
Superliganing hamma klubi noqulay, "Bunyodkor"dan o‘tamiz, bizga o‘zi "Nasaf" etishmayotgandi - qur’adan keyingi fikrlar
Bugun O‘zbekiston Kubogi 1/8 finaliga qur’a tashlanganidan xabardorsiz. Ushbu bosqichda siz bilan bizni qiziqarli juftliklar kutib turibdi. “Lokomotiv” – AGMK, “Qo‘qon-1912” – “Surxon”, “Buxoro” – “Metallurg”, “Qizilqum” – “Bunyodkor”, “Paxtakor” – “So‘g‘diyona”, “Andijon” – “Nasaf”, “Oq-tepa” – “Navbahor” va “Mash’al” – “Sho‘rtan” o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlar umid qilamizki, kutilganidan-da, shiddatliroq o‘tadi. Biz esa qur’adan keyin ayrim murabbiylarning fikrlari bilan qiziqib ko‘rdik.
Asror Aliqulov (“Sho‘rtan” bosh murabbiyi):
- Asror Chorievich, qur’a “Sho‘rtan”ga “Mash’al”ni ro‘baro qildi. Bu haqida nima deysiz?
- Nima deyish mumkin? Bilasiz, asosiy e’tiborimizni pro-ligaga qaratganmiz. Avvalo ushbu musobaqadagi o‘yinlarimizni o‘tkazib olganimizdan keyin orada biroz vaqtimiz bo‘ladi. Ana shunda O‘zbekiston Kubogi uchun tayyorgarlik ko‘ramiz. “Mash’al”ga qarshi o‘yinga kelsak, bu Qashqadaryo xalqi uchun derbi, muxlislarga juda qiziqarli. Biz ishqibozlarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Futbol birinchi navbatda muxlislar uchun. Derbining shiddatli va hujumkor o‘tishiga qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Superliga klubiga munosib qarshilik ko‘rsatishga astoydil kurashamiz.
- Raqib noqulay emasmi?
- Pro-liga jamoasi uchun Superliganing barcha klublari noqulay. Baribir ularning saviyasi hamda futbolchilarining mahoratiyu, ijrosi bo‘yicha biznikilardan ustun. Shu bois Superliga jamoalariga qarshi kurashish qiyin bo‘ladi. Shunga qaramay, maksimal darajada harakat qilamiz. Pro-ligada ishtirok etsak-da, “Mash’al”ga qarshi jiddiy to‘p surishga intilamiz. Chunki muxlislar o‘sha kuni stadionga chiroyli futbol ko‘rgani keladilar.
Hamidjon Aktamov (“Qizilqum” bosh murabbiyi):
- “Qizilqum” “Bunyodkor” bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Juftlik haqida qanday fikrdasiz?
- Kim raqib bo‘lishidan qat’i nazar hamma bilan o‘ynaymiz. Lekin bu o‘yinning safarda o‘tgani yaxshiroq bo‘larmidi?! Baribir uydan ko‘ra, mehmonda to‘p surgan osonroq-da (kuladi). Mayli, uyimizda ham o‘ynayveramiz. Farqi yo‘q.
- Kubok musobaqasida “Qizilqum”ning asosiy vazifasi qanday?
- Kubokdagi maqsadimiz ham yuqori qo‘yilgan. Musobaqaning oxirigacha etib borishga harakat qilamiz.
- Vadim Abramovning “Bunyodkor”dan tashqari milliy terma jamoamizning ham ustozi ekanligi mazkur uchrashuv oldidan sizlarga yanada ruhlanish uchun qo‘shimcha motivatsiya bag‘ishlaydimi?
- Menga hech qanaqa motivatsiya bermaydi. Mavsumning oxiri, hammasi bir xil, raqib “Paxtakor” bo‘ladimi yoki “Bunyodkor”mi, farqi yo‘q. Hamma raqibni biz uchun kuchli, deb hisoblab kelamiz.
- Yaqinda Nesterov bilan Abramovning o‘rtasida sovuqchilik bor, deb aytgandingiz. Bu ham ular uchun o‘ziga yarasha qarama-qarshilik bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, bu sport-ku. Hamma o‘zining professional ishini qiladi. Adovat yoki boshqasi endi bunga taalluqli emas. Abramov ham, Nesterov ham professional. Maydonda hamma o‘z ishini qiladi. Xudo xohlasa, Kubokda “Bunyodkor”dan o‘tamiz deb umid qilaman.
Otabek G‘ulomxo‘jaev (“Andijon” bosh murabbiyi):
- Qur’a haqida nimalar ayta olasiz?
- Qur’a tashlash marosimini oxirlariga etib keldim. 5-6 ta klub qolgan ekan. Juftliklarni o‘zim ham daftarchamga yozib kelayotgandim. “Andijon”ga “Nasaf” tushganidan so‘ng, yordamchilarimga ham aytdim, Xudo bizga chiroyli sinov yuboryapti. Mana, chempionatimizdagi raqiblarimizga qarang, “Qo‘qon-1912” 4-o‘rinda, AGMK 3-o‘rinda, “Paxtakor” esa 1-o‘rinda. Ko‘ryapsizmi, orada bitta “Nasaf” qolib ketgandi. Endi to‘rtta yuqori saviyadagi murabbiylar bilan ham bellashamiz. To‘g‘risi, hozir Kubok haqida o‘ylayotganim yo‘q. Bu menga qiziq emas. Birinchi navbatda chempionat doirasida “Mash’al”ga qarshi o‘yinga tayyorlanyapmiz. Undan keyin AGMK, “Qo‘qon-1912” va “Paxtakor” bilan o‘ynaymiz. Bor e’tiborimiz jamoamizni Superligada saqlab qolishga qaratilgan. Albatta, Kubok bellashuviga ham baribir jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz, bu aniq. Buning ustiga o‘z uyimizda o‘ynaymiz. “Nasaf”ning qanday kuchga egaligini bilamiz. Maksimal darajada uzoqroqqa borishga harakat qilamiz. Mana, bugun “Navbahor”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynadik. Bu o‘yin xatolarimizni ko‘rib olish uchun tashkil qilindi. Natija bizga kerak emas, yigitlarga men ko‘rishni xohlayotgan futbol kerakligini aytdim. Chempionatimizda turdan-turga qo‘shib borsak, “Nasaf” bilan bahsga yaxshi formada etib kelamiz.
- Qur’ada qaysi raqibni kutgandingiz?
- Ochig‘i, bizga “Navbahor” tushsa kerak, deb o‘ylagandim.
- Chempionatni hamma har xil tugatishi mumkin. Shundan keyin Kubok boshlanadi va bunga futbolchilarni yana ruhlantirish og‘ir kechmaydimi?
- Kubokdagi uchrashuvga tayyorgarlik chempionatimizdagi mana shu to‘rtta o‘yin orqali bo‘ladi. Superligamizda tanaffus bo‘lgani tufayli futbolchilar etarlicha dam oldi. Ikki hafta davomida ularni maksimal darajada tayyorlab boryapmiz. Ko‘p narsa ruhiyatga ham bog‘liq. Agar to‘rtta bellashuvni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkaza olsak, bu Kubokdagi bellashuvga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Fikrlar