“Superliga-2020”. "Paxtakor"ning seriyalari!
2020 yilgi Coca Cola Superligasi "Paxtakor"ning chempionligi bilan yakuniga etdi. Toshkent klubi chempionlikdan tashqari, O‘zbekiston kubogini ham qo‘lga kiritdi. Osiyo Chempionlar ligasida esa, chorak finalgacha etib bordi. Bugun, Arveladze shogirdlari Superligada qanday seriyalar qayd etganiga e’tibor qaratamiz.

"Sherlar" 15-turdan boshlab, 21-turgacha ketma-ket 7 uchrashuvda zafar quchdi. Toshkentliklar 5 sentyabr kuni "Buxoro"ni 4:0, 8 sentyabrda "Metallurg"ni 3:0, 18 oktyabrda "Qizilqum"ni 3:1, 21 oktyabrda "So‘g‘diyona"ni 2:0, 24 oktyabrda "Surxon"ni 6:0, 28 oktyabrda "Mash’al"ni 4:1 va 1 noyabr kuni AGMKni 6:0 hisobida engib, mavsumdagi eng uzun g‘alabali seriyasini qayd etdi.
Jamoa ketma-ket mag‘lubiyat va duranglar qayd etmadi.

14 iyun kuni 4-turdan o‘rin olgan "So‘g‘diyona"ga qarshi Jizzaxda kechgan bellashuvda "Paxtakor" (0:1) imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shundan so‘ng, klub qatorasiga 17 ta bahsda mag‘lubiyat nimaligini bilmadi. Bu orada, Arveladze shogirdlari 9-turda AGMK bilan 2:2 va 1 sentyabrda "Navbahor" bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, qolgan 15 ta bahsni o‘z foydasiga hal etgan.

"Sherlar" 13 ta bellashuvda o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qolishni uddasidan chiqdi. Ushbu uchrashuvlarning 10 tasida Eldorbek Suyunov posbonlik qilgan bo‘lsa, 3 ta bahsda Sanjar Quvvatov "quruq o‘yin" o‘tkazdi.

Umuman olganda, "Paxtakor" mavsumni ko‘taringki ruhda o‘tkazib, 26 uchrashuvning 21 tasida g‘alaba qozongan va 2 ta durang o‘ynab, 3 marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Raqiblariga 76 marta gol urdi va o‘z darvozasidan 18 ta to‘p olib chiqdi xolos.
To‘purarlik borasida o‘z mahoratini ishga solgan Dragan Cheran hamda Igor Sergeev mavsum davomida ko‘plab gollarga mualliflik qildi. O‘zbekiston terma jamoasi forvardi 3 ta bahsda dubl qayd etgan bo‘lsa, "Paxtakor" legioneri bitta dubl va 2 ta xet-trik qayd etishni uddasidan chiqdi.

Seriyalar mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, Toshkent klubi g‘alabali va mag‘lubiyatsiz o‘yinlar o‘tkazish bo‘yicha eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Qatorasiga 6 ta bellashuvda zafar quchishni uddalagan AGMK ketma-ket 13 mag‘lubiyatsiz uchrashuv o‘tkazgan va bu borada, "Paxtakor"ga eng yaqin ta’qibchi bo‘la oldi. AGMK va boshqa klublarning seriyalariga keyingi maqolalarimizda to‘xtalib o‘tamiz. Turnir jadvalidagi joylashuvga qarab, ketma-ketlikda har bir jamoaning qayd etgan seriyalari haqida ma’lumot berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting!



Fikrlar