"Superkubokda ko‘zlarimiz yongan holda maydonga tushamiz" yoxud Maksim Shatskix "Andijon" klubi tarixiga kirishni istayapti

  • 26 may, 23:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ertaga bo‘lib o‘tadigan Superkubok oldidan bugun “Bunyodkor” stadionida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda "Burgutlar" bosh murabbiyi Maksim Shatskix va yarim himoyachi Doniyor Abdumannopov ishtirok etishdi.

Tecno

- Barchaga xayrli kech. Ertangi final o‘yini bitta uchrashuvdan iborat bo‘lganligi uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Bahs juda qiziqarli va ajoyib atmosferada o‘tishiga ishonaman. Stadionga muxlislar ko‘p keladi, deb umid qilaman. Yana bir jihati, ayniqsa andijonlik muxlislar ko‘z o‘ngida yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Bitta o‘yinlik finalda bor kuchimizni beramiz. Unchalik ham boy bo‘lmagan “Andijon” klubi tarixiga yana bir bor o‘z nomimizni yozdirib qo‘yishni istaymiz. Buning uchun ertaga qo‘limizdan kelgan barcha maksimum harakatni ishga solamiz.

Doniyor Abdumannonov:

- Jamoamizda kayfiyat a’lo darajada. Xudo xohlasa, hamma o‘yinga tayyor. Ertaga tarix yaratishga harakat qilamiz. Muxlislar qo‘llab-quvvatlashini his qilib, bor kuchimizni ishga solamiz.

- Bu Superkubok siz uchun uchinchisi hisoblanadi. Avvalgi ikkitasida “Paxtakor” boshqaruvida ham “Nasaf”ga mag‘lub bo‘lgansiz. Ertangi raqib yana “Nasaf”. Shu jihat ertaga tarix yaratishinglarga qo‘shimcha motivatsiya bo‘ladimi? Ikkinchi savolim, jamoaga kelganingizdan so‘ng kamchiliklar va o‘yindan to‘lmayotgan jihatlar va shu davrda qo‘l ostingizda o‘zgargan ijobiy ko‘rsatkichlar...

- Birinchi savolga keladigan bo‘lsak, men uchun buning ahamiyati yo‘q. Ikkinchi, uchinchi yoki beshinchi, men bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. “Paxtakor” bilan ikki marta Superkubokda o‘ynadim, degan narsa xayolimga kelayotgani yo‘q. Ertaga balki futbolchilar uchun qo‘shimcha motivatsiyadir, ammo men uchun qo‘shimcha motivatsiya emas. Aytganimdek, ertaga ko‘zlarimiz yongan holda maydonga tushamiz. G‘alaba qozonish uchun bor kuchimizni beramiz. Bundan oldin ikki marta Superkubokda qatnashganim ertaga motivatsiya beradi, deb ayta olmayman. Ikkinchi savolga kelsak, men kelganimdan beri jamoa uzoq muddat g‘alaba qozona olmayotgandi. Men kelganimdan keyin hozircha ikkita uchrashuv o‘tkazdik. Afsuski, birinchisida safarda “Sho‘rtan”ga imkoniyatni boy berdik. Ikkinchisida g‘alaba qozondik. Bu qora chiziqdan chiqib ketishimiz kerak edi. Bunday uchrashuv oldidan bizga mana shu g‘alaba kerak edi. O‘sha g‘alabadan so‘ng futbolchilar yaxshiroq kayfiyatda maydonga tushishadi.

- O‘tgan yilgi Superkubokda penaltilar seriyasi bajarilgandi. Bu yil ham penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rdingizmi?

- To‘g‘risi, bugungi mashg‘ulotdan keyin sinab ko‘ramiz. Ammo aytishim mumkinki, penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rishni iloji yo‘q. Lekin bugun mashg‘ulotdan so‘ng penaltilar tepib kim qanday tayyorligini bilib olarmiz.

- O‘tgan mavsum “Andijon” ayniqsa standart vaziyatlarda xavfliroq ko‘rinardi va yaxshi foydalana olardi. Bu yil ham “Andijon” standart vaziyatlar ustida ishlashda davom etmoqdami yoki jamoada qo‘shimcha epizodlar bormi?

