yakunlamoqdalar. 

Jamshid Boltaboev esa mavsumni super tarzda o‘tkazmoqda. “Qizilqum”ga qarshi kechgan uchrashuv ham, shular jumlasidan. 

photo_2020-11-29_16-14-38

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Oybek Bozorov (“Nasaf”)

Qarshiliklarning hech kimga bermaydigan javohir futbolchisi Bozorov “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinda ham yana o‘zini ko‘p jihatdan ko‘rsata oldi. Yana bir mavsum “ajdarlar” bilan shu tempda o‘ynab, xalqaro maydonda ham harakat qilgan taqdirda, unga ham anchagina xaridorlar to‘planib qolishi aniq. 

Milliy chempionatimiz uchun uning ketishi yo‘qotish bo‘lishi aniq. Ammo futbolimiz uchun ularning katta chempionatlarga o‘tishi g‘oyat zarur. 

photo_2020-11-29_15-23-52

Markaziy hujumchi: Igor Sergeev (“Paxtakor”)

Shota Arveladze shogirdlari faqatgina bir vaziyatda chempionlardek harakat qilishdi. Sergeev o‘zini gol urilgan vaziyatda haqiqiy sovuqqon hujumchilardek tutdi. Aks holda, birinchi davradagi dahshatli mag‘lubiyat sabab jon-jahdi bilan oldinga tashlangan “temiryo‘lchilar” “sherlar”ning chempionlik tantanasini biroz buzib qo‘yishi mumkin edi. 

photo_2020-11-29_20-07-17

Markaziy hujumchi: Shahzod Ubaydullaev (“Metallurg”)

“Metallurg”ning etakchi hujumchisi ancha yuqori darajadagi futbol namoyish etib kelmoqda. Andrey Shipilov qo‘l ostida shug‘ullanib borayotgan Ubaydullaevning jismoniy holati havas qilarli darajada. Terma jamoamizda ham debyut qilishga ulgurgan forvard “Surxon”ga qarshi o‘yinda jamoasiga g‘alaba taqdim etgan golning muallifi bo‘ldi. 

photo_2020-11-29_15-07-48_1

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!