"Tavakkal qilmasangiz tarix yarata olmaysiz" yoxud Sherzod Temirov yana Gonkongda qoladimi?
Gonkongning etakchi klublaridan biri – “Kitchi” tarkibida to‘p surgan hujumchimiz Sherzod Temirov yaqinda erkin agentga aylandi.
U ushbu jamoa safida o‘tgan vaqt davomida 52 ta uchrashuvda 23 ta gol urdi. Temirov hozir yozgi ta’tilda.
Kuni kecha futbolchi Sports.uz jurnalistiga intervyu berdi.
- Sherzodbek, “Kitchi” klubi bilan xayrlashdingiz. U erdan ketishingiz faqat shartnomangiz tugagani bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababi ham bormi?
- Avvalo, barcha o‘zbekistonlik futbol muxlislariga salom. Xabaringiz bor, amaldagi klub bilan tuzilgan shartnomam o‘z nihoyasiga etgan. Menga yangi shartnoma bo‘yicha taklif qilishgan, og‘zaki kelishuvimiz bor. Lekin men variantlarni ko‘rib chiqishimni klubga aytganman. Chunki tavakkal qilmasangiz tarix yarata olmaysiz. Faqat oldinga intilish kerak, deb o‘ylayman.
- U erdagi salkam bir yarim yildan ortiq vaqt davomida o‘tkazgan faoliyatingiz nimasi bilan yodingizda qoladigan bo‘ldi?
- Menga ishonib klubga taklif qilgan jamoa prezidentiga rahmat aytaman. Klubda yaxshi xotiralar bilan esda qoladigan bo‘ldi. Bu “Atletiko” jamoasi va yana boshqa nomdor klublar bilan va ikki bor mamlakat Kuboklari g‘olibi bo‘lganim bilan ham esda qoladi. Bu darajaga chiqishimda yaqindan yordam va maslahat berib qo‘llab-quvvatlagan ota-onamga qancha rahmat aytsam ham kam deb o‘ylayman.
- Gonkong futboli deganda ko‘z oldingizga birinchi navbatda nima keladi?
- Bu ligada ko‘proq texnik va taktik o‘yinga qaratilgan futbol. Yodda qoladigan narsalardan bu - futbol uchun yaratilgan sharoitlar. U erda siz boshqa joylarga borib yurmaymiz, hammasi klubni o‘zida mujassam.
- U erda siz uchun eng yoqimli va yoqimsiz o‘yinlar bo‘ldimi?
- O‘yinga halal beradigan yoqimsiz o‘yinlar ko‘rmadim. Faqat futbol o‘ynash kerak. U erda barcha sharoitlar siz uchun yaratilgan va siz buni qadrlab o‘z iqtidoringizni ko‘rsatishingiz kerak, xolos.
- Gonkongni boshqa klublaridan takliflar bormidi? U erda qolishingiz mumkinmidi yoki istamadingizmi?
- Takliflar hozir ham bor. Buni vaqt ko‘rsatadi. Meni maqsadim terma jamoaga qaytib, yurtimiz bayrog‘ini himoya qilish, Xudo xohlasa.
- Keyingi rejangiz qanday? O‘zbekiston chempionatiga qaytmoqchimisiz?
- Oldindan hech nima deb ayta olmayman. Eng yaxshi va ma’qul taklifni tanlaymiz.
- Sir bo‘lmasa, hozirda sizga qaerlardan takliflar bor?
- Variantlar bo‘lyapti. Xudo xohlasa, hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar