Tchuameni: «Valverde bilan oʻrtamizda hech qanday mushtlashuv boʻlmagan»
Tchuameni «Real»da Valverde bilan mushtlashgani haqidagi xabarlarni rad etib, jismoniy to‘qnashuv bo‘lmaganini aytdi.
«Real» yarim himoyachisi Orelien Tchuameni o‘tgan mavsum yakunida jamoadoshi Federico Valverde bilan mushtlashgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Tchuameni The Bridge nashriga bergan intervyusida odamlar turli gaplarni tarqatayotganini, ammo u bilan Valverde o‘rtasida hech qanday mushtlashuv bo‘lmaganini aytdi. Fransiyalik futbolchining ta’kidlashicha, kiyinish xonasida turli noxush holatlar yuz berishi mumkin, biroq ular o‘rtasidagi vaziyat mushtlashuvgacha yetib bormagan.
«Kiyinish xonasida turli yashirin haqoratlar va shunga o‘xshash holatlar bo‘lib turadi. Ammo men Fede bilan hech qachon jismoniy to‘qnashuvga kirishmaganman. Noxush voqea sodir bo‘ldi, lekin buning barchasi ommaviy axborot vositalaridagi shov-shuvga aylanib ketdi», — dedi Tchuameni.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum yakunida matbuotda Tchuameni va Valverde o‘rtasida mushtlashuv yuz bergani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘sha voqea natijasida urugvaylik futbolchi boshidan jarohat olgani aytilgandi.

Izohlar (0)