SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (10-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Frantsiya muddatidan oldin keyingi bosqichga chiqqani uchun asosiy tarkibda etakchilarni maydonga tushirmadi. Natijada Tunis g‘alabaga erishdi. Ammo pley-offga chiqa olmadi.
Avstraliya Daniyadan ustun kelib, guruh masalasini hal qildi. Sokkeruzlar o‘z tarixida ikkinchi bor pley-offga yo‘l oldi.
Argentina Polshaga imkoniyat qoldirmadi va o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Messi jahon chempionatlarida ikkinchi marta penaltidan gol ura olmadi.
Meksika Saudiya Arabistonini yutib ham guruhda qolib ketdi. Qit’adoshimiz jahon chempionatida antirekord o‘rnatdi.
10-son
Tunis - Frantsiya 1:0
Tunis va Frantsiya maydonda saf tortdi. Muddatidan oldin guruhdan chiqish masalasini hal etgan amaldagi jahon chempionlari bu bellashuvda rotatsiya qilishga qaror qildi. Mbappe, Grizmann, Dembele va boshqalar zaxirada qoldirilgandi.
Ilk gol 58-daqiqada Vehbi Xazri tomonidan kiritildi. U deyarli maydon markazidan jarima maydoniga yorib kirib, evropalik himoyachilarini dog‘da qoldirdi. Bu tunisliklarning Qatardagi mundialda kiritilgan birinchi va yagona goli bo‘lib qoldi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Antuan Grizmann muvozanatni tiklagandi. Biroq hakam VARni ko‘rgach o‘yindan tashqari holat borligini qayd etdi va gol inobatga olinmadi. Yakunda frantsuzlar Afrika termasiga kichik 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Mag‘lubiyatdan qat’i nazar, frantsuzlar guruh bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Tunis esa 4 ochko bilan o‘z guruhida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Yagona gol muallifi Xazri Tunisning mundiallardagi oxirgi 5 golida muntazam qatnashib kelmoqda. U 3 ta gol va 2 assist muallifiga aylangan. Qolaversa, futbolchi terma safida jahon chempionatlarida 3-to‘pini kiritishga erishdi. Bu borada ham u etakchilik qilmoqda.
Frantsiya 2014 yilgi jahon chempionati nimchorak finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng hali yutqazmayotgandi. O‘shanda Germaniya 1:0 hisobida frantsuzlarni engib, yakunda dunyoda tengsizga aylangandi.
Avstraliya - Daniya 1:0
Tunis va Frantsiya jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bilan parallel tarzda kechgan to‘qnashuvda Avstraliya Daniya bilan kuch sinashdi. Kurashlarga boy o‘tgan bellashuvda "sariq qit’a" vakillari kichik 1:0 hisobida zafar quchdi va keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Yagona gol 60-daqiqada Lekki tomonidan urildi. U raqib himoyachisini ajoyib tarzda aldab, yakunda darvozabonning ham ojiz nuqtasini topdi. Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi va "Sokkeruz"ga pley-offda o‘ynash huquqini taqdim etdi.
Avstraliya o‘z tarixida ikkinchi bor pley-offga chiqdi. Dastlab, jamoa 2006 yili guruhdan chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.
Birinchi taymda Avstraliya posboni Metyu Rayyan jamoasidagi barcha futbolchilardan ko‘proq pas berdi. U sheriklariga 13 marta uzatma yo‘llagan.
Polsha - Argentina 0:2
Polsha - Argentina bahsi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Sababi Levandovski boshchiligidagi polshaliklar shu turgacha 1-o‘rinda, Messi etakchiligidagi argentinaliklar ikkinchi pog‘onada borayotgandi. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra o‘yinning ahamiyati katta edi.
Bellashuvda Janubiy amerikaliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda Lionel Messi penaltidan gol ura olmadi. U 11 metrdan tepgan to‘pni Voytsex Shchensni qaytardi.
47-daqiqada Aleksis Makallister hisobni ochdi. Taym o‘rtalarida Xulian Alvares oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Argentina ochkolari sonini 6 taga etkazib olgan holda, o‘z guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va nimchorak finalga yo‘l oldi.
Messi penaltidan tepgan to‘pni qaytargan Shchensni tarixga kirdi. Darvozabon jahon chempionatida 2 ta penaltidan yo‘llangan zarbani qaytargan uchinchi posbonga aylandi.
Avvalroq, Voytsex Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvda ham 11 metrdan yo‘llangan zarbani bartaraf etgandi.
Messi JChlarida uchinchi bor penalti tepdi. Ularning ikkitasidan foydalana olmadi. U bu borada ganalik Asamoa Gyanning antirekordini takrorladi. U 4 ta penaltining 2 tasidan foydalana olmagandi.
Polsha terma jamoasi 36 yil ichida ilk bor jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqdi. Polsha terma jamoasi Meksika bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi, Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida mag‘lub etdi va Argentinaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Polsha 4 dekabr kuni nimchorak finalda Franatsiya bilan kuch sinashadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.
Saudiya Arabistoni - Meksika 1:2
3-turdan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni va Meksika terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:2 hisobida yakunlandi. Bellashuvda qit’adoshlarimiz yana imkoniyatni boy berdi.
47-daqiqada Martin meksikaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib, Chavez oradagi farqni yana bittaga oshirib qo‘ydi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda Al Dovsariy gol urib, hisobni qisqartirdi.
Saudiya Arabistoni guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi. Meksika esa to‘plar farqiga ko‘ra Polsha bilan bir xil ochko to‘plab, 3-o‘rinda qoldi.
JCh-2022dagi omadsizlikdan keyin Eron TJ ustozi Karlush Keyrush ortidan meksikaliklar murabbiyi Xerardo Martino lavozimini tark etdi.
Saudiyaliklar chempionatning guruh bosqichida eng ko‘p sariq kartochka olgan terma jamoaga aylandi. Erve Renar shogirdlari 3 ta o‘yinda 14 marta ogohlantirildi. Bu musobaqa antirekordi hisoblanadi. Argentina va Meksika bilan bahslarda 6 tadan, Polshaga qarshi bellashuvda esa saudiyalik futbolchilar 2 ta sariq olgan.
Fikrlar