
Tennis olamida mojaro. O‘zbekistonlik Denis Istomin nega bosh “aybdor” Jokovichni qo‘llamoqda?
Koronavirus barcha sohalar singari tennisga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Yaqinda jahonning eng mashhur tennischilaridan biri Novak Jokovich tennis mavsumini qayta tiklanishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, sportchilarni koronavirusdan majburiy emlashga qarshi ekanini qat’iy tarzda e’lon qildi.
Uning qarashlari tennis olamida o‘ziga xos shov-shuv ko‘tardi. Ayrim sportchilar va mutaxassislarning kuchli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Virusologlar esa Jokovichni tilga erk bermaslikka chaqirdi.
O‘zbekistonning eng kuchli tennischisi Denis Istomin ham koronavirusning tennisga ta’siri haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Denis Istomin nega Novak Jokovichni qo‘llamoqda?
O‘zbekistonlik raketka ustasining majburiy vaktsinatsiyaga munosabati Novak Jokovichniki bilan bir xil bo‘lib chiqdi.
-Mayli meni ham tanqid qilishsin. Men Novakning fikriga to‘la qo‘shilaman. Vaktsinatsiyani majburiy qilish noto‘g‘ri. Koronavirusga qarshi vaktsinatsiyadan o‘tish masalasida har kim o‘zi qaror qilishi kerak, - deydi Istomin.
Yomoniga tayyor turish kerak
ATR turnirlari qachon qayta tiklanishi bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan hamyurtimiz ayrim muammolarni tilga oldi.
- O‘ylaymanki, keyingi ikki yil juda qiyin bo‘ladi. Albatta, vaziyat o‘nglanishidan umidvormiz, lekin eng yomoniga ham tayyor turish kerak. Chunki dunyo bo‘ylab pandemiya davom etmoqda. Sog‘liq esa hamma narsadan ustun, - dedi o‘zbekistonlik tennischi.
Istominga yoqqan taklif
Dominik Tim va Matteo Berrettini kabi tennischilar badavlat raketka ustalari yordamida maxsus fond tashkil qilib, u orqali reytingi past tennischilarga moddiy yordam berilishi haqidagi taklifini ma’qulladi.
- Bu zo‘r g‘oya. Hozir hammaga, ayniqsa reytingi past tennischilarga juda qiyin. Ular o‘ynay olmayapti va pul topa olmayapti. Ko‘pchilik tennisdan ketishni o‘ylab qoldi. Jamg‘arma masalasi ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Har kim kimga va qanday yordam qilishini o‘zi hal etishi kerak, - dedi Denis Istomin.
Barcha sport musobaqalari kabi pandemiya tufayli to‘xtatib qo‘yilgan tennis musobaqalari kuz oylaridan qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Fikrlar