Superliga. Ketma-ket uchinchi turdirki u eng zo‘ri

  • 4 noyabr, 2024, 00:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 23-tur ham nihoyasiga etdi. 31 oktyabrda boshlangan o‘yinlar 3 noyabrga kelib yakunlandi. Turli xil natijalar qayd etilgan uchrashuvlarda odatdagidek uning qahramonlari bor.

“Paxtakor” – “Andijon” – 3:1. Eng yaxshi futbolchi: Ulug‘bek Hoshimov

Turni boshlab bergan “Paxtakor” – “Andijon” qarama-qarshiligida mezbonlar 3:1 hisobida ustun keldi. O‘yinda birinchi golni urgan hujumchi Ulug‘bek Hoshimov nihoyat o‘zi uchun bildirilayotgan tanqidlarni yo‘qqa chiqardi. “Andijon”ga qarshi uchrashuvda Hoshimov o‘zini ko‘rsata oldi.

“Lokomotiv” – “Nasaf” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Akmal Mozgovoy

“Nasaf” kutilganidek ushbu turda ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Safarda “Lokomotiv”ga qarshi og‘ir uchrashuvda “Nasaf” Akmal Mozgovoyning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi va chempionlikni muddatidan oldin rasmiylashtirdi. Hal qiluvchi golni urgan Mozgovoy alohida ajralib ko‘rsatildi va bellashuvning eng yaxshisiga aylandi.

“So‘g‘diyona” – “Surxon” – 2:4. Eng yaxshi futbolchi: Abdug‘ofur Haydarov

Superliganing ushbu turida eng tomoshabop o‘yin shubhasiz Jizzaxdagi uchrashuv bilan bog‘liq. Maydon egalari avvaliga 2:0 hisobida oldinda edilar. Hammasi ikkinchi bo‘limda o‘zgarib ketdi. Zaxiradan maydonga tushgan “Surxon”ning yosh hujumchisi Abdug‘ofur Haydarov 15 daqiqa ichida xet-trikka erishdi. Yakunda esa “Surxon” safarda qiyin raqib ustidan irodali tarzda 2:4 hisobida g‘alaba qozondi. Haydarov uchta uchrashuvdan beri maydonni golsiz tark etmayapti. Xet-trik qayd etgan futbolchi tabiiyki eng zo‘ri.

“Olimpik” – “Navbahor” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Jamshid Boltaboev

19 va 72-daqiqalarda “Navbahor” yarim himoyachisi Jamshid Boltaboevning kiritgan gollari “Navbahor”ga mehmonda “Olimpik” ustidan 1:2 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi. Tabiiyki, ilk bor dublga erishgan Boltaboevdan ko‘ra shu kuni eng yaxshi o‘yinchi nomiga munosibrog‘i yo‘q edi.

“Qizilqum” – “Dinamo” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Hojimirzaev

Bu yil “Dinamo”ning etakchisiga aylanishga ulgurgan hujumkor yarim himoyachi Anvar Hojimirzaev o‘tgan turda o‘zini ko‘rsata olmagandi. Bu safar “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda samarqandlik ishqibozlar yana avvalgi Hojimirzaevni ko‘rdilar. Anvar uchrashuvda birinchi golni urdi. “Qizilqum” futbolchilariga etarlicha muammolar tug‘dirdi. Xullas, Hojimirzaev yana o‘z tempida.

“Neftchi” – “Bunyodkor” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Anvar G‘ofurov

“Neftchi” sardori Anvar G‘ofurov ketma-ket uchinchi o‘yindirki uchinchi golini uryapti va uchinchi marta ketma-ket uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilmoqda. “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda u 85-daqiqada jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Anvar G‘ofurov bugungi kunda “Neftchi”ning eng asosiy figurasiga aylangan. Buni natijalar va statistikalar tasdiqlab turibdi.

“Metallurg” – OKMK – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Oleksandr Kucherenko

G‘alabaga tashna bo‘lib turgan “Metallurg” bu turda Toshkent derbisida OKMK bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Oxirgi o‘rindagi Bekobod jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan Mirjalol Qosimov jamoasiga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. “Metallurg”ning legioner himoyachisi Oleksandr Kucherenko uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. O‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, u himoyada ham, hujumda ham jon kuydirib o‘ynadi va maydonda matonat ko‘rsatdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!