Tezkor: Husanov muxlislariga “Lans”dan xushxabar
Kuchli beshlik chempionatlaridagi ikkinchi vakilimiz – Abduqodir Husanov Fratsiya chempionatidagi debyutini nishonlab ulgurgandi. 19 yoshli futbolchimiz beshinchi turda “Mets”ga qarshi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlab, 72 daqiqa harakat qilgandi.
“Lans” kichik hisobda imkoniyatni boy bergan o‘sha bellashuvda Abduqodir Husanov jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etilgan va muxlisu mutaxassislar e’tiborini yana o‘ziga qaratgan edi. Yosh legionerimiz shu tariqa birinchi sinovdan o‘tib bo‘lgan.
“Lans” faoliyatini yoritib borayotgan https://www.lensois.com saytining xabar berishicha, bosh murabbiy Frank Xeyz “Lill” bilan bo‘ladigan o‘yinda o‘zbek futbolchisini yana ilk daqiqalardan maydonga tushiradi.
Manbaning ta’kidlashicha, Abduqodir Husanov diskvalifikatsiya tufayli jamoaga yordam bera olmaydigan Jonatan Gradit o‘rnini egallaydi.
“Mets”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda asosan chap qanotda to‘p tepgan futbolchimiz bu gal o‘ng taraf himoyasini ta’minlashi talab etiladi.
- Bu vazifa Abuqodirga yanada oson, chunki u o‘naqay futbolchi va uning imkoniyatlari bilan bu pozitsiyada o‘ynash ancha qulay. Biroq Husanov chap tomonda ham o‘ynay olishini isbotlab qo‘ygan. U himoyaning har qanday nuqtasida o‘ynay oladigan universal himoyachi.
Menga Abduqodirning uratini ko‘rsatishganida Fakundo Medinani esga oldim. U ham juda yosh edi. Shunga qaramay, Husanov etuk darajada o‘ynay olishini ko‘rsatdi. Uning til bilmasligi ozgina qiyinchilik tug‘diryapti. Lekin har kuni hamrohlik qiladigan tarjimoni bor. Husanov maydonda ko‘rsatayotgan o‘yin hayratlanarli, - dedi bosh murabbi Frenk Xeyz.
Abduqodir Husanov frantsuz tilida, hatto ingliz tilida ham kerakli so‘zlarni ayta olmaydi. bosh murabbiy ning ta’kidlashicha, bu unga jamoaga moslashishiga xalaqit qilmayotgan ekan.
Futbolchi jamoadoshlari bilan yaqindan muloqot qilsa, ba’zan til bilishning ham keragi bo‘lmay qoladi. Abduqodir himoyachilar ishlatadigan so‘zlarning asosiylarini o‘rganib oldi. Uchrashuvdan oldingi topshiriqlarni tushuntirishda va o‘yin vaqtida tarjimondan foydalanamiz, - dedi Frank Xeyz.
“Lans”ning asosiy darvozaboni va sardori Bris Samba ham Abduqodir Husanov haqida juda iliq fikr bildirdi.
- Biz bir tilda gaplasha olmaymiz. Lekin Abduqodir aqlli yigit va frantsuz tilini o‘rganishga harakat qilyapti. U asosiy gap-so‘zlarni o‘zlashtirib oldi. Bir birimizni tushuntirish uchun futbol tilini qo‘llayapmiz.
Husanov o‘z yoshiga nisbatan etuk futbolchi, uning mahorati meni hayratga soldi. Uning kelajagi porloq, u juda kuchli va to‘p bilan mukammal darajada harakat qiladi. Abduqodirda zamonaviy himoyachiga kerak bo‘lgan hamma narsa etarli, - dedi Bris Samba.
“Lans” va “Lill” o‘rtasidagi uchrashuv 8 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:05 da boshlanadi.
Fikrlar