
Turizm va sport vazirining yangi o‘rinbosarlari rasman vazifasiga kirishdi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 fevraldagi 110-sonli qaroriga ko‘ra, Shaxrillo Sharipovich Maxmudov va Abdullo Ubaydulloevich Aslonov O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlangan edi.
Bugun, 3 fevral kuni vazirlik binosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov yangi o‘rinbosarlarni jamoaga tanishtirdi va ularning faoliyatiga omad tiladi.
Ma’lumot uchun, Shaxrillo Sharipovich Maxmudov 1970 yil 13 sentyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 1992 yilda Buxoro davlat pedagogika institutini “jismoniy tarbiya o‘qituvchisi” yo‘nalishida tamomlagan. 2013 yildan buyon O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Sh.Maxmudov 2002 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, 2016 yilda “Mexnat shuhrati” ordeni hamda 2021 yilda “I darajali Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Abdullo Ubaydulloevich Aslonov 1984 yil 8 iyul kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2014 yilda Samarqand davlat chet tillar instituti magistraturasini tamomlagan.
2020 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi hisoblanadi.
Fikrlar