- Biz faqat standartlarga urg‘u bermayapmiz. Avvalgi mavsumda jamoada ishlagan murabbiylar shtabi standartlarga ko‘proq urg‘u berishgandir. Biroq bizda standartlardan tashqari yana boshqa bir qator ishlanmalarimiz bor. Balki ertaga buning imkoni tug‘ilsa sinab ko‘rarmiz. Bizda standartlardan tashqari yaxshi shakllangan boshqa ishlanmalar ham bor.  

- So‘nggi vaqtlarda “Andijon” fan-klubi bilan jamoani o‘rtasidagi munosabat biroz sovugandek. Chunki bir qator g‘alabasiz seriyadan keyin jamoa bazasiga kelib, futbolchilar bilan suhbatlari biroz yomon taassurot qoldirgandi. Hozirgi kunda jamoa bilan fan-klubni munosabati qanday?

- Meni ular bilan shaxsan munosabatim yaxshi. Deyarli har kuni ko‘rishamiz, suhbatlashamiz. Balki men kelishimdan avval oldingi murabbiylar bilan munosabati yomon bo‘lgandir. U tarix, ortda qoldi. Muxlislar bilan suhbatlashdim. Ularga birinchi aytgan iltimosim sabrli bo‘lishlarini tushuntirdim. Birdaniga jamoada nimanidir o‘zgartirib yuborish qiyin. Bunga vaqt kerakligini tushuntirdim va ular bizni tushunishdi. Aytish mumkinki, munosabatlarimiz avvalgidan ko‘ra ancha yaxshilangan. Bizga vaqt berishsa, ishonchni oqlab, xursand qilishga harakat qilamiz. Andijonlik muxlislar futbolni yaxshi tushunishadi. Tabiiyki, g‘alabasiz uchrashuvlardan so‘ng salbiy fikrlar tug‘iladi. Har qanaqa jamoani fan-klubi singari bular ham “Andijon”ni g‘alaba qozonishini xohlashadi.

- Savol Doniyor Abdumannopovga. Agar natijalaringizga qaraydigan bo‘lsak, siz Maksim Shatskix qo‘li ostida yaxshiroq natijalarga erishsangiz. Avvalgi mavsumlarda “Paxtakor”da va hozir “Andijon”da ham sizni ko‘rsatkichlaringizni boshqalar bilan solishtirganda ancha yaxshiroq. “Andijon”da o‘z murabbiyimni topdim, deb hisoblaysizmi?

- Bundan oldingi murabbiy Aleksandr Xomyakov paytida menga kam imkoniyat berildi. Shuning uchun menimcha shunaqa bo‘ldi. Hozir yaxshi, imkoniyat ko‘proq bo‘lyapti. Oxirgi uchrashuvlarda 90 daqiqadan harakat qilyapman. O‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boryapti.

Maksim Shatskix: Men qo‘shimcha qilmoqchimanki, Abdumannopov hozirgi kunda fikrimcha, O‘zbekistondagi eng yaxshi hujumkor futbolchi. O‘zbekistonda bunday o‘yinchilar juda kam. Nima uchun bunday o‘yinchini milliy terma jamoaga chaqirilmayotgani men uchun syurpriz. O‘zbekiston chempionatida o‘yinda farq yuzaga keltiradigan o‘yinchilardan biri. Balki keyinroq terma jamoa murabbiylari unga ham imkoniyat berishadi, degan umiddaman.  

- “Surxon” bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoada jarohat olgan futbolchilar ko‘payib, tarkibda 16 nafar o‘yinchi qolgani mazmunida fikr bildirgandingiz. Jarohat olganlarning holati qanday?

- Ha, o‘shanda holatimiz shunaqa edi. Baxtimizga ayrim futbolchilarimiz safimizga qaytishdi. Afsuski, hali yo‘qotishlarimiz bor. Ulardan biri jamoamiz sardori Oleg Zoteev. Aytganimdek, jarohatdan qutulib safimizga qaytganlar bor va ertaga ularni imkoniyatidan foydalanamiz. Qolaversa, U21 jamoamizdan har doim yordam berishga tayyor bo‘lgan o‘yinchilar ham bor. Katta futbol atmosferasini his qilganlar ham bor. Balki imkoni bo‘lsa, shu stadionda atmosferani his qilishlariga imkoniyat berarmiz. Ularni ichida balki hali “Bunyodkor” stadionini ko‘rmaganlar ham bo‘lishi mumkin. Imkoni bo‘lsa, vaziyatga qarab imkoniyat berarmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!