Termizdagi ilk g‘alabadan keyin "Surxon" futbolchisi jamoadoshlarini bo‘shashmaslikka chaqiryapti

  • 01.11.2020 19:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Surxon” o‘z maydonida “Andijon”ni yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratgan holda ochkolarini 16 ta etkazib oldi. Ahamiyatlisi, “Surxon” ushbu mavsumda o‘z maydonidagi birinchi g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Buxoro” va “Andijon”dan biroz uzoqlashgan termizliklar endi xotirjam bo‘lishlari mumkinmi? Bugungi o‘yindan keyin mezbonlar futbolchisi – Jahongir Mehmonov sports.uz saytiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

- Bugun qiyin o‘yin bo‘ldi. Rostdan olti ochkoli bellashuv edi. Chunki turnir jadvalida qiyin ahvolda qolgandik. Bu Termizdagi birinchi g‘alabamiz bo‘ldi. Muxlislarimizni o‘z maydonimizdagi muvaffaqiyat bilan ham xursand qilishimiz zarur edi.

Bir so‘z bilan aytsam, jamoamizga har tomonlama bugungi g‘alaba juda muhim edi. Shuning uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Ammo “Andijon” ham yaxshi taassurot qoldirdi. Ular bizga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. Muhimi, biz uch ochkoni qo‘lga kiritdik.

To‘g‘ri, yutdik, ammo engil tin olishga vaqtimiz yo‘q. Chunki biz eng yaqin ta’qibchimizdan uch ochkoga ilgariladik xolos. “Andijon”da ham yana imkoniyatlar bor. Biz esa oldinga intilishimiz va g‘alabali o‘yinlarimizni davom ettirishimiz lozim. Bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Ko‘proq ochko yig‘ishimiz kerakligini yaxshi tushunib turibmiz. Endi qolgan to‘rtta o‘yin Toshkentda o‘tadi. Biz esa yana g‘alabalar uchun kurash olib boramiz, - dedi Mehmonov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!