
Superliganing 11-turida qanday o‘yinlar kutyapti yoxud kuragi erga tegmagan jamoani yoshlar to‘xtatadimi?
Superligada 11-tur eshik qoqmoqda. Bu safar doimgidek 7 ta emas, 6 ta uchrashuv bo‘ladi. E’tiboringizga tur oldidan jamoalarning imkoniyatlari borasida so‘z yuritamiz. Darvoqe, “Nasaf” – “Paxtakor” o‘yini qoldirilgan.
19 may
“Buxoro” – “So‘g‘diyona”
Bu o‘yin ko‘proq Ulug‘bek Baqoev uchun alohida ahamiyat kasb etsa ajab emas. Chunki murabbiylik faoliyatida “So‘g‘diyona”dagi ishi uning tashrif qog‘oziga aylangan. Jizzaxliklarni bir necha mavsum davomida boshqardi va o‘tgan yilgi chempionat oxirlarida ketdi. Baqoev davrida “So‘g‘diyona” chindan kuchli klubga aylandi. U ketgach, “So‘g‘diyona” biroz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Biroq bosh murabbiylikka Ivan Boshkovich kelgach, Jizzax jamoasining g‘alabali seriyasini boshladi. Baqoev esa “Buxoro” boshqaruvini qo‘liga olgan holda jamoani o‘zining o‘yin uslubiga moslashtirish harakatida ishlab yuribdi. Tabiiyki, Ulug‘bek Baqoev sobiq jamoasini yutishni xohlaydi. “So‘g‘diyona”ning o‘yini Boshkovich boshchiligida buxoroliklardan ko‘ra qiziqarliroq ko‘rinyapti. Agar kuchlar teng kelsa ajablanmaymiz.
20 may
“Surxon” – “Metallurg”
“Metallurg” yangi bosh murabbiy bilan ham natijani o‘nglashi qiyin kechyapti. Mag‘lubiyatlar davom etyapti. Bu safar bekobodliklar Toshkentda “Surxon”ga qarshi maydonga tushishadi. Termizliklar chempionatni ancha ishonchli o‘tkazishyapti va natijalari chakki emas. Bu o‘yinda “Surxon”ning ustunligi bor.
21 may
“Olimpik” – “Neftchi”
Turning markaziy o‘yinlaridan biri. Hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Neftchi” Toshkentda “Olimpik” klubi mehmoni bo‘ladi. Albatta, bu safar Timur Kapadze jamoasi farg‘onaliklarning kuragini erga tekkizishga urinib ko‘radilar. “Neftchi” bosh murabbiyi “Olimpik” klubi tashkil etilganidan beri bu jamoa haqida faqat iliq gaplarni aytib kelgan. Yaxshi o‘yin bo‘lishi shubhasiz. Hozircha imkoniyatlar teng.
“Turon” – OKMK
G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Turon” uchun yana bir imkoniyat. Yaypanliklar o‘z uyida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK klubini qabul qilishadi. Sira omadi chopmayotgan “Turon” vaziyatni o‘zgartirish uchun bosh murabbiyni ham almashtirib ko‘rdi. Rossiyalik Denis Bushuev keldi. Hozircha ijobiy natijadan darak yo‘q. OKMK sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgani ma’lum. To‘g‘ri, mehmonlarga qiyin bo‘ladi. Boisi, “Turon” g‘alaba uchun barcha imkoniyatini ishga solishi aniq. Avvaliga yopiq o‘yin bo‘lishi ham mumkin, ammo mehmonlar hisobni ochadigan bo‘lsa, u holda “Turon” ochiq o‘yin ko‘rsatishga o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi. Yana bir variant shundayki, birinchi gol uradigan jamoa yutib ketadi.
22 may
“Bunyodkor” – “Navbahor”
Toshkentda jiddiy bahs guvohi bo‘lamiz va ushbu turning markaziy to‘qnashuvi desak ham yanglishmaymiz. Natija uchun o‘ynayotgan “Navbahor” qarshisida bu safar ochiq va hujumkor futbol ko‘rsatadigan jamoa raqib vazifasini bajaradi. Doim “Navbahor”ga “Bunyodkor” maydonida qandaydir qiyinchiliklar bo‘lib kelgan va bu ochko yo‘qotishiga olib kelganiga amin bo‘lganmiz. Har qanday holatda ham bu to‘qnashuv juda keskin o‘tadi.
“Andijon” – “Qizilqum”
“Andijon” klubi Superligadagi oxirgi ikkita uchrashuvda alamli mag‘lubiyatlarni qabul qilib oldi. “So‘g‘diyona” va OKMK bilan bahslarda birinchi bo‘lib gol urganiga qaramay, oxirgi daqiqalarda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yuborishi evaziga 2:1 hisoblarida mag‘lubiyatga uchradi. “Qizilqum”dagi vaziyatni bilasiz, u erda bosh murabbiy o‘zgardi. Asror Aliqulov o‘rnini Tachmurod Agamurodov egalladi. “Qizilqum” chempionatda hozircha bitta g‘alaba qozongan xolos. Lekin o‘yin tomonlama andijonliklar qiziqarliroq. “Qizilqum”ning o‘yinida tartib yo‘qligini hisobga olsak, bu safar Xomyakov jamoasida ustunlik sezilyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar