Superliga. Birinchi davraning eng yaxshi futbolchisi kim? (Top-5)

  • 7 iyul, 2023, 20:50
  • 1
  • Futbol

Superliganing birinchi davrasi o‘z yakuniga etganidan xabaringiz bor. Uni sarhisob qilishning ayni payti! Shunday ekan, biz birinchi davraning eng yaxshi futbolchilarini aniqlashni boshlaymiz. Statistik ma’lumotlarga asoslanmagan holda tuzilgan ro‘yxatda asosan jamoasi g‘alabasiga ko‘proq hissa qo‘shgan yigitlar o‘rin egallagan. Bu mening shaxsiy kuchli beshligim. Agar sizda boshqa variantlar mavjud bo‘lsa, uni kommentda yozib qoldirishingiz mumkin.

5-o‘rin. Umar Adhamzoda

adhamzoda

Qanot himoyachisi kuchli beshlikni ochib beradi. Joriy mavsumda Levchenko targ‘ib etayotgan o‘yin uslubida fulbeklarning o‘rni ulkan. Tarkibda bir yo‘la 3 ta markaziy himoyachi bo‘lgani bois, qanot himoyachilari 90 daqiqa davomida nafaqat himoyadagi, balki hujumdagi kemtiklarni ham to‘ldirishga majbur bo‘ladi. Farg‘onaliklar safida mavsumni super tempda boshlagan Umar Adhamzodani e’tirof etmaslikning imkoni yo‘q. Chaqqon, agressiv va mehnatkashlikni o‘zida jam qilgan yigitni o‘zbek futboli ishqibozlari uchun joriy mavsumda o‘zi uchun qayta kashf etdi desak, adashmagan bo‘lamiz. 13 o‘yin, 2+2! Eng muhimi, Adhamzoda "Neftchi"ning katta o‘yinlarida biror marotaba o‘zi personal o‘ynagan raqibiga pozitsiyasini boy bergani yo‘q. Aynan shu faktorning o‘zi uni Superligadagi eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri ekanligidan dalolat.

4-o‘rin. O‘tkir Yuspov

34de34le

"Navbahor" jamoasining so‘nggi yillardagi ishonchli o‘yini haqida so‘z borar ekan, kimdir Jamshidlar (Iskanderov/Boltaboev) haqida so‘zlasa, yana kimdir Babayan effekti borasida fikr bildiradi. Men esa joriy mavsumdagi 13 o‘yinning 9 tasida (!) o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan O‘tkir Yuspovni alohida e’tirof etmoqchiman. 32 yoshli terma jamoamiz posboni jamoasining eng ishongan zonasini (darvoza) munosib himoya qilib kelmoqda.

U bir-ikki o‘yinda performans ko‘rsatib, keyin qovun tushirib qo‘ymaydi. Soddaroq qilib aytsak, Yusupov juda ham stabil posbon. Aynan uning darvozani har doim a’lo darajada qo‘riqlagani uchun ham "Navbahor" xotirjam ikkinchi raqamda to‘p tepishi mumkin. O‘tkir ayni damda O‘zbekiston futbolidagi birinchi raqamli posbon. Agar mavsum startidagi "Paxtakor" va OKMK klubiga qarshi o‘yinlarni ham quruq o‘tkazganida, u so‘zsiz bu reytingni birinchi pog‘onasidan o‘rin egallagan bo‘lar edi.

3-o‘rin. Dragan Cheran

Cheran2

"Paxtakor"ning aloqachon tirik afsonasiga aylangan Dragan Cheran kuchli uchlikdan o‘rin egallashi tabiiy edi. 12 o‘yinda 9 gol! Statistika o‘z yo‘liga, Cheran joriy mavsumda faqatgina "sherlar"da bor o‘ziga xos "qurol"ga aylanib qoldi. O‘yin og‘ir o‘tyaptimi? Oldinda hech narsa o‘xshamayaptimi? Vaziyat keskinlashyaptimi? Shu va shunga o‘xshash muhim vaziyatlarda bolqonlik yigit katta sahnaga chiqishi va o‘yinni jamoasi tomonga burib yuborishiga barchamiz ko‘nikib qoldik. Shu qadar ko‘nikib qoldikki, hatto 12 o‘yinda 9 gol kiritgan hujumchini avvalgi mavsumlardagidan passivroq harakat qilayotganini sezmayapmiz. Ha, yillar o‘z so‘zini aytadi, ammo hozirgi holatda ham Cheran Superligadagi unikum futbolchi ekanligini isbotlab kelmoqda. Saviyali legioner, og‘ir vaziyatda katta sahnaga chiqadigan lider va sovuqqonlik ko‘rsatishga o‘rgangan "qotil" hujumchi!

2-o‘rin. Husniddin Aliqulov

Aliqulov Husniddin

"Nasaf" mudofaa vakili va "yonayotgan o‘yinlar"da "o‘t o‘chiruvchi" vazifasini bajarishiga ko‘nikib qolganimiz Husniddin Aliqulov ikkinchi o‘rinni egallamoqda. 12 o‘yinda 5 marotaba raqib darvozalarini ishg‘ol qilgan to‘purar markaziy himoyachi ayni damda Superligada o‘z ampluasidagi eng yaxshi futbolchi ekanligi hech kimga sir emas.

"Ajdarlar"ning bir chiziqli uch markaziy himoyachiga suyangan asosiy sxemasida Aliqulovning o‘rni ulkan. U nafaqat gollar uradi, balki tartibli himoyalanishni ham o‘rniga qo‘yadi. Baland bo‘yli, agressiv, ammo kamdan-kam hollarda qo‘pollik ishlatadigan yigit hozirgi "Nasaf"ning eng katta aktiv futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi.

1-o‘rin. Rubin Xebay

xebay

Birinchi pog‘onani esa "burgutlar" safida Superligani "yondirgan" Rubin Xebay egallamoqda. 10 ta o‘yinda 9 ta gol! Sermahsullik bobida u ayni damda chempionatimizdagi eng yaxshi futbolchi. Joriy mavsumda "Andijon" 13 o‘yinda umumiy hisobda 15 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning 10 tasi Rubin hisobiga yozilgan bo‘lsa, yana ikki golga qahramonimiz assistentlik qilgan. Ya’ni, barcha kiritilgan gollarning 70 foizidan kattaroq qismi uning mehnati desak, mubolag‘a bo‘lmas. Albaniyalik forvard bu statistik fakt sababli birinchi pog‘onani zabt etgani yo‘q.

"Burgutlar" o‘yin uslubi asosan himoyaga tayangani sababli, forvardlarga o‘yin davomida uzog‘i bilan bir yo ikkita imkoniyat yarata oladi, xolos. Mana shunday minimallikka suyangan uslubdagi jamoada ham 9+2 natija qayd etish uchun chinakam "qotil" hujumchi bo‘lish talab etiladi. Hozir "Andijon" 19 ochko jamg‘argancha, turnir jadvalida 6-pog‘onada borayotgani aynan shu yigitning klass evaziga kiritgan gollari samarasi. So‘zsiz, (mening versiyamga ko‘ra, albatta) Rubin Xebay 2023 yilgi mavsum birinchi davrasining eng yaxshi futbolchisi.

Bonus. Islom Kenjaboev

gk34k4g

O‘yini chiqmay, ketma-ket o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan "Qizilqum"da Kenjaboevning yorqin o‘yinidan boshqa tomosha qilishga arzigulik narsa ko‘rinmayapti. Hujumkor qanot yarim himoyachisi deyarli hech narsa o‘xshamayotgan jamoa safida ham yo‘qolib qolgani yo‘q. 13 o‘yinda 2 gol. Qahramonimiz "tilla qazuvchilar" jamg‘argan 10 ochkoning asosiy sababchilaridan biri.

"Buxoro" bilan muhim bahsdagi yagona golga assist. "Nasaf"ga qarshi uydagi og‘ir o‘yindagi reyd ortidan kiritilgan gol yakunda bir ochko taqdim etgan bo‘lsa, "Bunyodkor" ustidan qozonilgan g‘alabaga ham qahramonimiz gol kiritib katta hissa qo‘shdi. Ha, bu ro‘yxatga kirish Kenjaboevga nasib etmagan bo‘lsada, uning o‘yinini alohida e’tirof etish darkor. Shu bois, "Qizilqum" vingeri kuchli beshlikdan uncha uzoq bo‘lmagan joydan o‘rin egalladi.

Bonus. Asilbek Jumaev - "Surxon"

i34jgi4jejg43

Superliga uchun syurprizga aylangan "Surxon"ning yoshlardan iborat "bandasi" yaxshigina shov-shuv ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Aslida, jamoaning barcha futbolchilari tahsinga sazovor, biroq bizni kuchli beshlikdan Asilbek Jumaevgina o‘rin egalladi. 2005 yilda tavallud topgan yarim himoyachi mavsumni chinakam kashfiyotlaridan biri desak, adashmagan bo‘lamiz. Chaqqon, tezligi chakki bo‘lmagan yigit 18 yoshga to‘lar-to‘lmas "Surxon" proektining mevasi sifatida ko‘zga tashlana boshladi. Uning o‘z tengqurlaridan tashkil topgan terma jamoadan chaqiruv olgani ham bejiz emas. Hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, Jumaevni "katta sahnada" tizzalari qaltirab qolgani yo‘q.

"Neftchi" bilan otishma (2:2) va "Bunyodkor" bilan sola-sol (1:0) o‘yinlarda yigitcha potentsiali yuqori ekanligini isbotlab berdi. Aslida, kuchli beshlikdagi bonus ham Asilbek uchun SPORTS.uz tomonidan berilgan kichik avans. Kelajakda u o‘z ustida ishlab, top darajadagi futbolchi bo‘lib etishishi uchun.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

O‘z "Kuchli beshlik" variantlaringizni izohlarda qoldiring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ulugbek Ruziqulov
08/07/2023 15:35
Rostdan ham Husniddin Aliqulovga tasanno UZB 1 haqiqiy Ramos